Tillakori madrasasi
Tillakori madrasa, Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik. Registon ansamblida Ulugʻbek davrida bunyod etilgan Mirzoyi karvonsaroyi (15-asr) oʻrnida Samarqand hokimi Yalangtoʻshbiy Bahodir Madrasa va jome masjid qurdirgan (1641—46). Karvonsaroy asosi ustiga Madrasa (shim. sharqiy qismida), hujralar oʻrnida peshtoq gumbazli masjid (gʻarbida) joylashgan. Dastlab „Yalangtoʻshbiy kichik madrasasi“ deb nomlangan. Keyinchalik masjid bezagida boshqa bir obida qurilishiga yetadigan miqdorda oltin sarflangani uchun „tillakori“ (tilladan ishlov berilgan) deb yuritila boshlagan. Tilla Kori madrasasidan shahar jome masjvidi va Madrasa sifatida foydalanilgan. Shuning uchun masjidi (63x22 m) katta va serhashamligi bilan boshqa madrasalardan ajralib turadi. Madrasa (70x70 m) ga gʻarbiy peshtoq orqali kiriladi. Peshtoq chuqur ravoqli, 2 qanotining oldi ravoqli, 2 qavatli hujralar, burchaklarini teng hajmdagi guldastamezanalar egallagan. Masjid xonaqohi (10,8x10,8 m)ning poygumbazi baland, uzoqdan koʻzga tashlanib turadi. Uning gumbazi nihoyasiga yetkazilmagan. Xonaqoh toʻriga marmardan mehrob va zinapoyali minbar ishlangan. Oʻz davrida zarhal naqshlar bilan jozibador bezatilgan xonaqohning 2 yonini oldi ravoqli, gumbaz tomli ayvon (yoʻlak)lar egallagan. Peshtoq ravogʻidagi marmar taxtachada bezak ishlari 1659—60 yillarda bajarilganligi yozilgan.
Tilla Kori madrasasi bir necha bor taʼmir qilingan. 1817 yilda amir Haydar buyrugʻi bilan zilziladan zarar koʻrgan peshtogʻi qayta tiklanishi jarayonida shakli buzilgan. 1885 yildagi taʼmir vaqtida zarhal naqshlar oddiy boʻyoklar bilan almashtirilgan. Tilla Kori madrasasida Samarqand taʼmirlash ustaxonasi tashkil etilib (1930), koshinlarning qad. rangini topish yoʻlida tadqiqot ishlari olib borilgan. Tilla Kori madrasasidagi yoʻqolib ketayozgan noyob zarhal naqshlarni ustalar ilmiy oʻrganib, qayta tikladi (1970).
Binokorlar madrasaning Registonga qaragan peshtogʻini Sherdor Madrasa va Ulugʻbek madrasasi bilan moslashtirib qayta qurdi. Peshtoq ravogʻi va ravoq ichidagi qalqonsimon bagʻali, guldastasi hamda xonaqoh gumbazi, ichidagi tilla halli boʻrtma naqshlari qayta jilolandi (1974). Baland gyuygumbazi ustiga feruza rang koshin bilan qoplangan gumbaz oʻrnatildi. Bosh tarzidagi bezak mavzularining boyligi, ichki va tashqi naqshlarning serxashamligi, peshtoq qanosi va tokchasidagi iroqi kashtani eslatuvchi bezaklar, boʻrtma yozuvlar oʻziga xosdir. Ravoq burchaklari, bezakli toqilarni toʻldirishda koshinpaz ustalar turli usullarni qoʻllashgan (gʻishtlarning mayda naqshlari koshinlarning handasiy va islimiy naqshlari bilan moslashtirilgan). Koshinkori ravoklarda yashil tangachalar, sargʻish yaproqlar va feruza poyalar aks ettirilgan. Xonaqoh izorasi koshinnamoyon, devori, gumbazi va bagʻali kundal uslubidagi serhasham naqshlarga boy. Mehrob ravogʻi va bagʻali muqarnas kosachalar bilan toʻldirilib, zarhal berilgan hamda Qurʼon oyatlaridan olingan boʻrtma yozuvlar bilan hoshiyalangan.
Eshiklar murakkab naqsh va yozuvlar bilan yogʻoch oʻymakorligida pardozlangan. Hovli saxni (50x50 m)ga marmar yotqizilgan. Atrofidagi hujralarga eshik, tobadoniga panjaralar ishlangan. Hujralar yoz kunlari ham salqin boʻladi. Tilla Kori madrasasida muzey tashkil etilgan boʻlib, unda madrasani taʼmirlashga oid narsalar saqlangan.
AdabiyotTahrirlash
- Samarqand, T., 1986; Oʻzbekiston islom obidalari, T., 2002.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |