Theodore Levin (talaffuzi: Teodor Levin) (1951-yil tugʻilgan) — amerikalik etnomusiqashunos. Ayni damda u Dartmouth kollejida musiqa professori boʻlib, bakalavr darajasini Amherst kollejidan, Ph.D. darajasini Princeton universitetidan olgan. Levin Bolqon yarim oroli, Sibir hamda Markaziy Osiyo xalqlari musiqasini oʻrganib keladi.[1] Ushbu hududlarda yozib olgan musiqalari turli leybllarda nashr qilingan.

Theodore Craig Levin
Tavalludi 1951
Fuqaroligi AQSh
Ish joylari
  • Dartmouth kolleji
  • Ipak yoʻli loyihasi (Silk Road Project)
  • Markaziy Osiyoda Ogʻa Xon musiqa tashabbusi (Aga Khan Music Initiative in Central Asia)
Taʼlimi
Mashhur ishlari Bolqon yarim oroli, Kavkaz, Tiva va Markaziy Osiyo xalqari musiqasi boʻyicha ishlari

Levin amerikalik violenchelchi Yo-Yo Ma tashabbusi bilan tuzilgan „Ipak yoʻli“ loyihasining (inglizcha: Silk Road Project) ilk direktori boʻlgan. Shuningdek, Ochiq jamiyat jamgʻarmasining (inglizcha: Open Society Foundations) Sanʼat va madaniyat kengashi raisi oʻlaroq faoliyat yuritgan. Ayni damda Ogʻa Xon madaniyat trastiga (inglizcha: Aga Khan Trust for Culture) qarashli „Markaziy Osiyoda Ogʻa Xon musiqa tashabbusi“ning (inglizcha: Aga Khan Music Initiative in Central Asia) toʻngʻich loyiha maslahatchisidir.

Levin Markaziy Osiyo musiqasini 1974-yilda oʻrgana boshlagan. Olim bugunga qadar bir necha kitob yozdi, jumladan, „The Hundred Thousand Fools of God: Musical Travels in Central Asia (and Queens, New York)“ („Yuz ming abdol: Oʻrta Osiyoda (va Queens, New Yorkda) musiqiy sayohatlar“) kitobini (ilk marotaba 1996-yilda nashr qilingan). Shuningdek, Levin „Where Rivers and Mountains Sing: Sound, Music, and Nomadism in Tuva and Beyond“ („Daryolar va togʻlar kuylovchi yerlar: Tiva va uning atrofidagi hududlarda tovush, musiqa va koʻchmanchilik“) kitobida Tivaga qilgan musiqiy sayohatlarini bayon qildi (ilk marotaba 2006-yilda nashr qilingan).

Kitoblari tahrir

Levinning ilk kitobi „The Hundred Thousand Fools of God: Musical Travels in Central Asia (and Queens, New York)“ („Yuz ming abdol: Oʻrta Osiyoda (va Queens, New Yorkda) musiqiy sayohatlar“) 1996-yil Indiana universiteti nashriyotida chop etildi. 1999-yil qayta nashr qilindi. Asarda Levin Oʻrta Osiyoga 1977–1994-yillar oʻrtasida qilgan sayohatlari haqida hikoya qiladi. Kitobda turli musiqa janrlari va anʼanalari, jumladan, maqom, suvora va doston hamda turli xil xalq ijodiyoti namunalari haqida hikoya qilinadi. Asarda Oʻrta Osiyo xalqlarining chor, sovet hamda post-sovet davrdagi ijodi haqida batafsil maʼlumot keltirilgan. Kitob muallif tashrif buyurgan joylarida yozib olgan 24 trekni oʻzida jamlagan hamroh kompakt-disk bilan nashr qilindi.

Levinning ikkinchi kitobi „Where Rivers and Mountains Sing: Sound, Music, and Nomadism in Tuva and Beyond“ („Daryolar va togʻlar kuylovchi yerlar: Tiva va uning atrofidagi hududlarda tovush, musiqa va koʻchmanchilik“) kitobi 2006-yil Indiana universiteti nashriyotida chop etildi. 2010-yil qayta nashr qilindi. Asarda Levin Tivada baxshi guruh bilan qilgan sayohatlari haqida hikoya qiladi. Kitobda Tiva xalqlarining tabiat va jonivorlar haqidagi qarashlari hamda jonivorlar tovushlarining ushbu xalqlar musiqasida topgan aksi haqida soʻz yuritiladi. Shuningdek, muallif urf-odat tushunchasiga toʻxtalib oʻtadi, xususan, baxshilar misolida. Kitobning Valentina Suzekey hissa qoʻshgan va „Музыка новых номадов. Горловое пение в Туве и за ее пределами“ („Yangi koʻchmanchilar musiqasi. Tiva va uning atrofidagi hududlarda jir ijrosi“) deb nomlangan ruscha versiyasi 2012-yil „Klassika-XXI“ nashriyotida chop etildi. Har ikki versiya hamroh kompakt-disk bilan nashr qilindi.

Levin, shuningdek, Saida Daukeyeva hamda Elmira Kochumkulova bilan hamkorlikda „The Music of Central Asia“ („Markaziy Osiyo musiqasi“) kitobini tahrir qildi. Asar 2016-yil Indiana universiteti nashriyotid​a, Ogʻa Xon madaniyat trastiga (inglizcha: Aga Khan Trust for Culture) qarashli „Markaziy Osiyoda Ogʻa Xon musiqa tashabbusi“ (inglizcha: Aga Khan Music Initiative in Central Asia) qoʻllovi bilan nashr qilindi. Asar 14 davlatda yashovchi 27 muallif qalamiga mansub izlanishlarni oʻzida jamlagan boʻlib, 200 ga yaqin audio va video namuna toʻplangan hamroh sayt bilan (www.musicofcentralasia.org)​ eʼlon qilindi. Shuningdek, asar ikki qismli elektron kitob oʻlaroq nashr qilindi. Loyiha Markaziy Yevrosiyo tadqiqotlari jamiyatining (inglizcha: Central Eurasian Studies Society) 2017-yilgi Ommaviy qamrov mukofoti (inglizcha: 2017 Public Outreach Award) hamda 2018-yilgi RUSA Dartmouth aʼlo maʼlumot medali (inglizcha: 2018 RUSA Darmouth Medal for Excellence in Reference) bilan taqdirlandi.[2]

Audioyozuvlari tahrir

Levin Bolqon yarim oroli, Kavkaz, Sibir va Markaziy Osiyoda yozib olgan musiqalari turli leybllarda, jumladan, Nonesuch Records, Smithsonian Folkways, Ocora va Auvidis leybllarida eʼlon qilindi. Levin 1990-yil chiqarilgan „Tuva: Voices from the Center of Asia“ (Tiva: Osiyo markazidan ovozlar“) albomiga produserlik qildi. Bu albom Tiva musiqasiga bagʻishlangan Gʻarbdagi ilk albom boʻldi. Shuningdek, Levin va fransiyalik etnomusiqashunos Jean During 2001-yil ikki diskli „The Silk Road: A Musical Caravan“ („Ipak yoʻli: Musiqiy karvon“) toʻplamiga produserlik qildi. Bu ikki albom Smithsonian Folkways leyblida nashr qilindi.[3]

Levin, shuningdek, 10 diskdan iborat „Music of Central Asia“ („Markaziy Osiyo musiqasi“) toʻplamiga produserlik qildi.[4] Loyiha Ogʻa Xon madaniyat trastiga (inglizcha: Aga Khan Trust for Culture) qarashli „Markaziy Osiyoda Ogʻa Xon musiqa tashabbusi“ (inglizcha: Aga Khan Music Initiative in Central Asia) bilan hamkorlikda amalga oshirilib, 2004–2011-yillarda Smithsonian leyblida eʼlon qilindi.[5] Toʻplamning ikkinchi boʻlimi „Eng aʼlo anʼanaviy jahon musiqasi“ nominatsiyasida 2007-yilgi Grammy mukofotiga nomzod boʻldi.[6]

Manbalar tahrir

  1. „Theodore Levin“ (inglizcha). Dartmouth kolleji. Qaraldi: 2020-yil 15-yanvar.
  2. „The Music of Central Asia“ (inglizcha). Indiana universiteti. 2020-yil 15-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 15-yanvar.
  3. „Ipak yoʻli: Musiqiy karvon“ (inglizcha). Smithsonian Folkways. Qaraldi: 2020-yil 19-yanvar.
  4. Synovitz, Ron. „Markaziy Osiyo: Smithsonian leybli mintaqa milliy musiqasi antologiyasini chiqaradi“ (inglizcha). Ozodlik radiosi (2005-yil 27-yanvar). Qaraldi: 2020-yil 19-yanvar.
  5. „Markaziy Osiyo musiqasi: Ogʻa xon Musiqa tashabbusi bilan hamkorlik“ (inglizcha). Smithsonian Folkways. 2020-yil 24-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 19-yanvar.
  6. „„Markaziy Osiyo musiqasi“ „Eng aʼlo anʼanaviy jahon musiqasi“ nominatsiyasida 2007-yilgi Grammy mukofotiga nomzod boʻldi“ (inglizcha). Smithsonian Folkways (2006-yil 5-dekabr). Qaraldi: 2020-yil 19-yanvar.

Havolalar tahrir