Ortiqali Qozoqov (1960.27.10, Pop tumani Sang qishlogʻi)[1] — rang-tasvir ustasi, Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi (1998). 1985-yilda Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini tugatgan. Ortiqali Qozoqov ijodida milliylik va zamonaviylik ruhi hamohang. „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat arbobi“ faxriy unvoni va Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasining „Oltin medali“ (1997) sohibidir.

Ortiqali Qozoqov
Tavalludi 27-oktyabr 1960-yil
Pop
Millati oʻzbek
Sohasi Rassomchilik
Taʼlimi Milliy rassomlik va dizayn instituti
Oqim Natyurmort va peyzaj
Mashhur suratlari „Begʻubor onalik“
„Oʻzbek madonnasi“
„Xayol“
Mukofotlari Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasining „Oltin medali“
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat arbobi

Tarjimayi holi

tahrir

Ortiqali Qozoqov 1960-yil 27-oktabrda Namangan viloyati Pop tumanining Sang qishlogʻida dunyoga kelgan. Uning rassomchilikka qiziqishini harbiy xizmatdan qaytgan amakisi Mamasoli uygʻotgan. Yoshligidan amakisining uy devoriga naqshlar chizishini tomosha qilardi. Maktabda oʻqib yurgan kezlarida „Gulxan“ jurnalida bir qancha rasmlari bosilgan va rassom Chingiz Ahmarovning eʼtirofiga sazovor boʻlgan[2].

Ortiqali Qozoqov harbiy xizmatni Qrimda oʻtagan. Harbiy xizmat davrida Qrimning Sevastopol shahrida harbiy quruvchilar saroyida rasm koʻrgazmasi tashkil etilgan.

Rassom institutda oʻqib yurgan kezlarida „Gulxan“, „Sharq yulduzi“, „Yoshlik“, „Guliston“ kabi jurnallar bilan hamkorlik qilib, rasmlar chizib bergan.

Faoliyati

tahrir

Ortiqali Qozoqov Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida taʼlim beradi. „Madaniyat va maʼrifat“ telekanalida tasviriy sanʼat targʻibotiga qaratilgan „Moʻyqalam moʻjizalari“ koʻrsatuviga mualliflik qiladi. OʻzMTDP Toshkent shahar kengashi aʼzosi.

Uning asarlari Vashington (1991-yil), Moskva (1994-yil), Izmir (1995-yil), Nagano (1999-yil), Lyubek (1997-yil), Saloniki (2013-yil), Kazerta (2014-yil), Bornmut (2012-yil), Inchon (2012-yil) kabi shaharlarda ham keng namoyish qilingan. Rassom yaratgan asarlar xorijiy davlatlar muzeylari, badiiy galereya va xususiy toʻplamlardan oʻrin olgan. „Oʻzbektelefilm“ kinostudiyasi Ortiqali Qozoqov ijodiga bagʻishlab hujjatli film tayyorlagan, Oʻzbekistonda va xorijda asarlaridan iborat kataloglar chop etilgan.

Musavvir ijodida naturmort va peyzaj janri yetakchi oʻrin tutadi. Avangard uslubi ham keng oʻrin olgan. Rassom asarlarida oy, taqinchoq, anor va naqsh timsollari koʻp uchraydi.

2011-yilda Italiyaning Milan shahrida oltmishdan ortiq asardan iborat koʻzgarmada rassom oʻzining „Xayol“ nomli asari bilan qatnashgan. Ertasi kuni „Xayol“ asari koʻrgazmadan oʻgʻirlab ketilgan[3].

Oilasi

tahrir

Ortiqali Qozoqovning turmush oʻrtogʻi Gulinigor taxallusi bilan sheʼrlar yozib turadi. Ikki farzandi, ikki nabirasi bor. Qizi ham otasining izidan ketib rassomlik kasbini tanlagan.

Asarlari

tahrir

„Bizning hovli“ (1983), „Ikki ixtiro“, „41-yil olmalari“ (1985), „Tegirmon“, „Yomgʻirdan soʻng“ (1990), „Oʻzbek madonnasi“, „Bolalik bahori“ (1992), „Sohibjamol momo“, „Ikki dugona“ (1992), „Paxtakor Manzura“, „Sukunat“ (1993), „Kuz neʼmatlari“, „Sevishganlar“ (1993), „Nastarin“, „Sharq kelinchagi“ (1994), „Begʻubor onalik“, „Bibixonim“ (1994), „Ishq sening asiringman“, „Sohibqiron ruhi“ (1996), „Choʻlpon“, „Buyuk ipak yoʻli boʻylab“ (1996), „Sulola“, „Koʻk tuya“ (1997), „Qamchiq dovoni“, „Koʻhna navo“ (2000), „Onalik osmoni“ (2002), „Qadamingga gullar ochilsin“ „Baxt karvoni“ (2003), „Gavharshodbegim“ va boshqa; Qozoqov shuningdek, portretlar („Avtoportret“, 1983; „Saroymulkxonim“. 1996, 2005; „Kamoliddin Behzod“, 1997), natyurmortlar („Natyurmort“, 1995; „Navroʻz natyurmorti“, 1995; „Nastarin“. 1996; „Oq gullar“, 1997; „Limonli natyurmort“, 2003), manzaralar („Angren atrofi“, 2002; „Qamchiq dovonida bahor“, 2004) va boshqa asarlar muallifi hamdir.

Manbalar

tahrir