Sulton Uvays Qaraniy bobo maqbarasi — Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy tumani „Doʻstlik“ ovulida joylashgan tarixiy yodgorlik. Maqbara XIIXIV va XVIXIX asrlarga tegishli. Sulton Uvays Qaraniy bobo maqbarasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1]. Hozirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi va „Vaqf“ xayriya jamoat fondiga tekin foydalanish shartnomasi asosida biriktirilgan[2]. Togʻ yonbagʻrida Sulton Uvays Qaraniy bobo maqbarasi qad koʻtarib turganligi uchun ham hozirgi kunda Qoraqalpogʻistondagi bu togʻ tizmasiga avliyo Sulton Uvays nomi berilgan[3].

Sulton Uvays bobo maqbarasi
Umumiy maʼlumot
Maqomi Tarixiy yodgorlik
Turi Maqbara
Manzili „Doʻstlik“ ovuli
Shahar Beruniy tumani
Mamlakat Qoraqalpogʻiston
Koordinatalar 42°01′15″N 60°39′18″E / 42.02092710737525°N 60.65507035772007°E / 42.02092710737525; 60.65507035772007
Qurilishi boshlangan XIIXIV asr
Qurilishi tugagan XVIXIX asr
Egasi Davlat mulkiga tegishli
Map
Sulton Uvays bobo maqbarasi xaritada

Qurilish tarixi

tahrir

Dastlab Xorazmshohlar davlati hukmdori Alovuddin Muhammad Xorazmshoh buyrugʻi bilan Sulton Uvays dafn etilgan joyda maqbara qurilgan boʻlib, u Chingizxon tomonidan Xorazmga amalga oshirilgan harbiy yurishlar vaqti — 1221-yilda buzib tashlangan. Xorazmshoh tomonidan qurdirilgan maqbara Chingizxon davridan keyin ancha asrlar mobaynida yarim vayrona holatda saqlanib qolgan[4]. Shu voqealar sababli Sulton Uvays bobo maqbarasida uning jasadi yoʻq. Keyinchalik avliyoning izdoshlari oʻsha davr odati boʻyicha ramziy qabr yasattirishgan (XVII asrda). Ushbu ramziy qabr esa ziyoratgohga aylangan. Keyingi asrlarda hukmronlik qilgan Xiva xoni Olloqulixon shahzodalik davrida Peterburgga qilgan safaridan qaytib kelayotgan vaqtda ziyoratgoh yaqinida tunab qolgani rivoyat qilinadi. Shunda Uvays Qaraniy boʻlajak xonning tushiga kirib, yaqinda uning xon boʻlishi haqida bashorat qilgan. Bu bashorat roʻyobga chiqqach esa Olloqulixon uning sharafiga masjid va alohida oʻnta chillaxona qurdirgan[5]. Sulton Uvays bobo maqbarasi asosan, gumbazli qilib bunyod etilgan boʻlib, atrofi gʻishtin devor bilan oʻralgan hovlining shimoliy qismida joylashgan[6].

Yana qarang

tahrir

Vayangan bobo maqbarasi

Shibliy ota maqbarasi

Yusuf Hamadoniy maqbarasi

Shamun-Nabi maqbarasi

Tugʻon Turk maqbarasi

Manbalar

tahrir