Ofoqxoʻja maqbarasi - Qashqar (Xitoy)dagi meʼmoriy yodgorlik (1664). Maqbara shaharning shim.shar-qiy qismidagi Qoʻqon qishlogʻida "Shyangpeymu" (Iparxon mozori)da joylashgan. Otasi manjur istilochilariga qarshi chiqqanligi uchun Iparxon (Ofoqxoʻjaning evarasi) aka-ukalari bilan Pekinga olib ketilgan. Rivoyatlarga koʻra, goʻzal, yosh Iparxon begona el xoqoniga itoat qilmay bevaqt vafot etgan. Jasadi Pekindan olib kelinib, Ofoqxoʻja maqbarasiga dafn etilgan.

Maqbara bal. 27 m, goʻrxona (35x27 m) gumbaz tomli, bosh tarzining 4 burchagida 4 minoraguldasta (balandligi 18 m) bor. Peshtogʻi devordan sal oldinga chiqarib qurilgan. Uning 2 yonini ustungoʻshalar bezagan. Ofoqxoʻja maqbarasi devorining qalinligi 1 m, 4 tomoniga darcha ishlangan. Maqbarada 5 avlod vakillaridan 72 kishi dafn qilingan. Ofoqxoʻja va uning buvasi Eshon Kalon, otasi Muhammad Yusuf va boshqa qabrlardagi sagʻanalar bir-biriga yaqin boʻlgan. Sagʻanalar hajmi har xil, unda dafn etilgan kishining martabasi ulugʻligiga qarab joylashtirilgan. Ofoqxoʻja maqbarasi tarkibida darvozaxona, atrofida bogʻ, hovlisida 2 hovuz, Madrasa, katta va kichik masjidlar mavjud. Ofoqxoʻja maqbarasi bir necha bor taʼmirlangan.

Abdulahad Xoʻjayev.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil