Sodda organizmlar guruhi (Protozoy) - bir hujayrali koʻplab organizm turlarini oʻz ichiga oladi, ularning bir qismi parazitlik bilan kun kechiradi.

Bir hujayrali sodda organizmlar tanasi sitoplazma, tashqi membrana, yadro, oziqlanish, harakatlanish va ajratish funksiyalarini taʼminlaydigan organellalardan tarkib topgan. Sodda organizmlar psevdopodiyalar – soxta oyoqlar (sarkodalilar), xivchinlar va to ʻlqinsimon membranalar (xivchinlilar), kipriklar (kiprikli infuzoriyalar) hisobiga harakatlanadi.

Sodda organizmlar turli yoʻllar bilan oziqlanadi. Ayrimlari oziq zarralarini hujayra ogʻzi orqali yutsa, boshqalari ularni tanasining xohlagan joyida paydo boʻla oladigan psevdopodiyalari (soxta oyoqlari)orqali yutadi. Bunda oziq boʻlagi sodda organizm sitoplazmasidagi vakuola ichida qoladi va shu yerda hazm boʻladi. Bu jarayonga fagositoz deyiladi. Ayrim sodda organizmlarda oziqlanish butun tana yuzasi orqali soʻrib olish shaklida oʻtadi (pinositoz). Ular organik zarrachalar, mikroorganizmlar va tashqi muhitda erigan oziq moddalar bilan oziqlanadi.

Ayrim turdagi sodda organizmlar sista hosil qilish, yaʼni qattiq qobiq bilan oʻralish qobiliyatiga ega. Hosil boʻlgan sistalar tashqi muhit omillariga chidamlidir. Yaxshi (optimal) muhitga tushgan sodda organizmlar sistadan ozod boʻladi va koʻpaya boshlaydi. Sodda organizmlar jinssiz (koʻndalang, boʻylama va koʻplab boʻlinishlar orqali) va jinsiy yoʻl bilan koʻpayadi. Koʻpchilik parazit sodda organizmlar bir qancha xoʻjayinlarda navbat bilan koʻpayadi. Masalan, bezgak plazmodiysining hayot sikli chivin tanasi va odam organizmida kechadi.

Odam organizmida yashaydigan sodda organizmlar quyidagi sinflarga boʻlinadi: sarkodalilar, kiprikli infuzoriyalar, xivchinlilar va sporalilar.

Kasallikning kelib chiqish sabablari

tahrir

Har bir protozoyning oʻziga xos qoʻzgʻatuvchisi bor. Biroq, ularning hayot kechirishlari va odamlarga yuqish usullari har xil. Barcha protozoylar inson tanasiga bir necha usul bilan kiradi:

  1. Ovqatlanish yoʻli (toksoplazmoz) bilan ifloslangan oziq-ovqat orqali oʻtadi
  2. Jinsiy yoʻl – infeksiyalangan jinsiy sherik orqali (trikomoniaz)
  3. Kasalliklarni tashuvchisi boʻlgan hashorotlar yordamida – bitlar, chivinlar va boshqalar (bezgak)

Bu parazitlar erkak va urgʻochilarga boʻlinmasdan, asosan, boʻlinish yoʻli bilan koʻpayadi. Tanadagi maʼlum bir kontsentratsiyaga erishgandan soʻng, xarakterli klinik koʻrinishlar paydo boʻladi. Immuniteti pasaygan odamlarda, masalan, OIV bilan kasallangan yoki ikkilamchi immunitet tanqisligi boʻlgan odamlarda protozoy tomonidan shikastlangandan keyin kasallikning rivojlanishi ehtimoli koʻproq.

Kasallik belgilari

tahrir

Har bir protozoyning alomatlari har xil, ammo tez-tez uchraydigan holatlardan shularni koʻrsatib oʻtish mumkin:

  • Tana haroratining oshishi
  • Umumiy xolsizlik
  • Bosh ogʻrigʻi
  • Axlatni turli xil aralashmalar bilan (qon, shilimshiq) suyulishi
  • Mushaklar va boʻgʻinlardagi ogʻriq
  • Xushsizlik, komaga qadar
  • Jinsiy aʼzolardan ajralmalar
  • Sariq kasal
  • Oʻng qovurgʻa osti ogʻriqlari
  • Har xil turdagi yoʻtal
  • Qorin boʻshligʻidagi spazmatik, sanchiqli ogʻriqlar
  • Yurak soxasidagi ogʻriqlar

Shuningdek qarang

tahrir
  • Protozoy kasalliklar[1]
  • Protozoy infeksiyalar nima va protozoozlarning turlari qanday boʻladi[2]
  • Protozoy infeksiyalarining oldini olish osonroq[3]
  • Protozoy infeksiyalar nima?[4]
  • Protozlar – parazit kasalliklar[5]
  • Protozoy kasalliklari[6]
  • Protoozlar va kasallik[7]
  • Preparatlarni qayta ishlatish va odam parazitar protozoa kasalliklari[8]
  • Protozoa va protozoa kasalliklari[9]
  • Bakteriya va infeksiyalar[10]

Manbalar

tahrir