Sarimsoq
Sarimsoq (Allium sativum) — piyozdoshlar oilasi piyozlar turkumiga mansub ikki va koʻp yillik oʻtsimon oʻsimliklar turi, sabzavot ekini. Vatani — Oʻrta Osiyo. Yovvoyi xrlda Hindiston, Oʻrta dengiz atroflarida, Qozogʻiston, Sibir, Kavkaz va Oʻrta Osiyoda uchraydi. Oʻzbekistonda yovvoyi S. (A. longicuspis Pgl.) togʻli mintaqalarda oʻsadi. Jahondagi deyarli barcha mamlakatlarda yetishtiriladi. Madaniy S.ning 2 turi mavjud boʻlib, biri gulpoya chiqarmaydi, ikkinchisi gullab, urugʻ hosil qiladi. S.ning Oʻzbekistonda tarqalgan gulpoya chiqaruvchi navlari serhosil, qishga chidamli. Bargi lentasimon, ildizi patak. Gullari mayda, ikki jinsli, qoʻngʻiroqsimon, oq yoki binafsharang. Piyozi murakkab, pardasimon umumiy qobiq ichida 7— 30 dona mayda piyozchalari boʻladi. Tarkibida qand, S, V vitaminlari, efir moyi, fitonsidlar bor. Oziqovqatga, tibbiyotda, veterinariyada, sabzavotlarni konservalashda ishlatiladi.

S. boshqa sabzavotlarga nisbatan tez oʻsadi. —7, —8° sovuqqa chidamli, 10— 12° issikda yaxshi oʻsib rivojlanadi, 20—25° da pishib, yetiladi. S. ikki marta — bahorda va, asosan, kuzda ekiladi. Kuzda ekilganidan kelgusi yili bahorda hosil olinadi. Madaniy S urugʻ bermaydi, balki piyozidan tashqari gulpoyasi toʻpgulida 10 dan 45 tagacha poya sarimsoqchalari hosil qiladi. S. vegetativ yoʻl bilan, kuzda va bahorda piyozini boʻlaklarga ajratib ekib koʻpaytiriladi. 100 m² yerga shunday piyozchalardan 10–15 kg sarf qilinadi. Sugʻoriladigan unumdor yerlarga qator oralarini 45 sm, oʻsimlik oraligʻini 4—8 sm qilib, 4—6 sm chuqurlikka koʻmiladi. Ekib boʻlingach, tuproq, somonli goʻng, chirindi bilan mulchalanadi. Oʻsuv davrida 5—6 marta sugʻoriladi, oziklantiriladi, parvarishi piyozga oʻxshash. Bahorda oʻsib chiqqan gulpoya (karnay) lari yulib tashlanadi. Oʻzbekistonda ertapishar (Mayskiy) navi may oyining oxirlarida, kechpishar (Binafsharang, Janubiy binafsharang, Andijon) navlari iyul boshlarida yetiladi. Hosildorligi 50—150 s/ga.
Kasalliklari: vilt, asosiy zararkunandasi — poya nematodasi.[1]
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
Sarimsoqni yig'ish. | ru:Tacuinum sanitatis, XV asr (Fransiya Milliy kutubxonasi) kitobining tasvirlari | 'Qora sarimsoq' Yaponiyada va Koreyada mashhur bo'lgan taomdir. | Zaytun yog'idagi sarimsoq - ispan oshxonasining taomi. |
Manbalar Tahrirlash
Manbalar Tahrirlash
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |