Shoshma

Shahzoda va Shohruhxon ijro etgan qoʻshiq

Shoshma“ – oʻzbek xonandalari Shahzoda va Shohruxxon ijro etgan qoʻshiq[1]. 2013-yil eʼlon qilingan. „Shoshma“ qoʻshigʻi ohangi xonanda Farruh Soipov 2012-yilda fransuz tilida yozgan „Les Nuages“ (tarjimasi „bulutlar“) qoʻshigʻiga oʻta oʻxshash ekani oshkor boʻlgan[2].

„Shoshma“
Shahzoda va Shohruxxon qoʻshigʻi
Chiqarilgan sanasi 2013
Format singl
Janr pop
Davomiyligi 3:34
Klipi
„Shoshma“ YouTubeda

„Shoshma“ ashulasi si major tonalligida boʻlib, unda I – vi – IV – V akkord ketma-ketligi qoʻllangan. „Les Nuages“ ashulasida ham ayni akkord ketma-ketligi qoʻllangan, yagona farqi –tarona sol major tonalligida ijro etilgan. Shohruxxon Shahzoda bilan „Kundalik shou“ dasturiga bergan intervyusida qoʻshiq musiqasi va soʻzini oʻzi yozganini iddao qilgan. Ammo Soipov „Sayyod“ blogiga bergan intervyusida „Les Nuages“ qoʻshigʻini 2012-yilda Feruz ismli shoir yozgan sheʼrga oʻzi bastalaganini taʼkidlagan. Har ikki taronani Jasur Badalboyev aranjirovka qilgan. Soipovning soʻzlariga koʻra, Badalboyev bu holat yuzasidan xonandadan uzr soʻragan. Soipov 2012-yilda „Les Nuages“ qoʻshigʻi demosini „Sayyod“ga taqdim etgan boʻlgan[3], ammo „Shoshma“ ashulasi eʼlon qilinganidan keyingina qoʻshigʻini singl oʻlaroq chiqargan. Buni Soipov quyidagicha izohlagan:

Asli yuzaga kelgan xatolikni fosh etish istagim ham yoʻq edi, ammo vaqt oʻtib unga klip suratga olib, xalqqa taqdim etganimda, Shohruxxon va Shahzodaga taqlid deb notoʻgʻri xulosa chiqishini istamayman[4].

Soipov ijrosidagi „Les Nuages“ qoʻshigʻi uchun klip suratga olinmagan – Soipov dastlab xohlaganidek klip suratga olish uchun katta mablagʻ kerakligini aytgan, keyinchalik esa sanʼatkorlikni tashlagan. „Shoshma“ qoʻshigʻi uchun esa 2013-yil klip suratga olingan. Klip kirishida yosh bolakaydan ota-onasi qanday tanishgani haqida soʻrashadi. Bolakay javobi klip yordamida hikoya qilinadi. Klipda pantomimachi yigit oʻziga hamroh izlaydi. Koʻpchilikdan rad javobini olgan aktyorni bir guruh pantomimachi ustunga bogʻlab qoʻyadi. Pantomimachi qiz buni koʻrib qoladi va uning qoʻllarini yechadi. Ikkisi pirovardida juftlikka aylanadi.

Manbalar

tahrir

Havolalar

tahrir