Shayx Xovandi Tohur
Shayx Xovandi Tohur (Tahur), Shayxontohur (XIII asr oxiri, hozirgi Boʻstonliq tumani Bogʻiston qishlog'i — 1355, Toshkent) — shayx.
Shayx Umar Bogʻistoniyning oʻgʻli. Rivoyat etilishicha, Umar Bogʻistoniy befarzand boʻlib, kunlarning birida oʻz zavjai muhtaramasi bilan Shayx Zayniddin maqbarasiga kelib Allohdan farzand ato etishni iltijo qilishadi. Koʻp oʻtmay farzand koʻrishib, Shayx Umar farzandini Shayx Zayniddin mozorlariga olib boradilar. U yerda kabutarlar chaqaloqni koʻrib "at-tahur, at-tahur" deb sayray boshlashadi. Shayx Umar buni tugʻilgan oʻgʻliga bashorat deb biladi va unga Xovandi Tohur (pok shayx) deb nom qoʻyadi.
Shayx Xovandi at-Tahur ilohiyotga va tariqatga doir ilk saboqni otasidan olgan. Uning onalari tomonidan bobolari mavlono Tojiddin Dargʻamiy "Rashahot aynil-hayot" ("Hayot buloqlaridan oqqan tomchilar") nomli asarda yozishicha, Shayx Xovandi at-Tahur ilohiyot va tasavvuf ilmining yirik namoyandalaridan biri, yetuk mutasavviflardan boʻlgan. U yassaviylik tariqati namoyandalaridan tariqat yoʻlini oʻrganadi hamda ilmi zohiriy va ilmi botiniy sir asrorlaridan voqif boʻladi, karomatli shayxlar orasida yuksak maqomga erishadi. Xovandi at-Tahur ismi "nihoyatda pok xodim" maʼnosini anglatadi. Yakka xudolik haqidagi taʼlimotni, tasavvufga oid iboralarni sharhlab bergan, shuningdek, sheʼriyat bilan shugʻullangan.[1][2][3]
Sheʼriy merosi
tahrir- "Risola dar masoyi shariat va tariqat" ("Shariat va tariqat masalalari haqidagi risola")
- "Risolai dah shart" ("Oʻnta shart haqidagi risola")
- "Risola dar arkoni islom" ("Islom arkonlari haqida risola")
- "Risola dar odobi tariqat" ("Tariqat odobi haqida risola")
Ularda islom arkonlari, insonning poklanish va kamolga yetishi, shariat va tariqatning oʻzaro munosabatlari, inson komillik darajasiga yetkazish masalalari bayon qilingan.
Sh.X.T.ning Dovud ismli oʻgʻli boʻlib, u ham shayx sifatida mashhur edi. SH.X.T. dafn etilgan joy ziyoratgoh hisoblanadi. Uning mozori atrofida boshqa sagʻana va qabrlar paydo boʻlib, Toshkentning katta va muqaddas qabristoniga aylangan. Xoja Ahror qabr ustiga maqbara qurdiradi. Zotan uning volidai muhtaramasi shayx Dovudning qizi boʻlgan. Xoja Ahror qurdirgan inshoot zamonlar oʻtishi bilan nurab, bizgacha yetib kelmagan. Hozirgi maqbara esa avvalgisining loyihasi va koʻrinishini saqlagan holda qayta tiklangan (yana qarang Shayx Xovandi Tohur majmuasi). Toshkent shahridagi tumanlardan biri Sh.X.T. nomi bilan ataladi.
Manbalar
tahrir- ↑ Faxruddin Ali Safiy. Shayx Umar Bogʻistoniy//Rashahotu aynil-hayot. - T.: «Abu Ali ibn Sino», 2004. - B.270-272.
- ↑ Mahmud Hasaniy, Karomat Qilicheva. Shayx Xovandi Tahur. - T.:2004.
- ↑ Islomov Z., Maqsudov D. Shayx Xovandi Tahur yodgorlik majmuasi. - T.: «Toshkent islom universiteti», 2005
Havolalar
tahrir- N.Muhamedov. Islomshunoslik qomusiy lugʻat 281 bet, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Toshent islom universiteti Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi. -T.: «Movarounnahr». 2014
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |