Taroziy
Taroziy (arabcha: الميزان — Taroziy — Toʻliq ismi: Shayx Ahmad ibn Xudoydod (XIV asr oxiri XV asr boshi)) — shoir va adabiyotshunos.
Taroziy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | Shoir, Adabiyotshunos |
Hayoti
tahrirTaroziy (XIV asr oxiri — Movarounnahr — XV asr 1 yarmi) — shoir va adabiyotshunos. Movarounnahrda Ulugʻbek hukmronligi davrida yashab ijod qilgan. Oʻsha davrning mashhur shoirlari Lutfiy, Haydar Xorazmiy, Atoiy, Sakkokiylarga zamondosh boʻlgan Taroziy faqat turkiy tildagi emas, balki arab va fors tillaridagi adabiyotlar, adabiyot nazariyasiga oid asarlarni ham oʻrgangan. Bobur "Muxtasar" asarida aruzning rajaz va ramal baxrlari izohida uning sheʼrlaridan misol keltirishi Taroziyning ancha yetuk shoir boʻlganligidan darak beradi.
Faoliyati
tahrirTaroziyning alohida sheʼrlar devoni borligi nomaʼlum. Hozircha uning "Funun ulbalogʻa" ("Badiiylik ilmlari") asari maʼlum boʻlib, bu asar dastlab "Latoyifi Taroziy" ("Taroziy sovgʻalari") nomi bilan yozilgan (1436—1437) va Ulugʻbekka bagʻishlangan. Oʻzbek adabiyotshunoslik tarixida sheʼrshunoslikka doir oʻzbek tilidagi ilk nazariy qoʻllanma boʻlgan "Funun ulbalogʻa" 5 qismdan iborat; 1qismda sheʼrning gʻazal, qasida, qitʼa, ruboiy, masnaviy, musammat, mustazod, fard va boshqa turlariga keng ilmiy izoh beriladi; 2 qismda qofiya va radif masalalari oʻrganilib, qofiya sheʼrning asosi ekanligi, qofiyasiz sheʼr boʻlishi mumkin emasligi taʼkidlangan; 3 qismda badiiy tasvirning garseʼ, tashbeh, i(y)gʻom, irsol ulmasal, tazmin, istiora, laffu nashr, radd ulmatla singari 97 turi turkiy va forsiyzabon shoirlar asarlaridan olingan parchalar asosida tushuntirib berilgan; 4 qism hajm jihatdan asarning asosini tishkil etib, u aruz vazni tahliliga bagishlangan. Taroziy aruzni oʻzbek tilidagi sheʼriyat bilan bogʻlab, bahrlar sonini 40 taga, uning tarmoqlari sonini 366 taga yetkazgan. Aruzning 120 dan ortiq turi izohlangan bu qismning ancha varaqlari urinib, bir qancha soʻzlar oʻchib ketgan; oxirgi, 5 qism Sharq sheʼriyatining muammo janriga bagʻishlangan (bu qism yoʻqolgan).[1]
Taroziyning ushbu asari yana shunisi bilan ahamiyatliki, unda shu paytgacha nomlari bizga nomaʼlum boʻlgan, turkiy tilda ijod qilgan Muhammad Temur Bugʻo, Hoji Aqcha Kindiy, Bu Nasaq, Qutbiddin Saroiy, Bu Siyoqa, Jaloliy, Shams Qisoriy hamda forsiyda yozgan Sayfiddin Isfarangiy, Mavlono Sayfiddin, Imom Umid Kamoliy, Imom Ziyovuddin Forsiy, Jalol Samarqandiy kabi shoirlar eslatilib, ularning asarlaridan parchalar keltirilgan. "Funun ulbalogʻa"ning yagona qoʻlyozma nusxasi Angliyaning Bodlean kutubxonasida saqlanadi. Ana shu nusxaning faksimilesi asosida "Funun ulbalogʻa" hozirgi oʻzbek yozuvida nashr etildi ("Oʻzbek tili va adabiyoti" jurnali, 2002-yil, 1—6son; 2003-yil, 1—3son).
Asarlari
tahrir“Fununu-l-balog‘a”, “Latoyi-fi Taroziy”
Manbalar
tahrir- ↑ Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 631.
Adabiyot
tahrir- Hayitmetov A., Temuriylar davrida oʻzbek adabiyoti, T., 1996; Hayitmetov A., Adabiy merosimiz ufk,pari, T., 1997.
Abduqodir Hayitmetov.
Ushbu maqolada Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |