Raboti Malik

Qoraxoniylar davrida qurilgan karvonsaroy

Raboti Malik, Shoh raboti (Rabat-i Mâlik; arabcha: رباط ملك [ribāṭ malik]; „Shoh qoʻrgʻoni“) — Oʻrta Osiyodagi qoraxoniylar turkiy sulolasi vakili Shamsulmulk tomonidan qurdirilgan karvonsaroy. Taxminan 10691079-yillarda qurilgan[1]. Ushbu inshoot Raboti Malik ansambli tarkibidagi saqlanib qolgan ikki tarixiy obidadan biridir. U joylashgan hudud eskidan Malikchoʻl (Choʻli Malik) deb ataladi.

Raboti Malik karvonsaroyi
arabcha: رباط ملك

Raboti Malik karvonsaroyining 1925-yilgi holati

Raboti Malik karvonsaroyining 2012-yilgi holati
Umumiy maʼlumot
Maqomi Tarixiy obida
Turi karvonsaroy, istehkom, qoʻrgʻon
Manzili Karmana tumani
Mamlakat Oʻzbekiston
Koordinatalar 40°07′24″N 65°08′54″E / 40.12323210460077°N 65.1482488410803°E / 40.12323210460077; 65.1482488410803 G OKoordinatalari: 40°07′24″N 65°08′54″E / 40.12323210460077°N 65.1482488410803°E / 40.12323210460077; 65.1482488410803 G O
Qurilishi boshlangan tm.1069—1079
Egasi Davlat mulki
Texnik holati
Material pishgan gʻisht, xom gʻisht
Map
Raboti Malik karvonsaroyi xaritada
Raboti Malik Vikiomborda
Tashqi tasvir
Raboti Malikning 1925-yildagi holati
Raboti Malikning 1925—1926-yillardagi holati
Raboti Malik chap tomon devorining 1928-yilgi holati
Raboti Malikning 1928-yildagi holati
Raboti Malikning 1930—1950-yillardagi holati
Raboti Malikning 1965—1970-yillardagi holati
Raboti Malikning 1988-yildagi holati

Qadimiy BuxoroSamarqand yoʻlining Choʻli Malikdagi yirik chegara va savdo bekatida qurilgan, hozirgi Karmana shaharchasi va Navoiy shahri yaqinida, Karmana tumanida. Bizgacha uning faqat peshtoq qismi (diametri — 12,6 m.) saqlangan. Janubiy minorasi 1950-yilgacha[2] mavjud boʻlgan.

Raboti Malik tarixda karvonsaroy vazifasidan tashqari, istehkom, qoʻrgʻon va savdo-sotiq markazi sifatida ham muhim oʻrin tutgan. Karmana va Tavois shaharlari oʻrtasidagi savdo yoʻlida joylashgan[3]. Bugungi kunda Raboti Malik xarobasi davlat muhofazasiga olingan.

Tarixi tahrir

Buxorolik tarixchi Hofiz Tanish Buxoriy Raboti Malikni qoraxoniylar sulolasidan boʻlgan Shamsulmulk qurdirgani haqida yozadi[4].

Choʻl oʻrtasida karvonsaroy barpo etish ishlari XI asrda amalga oshiriladi. Karvonsaroy XII asrda qayta taʼmirlanadi va XVIII asr boshlariga qadar faoliyat yuritadi[5]. Boshqa bir manbaga koʻra, 1973—1977-yilgi arxeologik qazishmalar inshootning oʻziga xos va murakkab qurilish tarixi haqida maʼlumotlar olish imkonini bergan boʻlib, inshoot XI yoki XII asrlarda qayta qurilgan va ayni shu vaqtda inshoot ichida katta gumbazli zal qurilgan[2].

Arxitekturasi tahrir

Qurilgan paytida Raboti Malik karvonsaroyi ikki qator (tashqari va ichkari) istehkom devorlari bilan oʻralgan[6]. Karvonsaroy, qasr va ibodatxonalarni ikki qator devor bilan oʻrab olish anʼanasi Oʻrta Osiyo meʼmorchiligida bronza asridan beri saqlanib keladi[7]. Inshootlarni asosan himoya maqsadida bunday ikki qatorli devor bilan oʻrab olishgan, undan tashqari bu xoʻjalik ishlarida foydalaniladigan maydonni kengaytirish imkonini ham bergan. Tarixchilar devorlar oraligʻidagi maydonda chorva yoki chorva uchun yem-xashak saqlanganini taxmin qilishadi[8].

Karvonsaroyining ichki devorlari 84—86 m li kvadrat shaklida tiklangan boʻlib, uning toʻrt tomon burchaklarida aylana shakldagi minoralar boʻlgan (Boris Zasipkinning izlanishlari asosida). Zasipkin oʻrganishlari davrigacha bu minoralardan faqat janubi-gʻarbiy burchakdagisi saqlangan boʻlgan, qolgan uchtasining bilinar-bilinmas izi qolgan[9].

Binoning asosiy fasadi janubga qaragan. Fasadning markazida ulkan peshtoq mavjud, bu, saqlanib qolganlari orasida oʻrta asr meʼmorchiligiga oid eng qadimiy peshtoq hisoblanadi[9][10].

Devorlarning ichki qismi 28x28x6,4 sm oʻlchamli xom gʻishtdan, ustki qismi 24x24x4 sm li pishgan gʻishtdan terilgan[9][10]. 1947-yilgacha saqlanib qolgan qismlar asosida xulosa qilinsa, butunicha peshtoq va burchakdagi minoraning tepa qismi toʻliq pishiq gʻishtdan terilgan. Minoraning asosi xom gʻishtdan tiklangan[9].

Rabot katta keng hovli (22,5x22,5 m) va atrofi oʻralgan 2 qavatli xona-hujralardan iborat boʻlib, ularga sopol quvurlar orqali suv oʻtkazilgan. Markaziy qismi toʻridagi muhtasham saroy oldi bir qatorli ravoqli ayvon (7,5x13 m) 2 qanotiga joylashgan. 20 ta gʻishtin ustun ishlangan[10].

Ichki qoʻrgʻon atrofi qalin devorlar bilan oʻralgan (janubiy va shimoliy balandligi 2,35 m, gʻarbiy va sharqiy qismi 1,5 m, uzunligi 84–86 m, old devor balandligi 12 m ga yaqin). Maydonga qaragan janubiy tarzi oʻrtasidagi ulkan peshtoq (boʻyi 18 m, eni 12 m) 8 qirrali yulduzlar, turli handasiy shakllar mavjud. 2 chekkasida burj boʻlib, ular oʻzaro baland devor bilan ulangan. Devor oʻrtasida piltavor burjlar qatori tepasi kichrayuvchi ravoqlar bilan bogʻlangan. Devor yuqorisi gʻishtin kufiy xatlar bilan hoshiyalangan. Burjlar tepasida ravoqli koʻshk boʻlib, undan atrofni kuzatish qulay boʻlgan. Koʻshk ostida ganchdan yasalgan ikki qator yirik sharafa va kufiy xat halqasi koʻzga tashlanadi. Bezaklari asosan gʻishtin, oz miqdorda oʻyma ganch naqshlar ham uchraydi[10].

Raboti Malik devorlarining toʻrt burchagida har biri 18 m boʻlgan 4 ta minora boʻlgan. Bu minoralar „guldasta“ deb atalgan[11].

Bosh fasadi tahrir

Raboti Malikning eng diqqatga sazovor qismi asosiy kirish darvozasi joylashgan janubiy fasadidir. Fasadning frontal kompozitsiyasi klassik uch qismli simmetriya asosida ishlangan. Asosiy oʻqda joylashgan kirish qismi (balandligi 18–19 m) kompozitsiyaning markazi hisoblanadi. Kirish qismining ikki tomonida balandligi 12 m ga yaqin boʻlgan gofrasimon bezakli devorlar joylashgan. Oʻz navbatida ular „guldasta“ deb nom olgan minoralarga ulangan (balandligi taxminan 23 m boʻlgan). Bugungi kungacha devorlar va minoralar saqlanmagan. Ikki chetda joylashgan minoralar kompozitsiya tomonlarining mutanosibligini saqlagan[8]. Janubiy fasadning eng diqqatni tortadigan jihati uning gofrali yuzasi hisoblanadi. Gofralar yuqori qismi arkalar bilan tugallangan oltita yarim kolonna va ikki juft chorak kolonna koʻrinishida boʻlgan. Bu bezaklar obidaga oʻziga xos masshtab, ritm va soya–yorugʻ effektini bergan[8]. Arxitekturada bunday dekorativ uslub ilk bronza davridan maʼlum boʻlib, oʻrta asrlarda butun Markaziy Osiyo boʻylab tarqalgan. Eronda sosoniylar davri arxitekturasida va Shimoliy Xuroson, Soʻgʻd hamda Xorazmning ilk oʻrta asr meʼmorchiligida uchraydi[12].

Karvonsaroyning shimoliy, sharqiy va gʻarbiy fasadlari janubiy fasad kabi bezakdor boʻlmagani taxmin qilinadi[8].

Kirish qismi tahrir

 
Raboti Malik karvonsaroyining kirish eshigi
 
 
Raboti Malik peshtoqi yon tomonidagi bezaklari (chapda) va uning chizmasi (oʻngda). Chizma XX asrning 20-yillarida olingan tasvir asosida chizilgan[13]

Janubiy fasadning oʻrtasida ulugʻvor kirish qismi joylashgan. Uning kengligi 12 m, balandligi 18–19 m ni tashkil etadi. Kirish qismi anʼanaviy „П“simon qolipda qurilgan[14].

Raboti Malik kirish qismi peshtoqining koʻrinishi Movarounnahrda oʻrta asrda shakllangan uslubda qurilgan boʻlib, uning tepa va yon tomonlari (pilonlar) alohida diqqatga molik. Ular chuqur relyefli oʻyma terrakota va oʻyma ganch hamohangligida ishlangan. Peshtoq qolipi perimetri boʻylab ikki qavatli yirik keramik ornamentlar oʻrin olgan. Bu ornamentlar chuqur relyefli boʻlib, ular sakkiz qirrali yulduz va yarim xoch shaklida ishlangan. Bunday ornamental uslub XI—XII asrlarda Oʻrta Osiyoda juda keng qoʻllanilgan[14].

Boʻrtma sakkiz qirrali yulduzlar va yarim xoch shakllarning ichki qismi oʻsimliksimon ganchkor naqshlar bilan bezatilgan[14].

Peshtoq ayvonining yuqori qismida kichik arka ham boʻlgan, bu arka XX asrning 40-yillarida yoʻqolib ketgan[14].

Yarim gumbaz shaklidagi peshtoq ayvonida uch qator konsol-katakli yelkansimon shokilalar boʻlgan. Ulardan pastroqda islimiy uslubiga oʻxshash uslubda oʻyma ganchdan ishlangan naqshli kichikroq pannolar boʻlgan. Undagi naqshlar mahalliy minerallardan olinadigan boʻyoqlar vositasida sariq, koʻk va jigarrang ranglarga boʻyalgan. Peshtoqning yon tomonidagi naqshlar faqat sariq rangga boʻyalgan. Oʻymakor uslubda ishlangan ganchni boʻyash islomdan avvalgi davrlarga xos boʻlib, Varaxsha, Panjikent tarixiy obidalarida shu uslubdan foydalanilgan. IX—X asrlarda (Somoniylar davrida) saroylar va boy xonadonlarni shu uslubda bezatish ommalashgan. Bu uslub haroratning keskin isishi va sovushiga chidamli boʻlmagani bois undan asosan binolarning ichki qismini bezatishda foydalanishgan. Ammo Raboti Malik va 1115-yilda qurilgan Qoraxoniylarning Oʻzgandagi maqbaralarida bu uslubdan binoning tashqi qismini bezatishda foydalanilgan[15].

Peshtoqda fors tilida, kufiy yozuvida quyidagi soʻzlar bitilgan:

Bu maskanni obod qilgan olam sultoni xalqqa gʻamxoʻr edi... (boʻshliq) ...[bu] saroy tangri inoyati ila... (boʻshliq) ...obod joy... (boʻshliq) ...qolgay... (boʻshliq) ...bu oʻlik maskan jannatmakon boʻldi... (boʻshliq) ...ustun va ayvonlarga...

Minoralar tahrir

 
Raboti Malik minorasining yuqori qismi
 
Raboti Malikning janubi-gʻarbiy minorasi. 1925-yilgi holati

Raboti Malik fasadining toʻrttala burchagida „guldasta“ minoralar qad koʻtargan. XX asrgacha saqlangan janubi-gʻarbiy minoraning balandligi deyarli 23 m ga, poydevor diametri 5,5 m ga teng boʻlgan. Uning bel qismi biroz botiq holda qurilgan boʻlib (entazis), ichki qismida aylanma zina boʻlgan. Tepa qismida arka derazasimon, har tomoni ochiq kuzatuv joyi boʻlgan. Kuzatuv joyining ostki qismi tashqi tomondan gʻishtdan terilgan stalaktitsimon shakllar va kufiy uslubida yozilgan matn bilan bezatilgan. Arxitektura tarixida ilk marta bu matnni Ivan Umnyakovning iltimosiga koʻra sharqshunos Aleksandr Shmidt oʻrgangan. Unda Qurʼon oyatlaridan namunalar yozilgani aniqlangan[16].

Tarixchi Nina Nemsevaning fikrlariga koʻra, minoralardan faqatgina kuzatuv maqsadida foydalanilgan va hech qachon ulardan namozga chaqirilmagan. Obida oʻrtasidagi chogʻroq masjid karvonsaroyga keluvchi kam sonli mehmonlarga xizmat qilgan va choʻl oʻrtasida namozga chaqirishga hech qanday hojat boʻlmagan[16].

Majmua tahrir

 
Raboti Malik sardobasi

Raboti Malik karvonsaroyi va unga tegishli boʻlgan suv saqlovchi inshoot (sardoba) birgalikda Raboti Malik majmuasini tashkil etadi. 1950-yillar Navoiy shahri qurilishi bahonasida Buxoro va Karmana shaharlarini bogʻlovchi avtomobil yoʻlini qurish maqsadida Raboti Malik majmuasi oʻrtasida joylashgan osori-atiqalarga boy hudud ekskavatorlar bilan surib, tekislab tashlangan va asfalt yoʻl oʻtkazilgan[17].

Oʻrganilish tarixi tahrir

Karvonsaroy xarobasi arxeologlar orasida juda mashhur. Uning qadimiyligi, bezakdorligi va binoning oʻziga xos shakllari, kompozitsion jihatidan mutanosibligi koʻpdan beri izlanuvchilarni oʻziga jalb qilib keladi[18].

Taniqli sharqshunos Vasiliy Bartold xarobani oʻrganib, u 1078—79-yillarda qurilgan Raboti Malik karvonsaroyiga tegishli ekanini taxmin qilgan. Shundan beri ushbu xaroba Raboti Malik deb ataladi[2].

 
1841-yilda Aleksandr Leman tomonidan chizilgan Raboti Malik va uning yaqinidagi binolar tasviri (Raboti Malik karvonsaroyining ilk tasviri)

1841–42-yillarda Raboti Malikni Butenev va Bogoslovskiy boshchiligidagi togʻ-kon injenerlari ekspeditsiyasi oʻrgangan. Bu inshootga bagʻishlangan ilk ilmiy kitoblar yozilishi ham oʻsha yillardan boshlangan. Bino haqidagi birinchi va nisbatan toʻliq tavsif ekspeditsiya ishtirokchisi, naturalist Aleksandr Leman tomonidan yozilgan[18]. Leman, shuningdek, eskiz holida bino koʻrinishini ham chizadi. Unda janubiy fasad nisbatan yaxshi holda saqlangani, bu fasad peshtoqli kirish qismiga ega boʻlgan tashqi devor bilan oʻralganini koʻrish mumkin[2]. Ekspeditsiyaning boshqa bir aʼzosi — orientalist Nikolay Xanikov binoga qisqacha tavsif berish bilan chegaralangan[18].

Keyinchalik Raboti Malikni Skayler, Vamberi, Sitnyakovskiy, Mayev va Yereschenkolar oʻrganishgan lekin ular qoʻrgʻon haqida Aleksandr Lemanchalik keng koʻlamli maʼlumot qoldirishmagan[18].

 
Raboti Malik karvonsaroyining 1935-yilgacha olingan tasviri

Sovet ittifoqi davrida Raboti Malik har tomonlama oʻrganildi. Bu davr tadqiqotlaridan Ivan Umnyakov va Boris Zasipkinning ishlari juda qimmatli hisoblanadi. Umnyakovning tadqiqotlarida Raboti Malik haqida bir qator tarixiy maʼlumotlar keltiriladi va qoraxoniylar davri arxitekturasini oʻrganishda yuzaga kelayotgan madaniy-tarixiy muammolar sanab oʻtiladi. Zasipkinning Raboti Malikni meʼmoriy-arxeologik jihatdan oʻrganish masalalariga bagʻishlangan tadqiqotlarida esa inshootning umumiy manzarasi va uning qurilishidagi asosiy bosqichlar haqida juda qiziq xulosalar chiqarish mumkin boʻlgan keng qamrovli maʼlumotlar keltiriladi[18].

Bu ikki olimning ishlari keyinchalik bir qator boshqa ilmiy oʻrganishlar uchun asos boʻldi: xususan, Boris Denike, Boris Veymarnning ilmiy tadqiqotlari va professor L. Voronin, V. Voronina, T. Stramsova, Nosovning meʼmoriy oʻrganishlari shular jumlasidandir[18].

XX asrning ikkinchi yarmida oʻtkazilgan arxeologik oʻrganishlar vaqtida Raboti Malikning ichki infrastrukturasi va tarh kompozitsiyasi haqidagi ilk maʼlumotlar olingan[17]. Oʻz davrida injener Krasilnikov tomonidan qilingan oʻlchovlar Zasipkinga proportsiyalarni va masshtab mutanosibliklarini olishga imkon berdi. Zasipkin oʻlchovlariga koʻra peshtoqning eni 12,03 m, boʻyi 12 m. Poydevori 2,80 m (madaniy qatlamlarni hisobga olganda 3 m), karnizning saqlanib qolgan qismi 0,48 m. Peshtoqning umumiy balandligi 18 m boʻlganligi taxmin qilinadi. Kirish arkasining kengligi 5,73 m, qalinligi 1,43 m, devorlarning balandligi taxminan 12 m boʻlgan[19].

Ancha vaqtgacha karvonsaroyning qurilgan yili Bartold aytganidek 1078—79-yillar, deb hisoblanib kelgan. Lekin 1951-yilda A. Semyonov Bartold tomonidan topilgan dalillar XI asrda Samarqand yaqinida qurilgan boshqa bir karvonsaroyga oid ekanini isbotladi. Shu bilan Raboti Malik deb ataluvchi karvonsaroyning qurilgan vaqti masalasi yana ochiq qoldi[2].

Raboti Malik hududida 1937—1940, 1973—1977[11], 1997, 1999, 2001-yillarda arxeologik izlanishlar olib borilgan. Izlanishlar natijasida Raboti Malikning tarhi, qurilish davri, ichki qismlarining badiiy bezatilishi, koʻplab osori-atiqalar (keramika, metall va suyakdan yasalgan buyumlar, turli qiymatdagi va turli yillarda zarb qilingan tangalar) topilgan. Yer ostidan tashqi oʻlchamlari 91x91 m li kvadrat shakldagi, saroy tipida qurilgan koʻp hovlili ikki aniq boʻlakka boʻlingan qalʼa qoldiqlari qazib chiqarilgan. Boʻlaklarning janubiy qismida xoʻjalik xonalari va shimoliy qismi esa naqshlar bilan bezatilgan boʻlib, unda yashash xonalari joylashgan[17]. Karvonsaroy ichiga sopol quvurlar orqali suv oʻtkazilgan, bu suv Sardobadan tortib kelinganligi taxmin qilinadi[11].

Buzilib borishi tahrir

 
Raboti Malik devorlari. 1925-yilgi surat. Hozirda saqlanmagan.

XIX asr oxiri, XX asrlarda Raboti Malik xarobalari buzilib borishda davom etdi. 1875-yilda janubiy fasadning ikki minorasidan biri qulab, faqat gʻarbiy minora qolgan. 1911-yilgi oʻrganishlarda aniqlanishicha gumbazli markaziy zal buzilib ketgan boʻlgan. 1924-yilda janubiy fasadning oʻng qanoti qulab ketgan[2].

XX asrning 50-yillarida Raboti Malik karvonsaroyi va sardobasi joylashdan joyning orasi buldozer bilan surilib, tekislanib, asfalt qoplamali yoʻl (M-37) oʻtkazilgan, hududning madaniy qatlami yoʻqotilgan. Yoʻl oʻtkazilganidan soʻng janubiy devorning pishgan gʻishtlari mahalliy aholi vakillari tomonidan tashib ketilgan[20].

1950-yil nomaʼlum mahalliy amaldor chap tomondagi devorlarni va soʻnggi — gʻarbiy minorani ham yiqittirgan. Katta bir bino xarobasidan hozirda faqatgina peshtoq qismi saqlanib qolgan[2].

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Toshkent, 2000-yil
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 Хмельницкий 1992, s. 187.
  3. Qalandarov 2018, s. 72.
  4. Хафиз-и Таныш Бухари 1989, s. 232.
  5. Немцева 2009, s. 7—8.
  6. Немцева 2009, s. 9.
  7. Немцева 2009, s. 9—10.
  8. 8,0 8,1 8,2 8,3 Немцева 2009, s. 10.
  9. 9,0 9,1 9,2 9,3 Нильсен 1956, s. 46.
  10. 10,0 10,1 10,2 10,3 Hotamov, Halilov 1995, s. 14.
  11. 11,0 11,1 11,2 Hotamov, Halilov 1995, s. 15.
  12. Немцева 2009, s. 10—11.
  13. Немцева 2009, s. 121.
  14. 14,0 14,1 14,2 14,3 Немцева 2009, s. 12.
  15. Немцева 2009, s. 13.
  16. 16,0 16,1 Немцева 2009, s. 11.
  17. 17,0 17,1 17,2 Немцева 2009, s. 7.
  18. 18,0 18,1 18,2 18,3 18,4 18,5 Нильсен 1956, s. 44.
  19. Нильсен 1956, s. 48.
  20. Немцева 2009, s. 40.

Adabiyotlar tahrir

Qoʻlyozmalar tahrir

  • Хафиз-и Таныш ибн Мир Мухаммад Бухари „2“,. Шараф-нама-йи шахи (Книга шахской славы). Москва: Наука. Главная редакция восточной литературы., 1989 — 560 bet. ISBN 5-02-016566-2. 

Ilmiy adabiyotlar tahrir

  • Hotamov A., Halilov Sh.. Yillar sadosi. Toshkent: Adolat, 1995 — 72 bet. 
  • Qalandarov Anvar. Buxoro xonligi va unda karmanalik shayxlar faoliyati (monografiya). Toshkent: Tafakkur qanoti, 2018 — 203 bet. 
  • Немцева Н. Б.. Рабат-и Малик, XI — начало XVIII вв. (археологические исследования). Document de travail de l’IFEAC. №33, février 2009. Ташкент: Institut Français d’Études sur l’Asie Centrale, 2009 — 136 bet. 
  • Нильсен В. А.. Монументальная архитектура Бухарского оазиса XI—XII вв. К вопросу о возникновении средневековой архитектуры в Средней Азии. Ташкент: Издательство Академии наук Узбекской ССР, 1956 — 158 bet. 
  • Хмельницкий С.. Между арабами и тюрками. Архитектура Средней Азии IX — X вв.. Берлин—Рига: Continent Ltd., 1992 — 346 bet.