Paxtakor tumani
Paxtakor tumani — Jizzax viloyati tarkibidagi tuman. 1967-yil 9-yanvarda Mirzachoʻl janubi-gʻarbidagi oʻzlashtirilgan yerlar negizida Sirdaryo viloyati tarkibida tashkil etilgan. 1974-yil Jizzax viloyati tashkil etilishi munosabati bilan ushbu viloyat tarkibiga oʻtkazilgan. Gʻarbda Zafarobod va Arnasoy, shimolida Doʻstlik, sharqda Sirdaryo viloyati, Sharof Rashidov tumanlari va viloyatning Zarbdor, janubida Sharof Rashidov tumanlari bilan che-garadosh. Maydoni 67 ming km². Aholisi 360000 ming kishi (2023). Paxtakor tumanida 2 shahar (Paxtakor, Navroʻz), 13 shaharcha fuqarolari yigʻini (Akmal Ikromov, Mingchinor, Olmazor, Oqbuloq, Paxtakor, Samarqand, Chamanzor) bor. Markazi — Paxtakor shahri. Mahallalar soni - 15 ta: Suvonobod m.f.y., Samarqand m.f.y., Do'stlik m.f.y., Oltinko'l m.f.y., G'alaba m.f.y., Toshkent m.f.y., Dilorom m.f.y., Paxtakor m.f.y., Buyuk Ipak Yo'li m.f.y., Bog'ishamol m.f.y., Mingchinor m.f.y., Chamanzor m.f.y., Olmazor m.f.y., Oqbuloq m.f.y., Nurli Pangat m.f.y.[1]
tuman | |
---|---|
Tarkibida | Jizzax viloyati |
Maʼmuriy markazi | Paxtakor (shahar) |
Yirik shahari | Paxtakor shahar |
Boshqa yirik shaharlari | Paxtakor, Navroʻz shaharlari |
Asos solingan sanasi | 1967 |
Rasmiy tillar | Oʻzbek |
Maydoni | 67 km² km² |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Xaritada | |
40°18′59.8″N 67°57′59.4″E / 40.316611°N 67.966500°E |
Tabiati
tahrirTuman hududi Mirzachoʻlning gʻarbida joylashgan. Relyefi, asosan, tekislik (oʻrtacha balandligi 295 m). Yer osti suvlari yuza va shoʻr hamda shoʻrtob. Tuman hududidan Janubiy Mirzachoʻl Kanali oʻtgan. Oqova shoʻr suvlarni chiqarib yuborish uchun zovurlar qazilgan. Iqlimi keskin kontinental. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 30—35°, eng yuqori temperatura 40°, yanvarniki —4°. Yillik yogʻin 280-300 mm. Vegetatsiya davri 205— 210 kun. Tuproqlari, asosan, boʻz, och boʻz, shoʻrxok tuproqlar. Yovvoyi oʻsimliklardan yantoq, shoʻra, shuvoq, qoʻngʻirbosh, qiyoq, qamish, yulgʻun, oqbosh, gʻumay, pechak, ituzum, tol, jiyda, terak oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, chiyaboʻri, quyon, kala-mush, ilon, kaltakesak; qushlardan oʻrdak, tustovuq, qirgʻovul, kalxat, kaptar, chugʻurchiq, qargʻa, soʻfitoʻrgʻay, mayna va boshqa bor.
Aholisi
tahrirAholisi, asosan, oʻzbeklar (88%), shuningdek, qozoq, rus, ukrain va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 km² ga oʻrtacha 152 kishi toʻgʻri keladi. Shaharliklar 200000 ming kishi, qishloq aholisi 140000ming kishi.
Iqtisodiyoti
tahrirTuman xoʻjaligi, asosan, qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan. Sanoat, transport, aloqa korxonalari bor. Shirkat xoʻjaliklari paxtachilik, gʻallachilik, sabzavotchilik, polizchilik, bogʻdorchilik, chorvachilik bilan shugʻullanadi. Tumanda Oʻzbekiston—Polsha „Oʻzpolteks“ qoʻshma korxonasi, 140 ga yaqin kichik korxona va xususiy firmalar, aksiyadorlik jamiyatlari, 2 paxta tozalash zavodi, qishloq xoʻjaligi texnikasini taʼmirlash korxonasi, Paxtakor shahri bozori mavjud. Qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmoklari — paxtachilik, gʻallachilik. Sugʻoriladigan yerlar 26,5 ming ga dan ziyod, shu jumladan, 12,8 ming ga yerga paxta, 11,1 ming ga yerga gʻalla, 2,6 ming ga yerga boshqa ekinlar ekiladi. 12 shirkat, 965 fermer xoʻjaliklari bor. Tuman shirkat va shaxsiy xoʻjaliklarida 15,2 mingga yaqin qoramol, 11,4 mingdan ziyod qoʻy va echki, 275 yilqi boqiladi . Paxtakor tumanida 20 umumiy taʼlim maktabi (13,2 ming oʻquvchi), shu jumladan, internatmaktab, boks va kurash maktabi, bolalar sport maktabi, litsey, kasb-hunar kolleji, madaniyat va istirohat bogʻi, badiiy havaskorlik, folklor-etnografik ansambllari ishlab turibdi. Markaziy stadion, bolalar sport majmuasi, yopiq suzish havzasi, shahardagi har bir mahallada sport majmualari faoliyat koʻrsatadi. Markaziy kasalxona (280 oʻrin), kattalar va bolalar poliklinikalari, 5 qishloq vrachlik punkti va boshqa tibbiy muassasalar bor.
Paxtakor — Jizzax, Paxtakor — Toshkent, Paxtakor — Guliston, Paxtakor — Samarqand yoʻnalishlari boʻyicha avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.
1969-yildan „Paxtakor“ gazetasi chiqadi (1999-yilda adadi 1 ming)[2].
Manbalar
tahrir- ↑ „Paxtakor Tumani Hokimligi Rasmiy veb sayti“.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |