Shirinbeka ogʻo maqbarasi - Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik (14-asr oxiri); Shohizinda tarkibida.

Amir Temurning singlisi Shirinbeka ogʻoga atab qurilgan. Maqbara ravogʻi ichidagi arabiy bitikda muhim tarixiy hujjat saqlangan (tarjimasi): "Bu qabr malikai muazzama, mukarrama Shirinbeka ogʻo Taragʻay (bek) qiziniki. Ravzasini Alloh nurli etsin. Sana 787" (mil. 1385/6). Maqbara peshtoqgumbazli, bir xonali (ziyoratxona, 6,2x6,2 m), xona toʻrida daxma bor. Ziyoratxona tagida kichikroq sardobagoʻrxona joylashgan. Maqbaraning bosh tarzi serhasham koshinkori bezatilgan, turli naqsh va yozuvlar qoldigʻi saqlangan (qolgan tarzlari bezaksiz). 4 mehrobiy ravoq ustiga gumbaz bogʻlangan; gumbazning naqshlari sopol koshin va gʻishtchalardan terilgan, ranglar uygʻunlashib, juda nafis va serhasham koʻrinadi. Ichki devorlariga tilla halli islimiy naqshlar, qushchalar, manzaralar tasviri ishlangan. Kesma koshin ishlatilgan dastlabki yetuk inshoot boʻlgan Shirinbeka ogʻo maqbarasim. shaklu shamoyili, bezaklari jihatidan 14-asr 90-yillarida erishilgan meʼmoriy yuksalishning mukammal namunasi sifatida qadrlidir.

Bu ulugʻvor bino Temurning singlisi Shirinbeka og'aga atab qurilgan boʻlib, uning ravoqida marhumaning vafot yili 1385-yil (787 x.) koʻrsatilgan. Undagi bezak san’at uslubi jihatidan boshqa maqbaralardan farq qiladi, uning peshtoq qismi nafis terma koshin bilan qoplangan. Shirinbeka maqbarasi birinchi qirqma koshin ishlatilgan bino edi. Yodgorlikning gumbaz qismi, koshinkorlikni nafis uslubi bilan bezatilgan. Bino olimlar va ta’mirlash ustaxonasi xodimlari hamkorligida ilmiy jihatdan oʻrganilib, mustahkamlash ishlari olib borildi. Hatto, marhuma jasadi ochib oʻrganildi. Olti qirrali zangori sopol taxtachalar bilan maqbaraning panel qismi nafis qilib ishlangan. Ichki qsmini yorugʻlik bilan ta’minlash uchun, yuqori qismlaridagi darichalar rangli shisha bilan ishlangan panjaralar oʻrnatilgan. Hatto devoriy bezaklar ichida muqaddas Qur’on va paygʻambarimiz Muhammad (S.A.V.) ning hadislaridan namunalar yozilgan. Ta’miriy ishlar maqbaraning umrini yanada uzoqroq saqlanishiga omil yaratib berdi.

1964-1965-yillardagi arxeologik qazishlar vaqtida Shodimulk ogʻa maqbarasining shimoliy fasadi yonida, XIV asrning oʻrtalarida bir-biriga yondosh qilib solingan ikkita maqbaraning qoldiqlari topildi. Binoning ikkinchisida, kirish peshtoq sayqal berilgan sopol bilan bezatilgan. Maqbarada uchta daxma boʻlib, oʻrtadagi daxma, badiiy jihatdan kishining e’tiborini oʻziga tortadi. Daxma, shikasta xat bilan bezatilgan. Unda yetti bor quyidagi soʻzlar bitilgan. «Har bir moʻmin va moʻmina hayotlik davrida oxirat bisotini toʻplasin, chunki u qorongʻi goʻrni yoritguvchi chiroq vazifasini oʻtaydi». «Afsuski daxmaga bitilgan yozuvlarda tarixiy ma’lumotlar yoʻq». Shuning uchun ham maqbara kim uchun qurilganligi toʻgʻrisida aniq ma’lumot yoʻq. U hozirda ta’mirlanib sayyohlar uchun ochib qoʻyilgan. 1966 yilda maqbaraning shimolida, XIII asrning 2-yarmiga oid ikkita bino qoldiqlari topildi. Uning birida peshtoqli ayvon va goʻrxona mavjudligi aniqlandi.

Manbalar

tahrir