Aktivatsion tahlil
Aktivatsion tahlil, radioaktivatsion tahlil — moddaning sifati va miqdoriy tarkibini aniqlash usuli. 1936-yilda D. Xeveshi va G. Levi taklif etgan. Neytronlar, zaryadlangan zarrachalar (protonlar va boshqalar) yoki kvantlar oqimi taʼsirida hosil boʻlgan nuklidlarning radioaktiv nurlanishini tadqiq qilishga asoslangan. Oʻzbekistonda aktivatsion tahlil boʻyicha tadqiqotlar 1960-yilda Ye. M. Lobanov tomonidan boshlangan va uning rivojiga A. A. Kist, V. A. Moʻminov, A. G. Gʻaniyevlar katta hissa qoʻshishgan. Intensivligi −1013 sm 2-s2 boʻlgan neytronlar oqimidan foydalanilganda koʻpgina elementlarni 10’5-10"10 aniqlik bilan sezish mumkin. Aktivatsion tahlil uchun yuqori energiyali elektronlarni tormozlaganda chiqadigan katta intensivli (10y-10ls kvantGʻs) nurlanishdan foydalaniladi. Bu usul bilan davriy sistemaning barcha elementlarini aniqlash mumkin va undagi sezgirlikning chegaraviy qiymati −10-10% ga yetadi. Olingan spektrlarni tahlil qilish va natijalarga ishlov berish uchun koʻp kanalli analizatorlar va E.M qoʻllanadi, bu esa jarayonni avtomatlashtirish imkonini beradi. Aktivatsion tahlilning asosiy ustunliklaridan biri turli obyektlardagi elementlarning juda oz miqdorini aniqlay olish va koʻplab namunalarni tez tahlil qila bilish imkonidir. Aktivatsion tahlil oʻta toza materiallardagi kirishmalarni, biologik obyektlardagi mikroelementlarni aniqlashda, arxeologiya, geologiya, tibbiyot, kriminalistika va boshqa sohalarda qoʻllanadi[1].
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |