Toʻra Murodtoʻra minorasi
Toʻra Murodtoʻra minorasi (yoki Toʻra Murod toʻra minorasi) — Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyati Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Bugungi kunda minora „Ichan qalʼa“ mahallasi, Boʻyoqchilar koʻchasi, 26-uyda joylashgan. Ushbu meʼmoriy yodgorlik va shu nomdagi masjid 1888-yilda Xiva xoni boʻlgan Muhammad Rahimxon II (Feruz)ning ukasi Toʻra Murodtoʻra tomonidan va mablagʻi hisobiga barpo etilgan.
Toʻra Murodtoʻra minorasi | |
---|---|
Toʻra Murod toʻra minorasi | |
Umumiy maʼlumot | |
Turi | Minora |
Manzili | „Ichan qalʼa“ mahallasi, Boʻyoqchilar koʻchasi, 26-uy |
Shahar | Xiva |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Koordinatalar | 41°23′23″N 60°20′29″E / 41.389732846210926°N 60.34145289627172°E |
Qurilishi tugagan | 1888-yil |
Egasi | Davlat mulkiga tegishli |
Balandligi | |
Balandligi | 9 m |
Toʻra Murodtoʻra minorasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1]. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi[2].
Tarixi
tahrirIchan qalʼa kompleksi tarkibiga kiruvchi yodgorliklar ichidagi eng kichik minoralardan biri boʻlgan Toʻra Murodtoʻra minorasi 1888-yilda Murodiy taxallusi ostida sheʼrlar yozgan hamda Xiva xoni Muhammad Raximxon II (Feruz)ning ukasi boʻlgan Toʻra Murodtoʻra mablagʻi hisobiga masjid, tahoratxona va mahalla maktabi bilan birgalikda bunyod etilgan. Afsuski, bu obyektlardan bugungi kunga qadar faqatgina minora saqlanib qolgan. Hozirda yoʻqolib ketgan Toʻra Murodtoʻra nomidagi mahalla masjidi qoshida saqlanib qolgan ushbu minora Koʻhna Arkka kiraverishdagi maydonni oʻrab turuvchi turar-joy binolarining oʻrtasida; Koʻhna Arkning shimoli-sharqiy burchagida qad koʻtargan.
Rivoyat qilishlaricha, minoraning qurilish ishlari avjiga chiqqan bir paytda xon shikorga (ov qilishga) otlangan. Meʼmorlarning tarhi boʻyicha minora baland qilib qurilishi kerak boʻlgan, lekin xonning dushmanlari unga: „Ukangiz minorani baland qilib qurdirib sizning haramingizni tomosha qilib oʻtirmoqchi“, – degan yolgʻon xabar yetkazishgan. Shu vaqtda xon saroyidagi Toʻra Murodtoʻraga yaqin boʻlgan odamlar bu gapni toʻraga yetkazishgan. Toʻra oʻz meʼmorlari bilan maslahatlashib, minorani baland koʻtarmaslikka qaror qilgan.
Xon ovdan qaytib kelsa, ukasi Toʻra Murodtoʻraning qurdirayotgan minorasi unchalik ham baland qilib qurilmagan ekan. Xon yolgʻon maʼlumot bergan odamni jazolashni buyurgan. Shunday qilib ushbu minoraning tashabbuskori va uning quruvchilari xon gʻazabiga duchor boʻlmay qolgan ekan[3].
Qurilish uslubi
tahrirIchan qalʼa tarkibidagi Toʻra Murodtoʻra masjidi (saqlanmagan) Toʻra Murodtoʻra minorasining balandligi 9 m, diametri 3,2 m ni tashkil etadi. Unga shimol tomondan kiriladi. Tanasi yuqoriga tomon ingichkalashib boradi. Yuqori qafasasi 4 ravoqli, 2 qatorli gʻishtin sharafa bn tugallangan. Pishiq gʻisht (27x4 – 28x5 sm) qatorlari oraligʻiga moviy rangli sirlangan koshin bandak uslubida oʻrnatilgan. Ichidagi zina (eni 60 sm) orqali yuqoriga chiqiladi. Yodgorlik qurilishida usta-meʼmorlar geometrik proporsiya va simmetriyaning minora zilzilabardoshligida tutgan oʻrnini yaxshi bilganlar. Shuning uchun ham minorani tiklashda, uni vertikal oʻqqa nisbatan simmetrik joylashtirishgan. Xivaning 2500-yilligi munosabati bilan Toʻra Murodtoʻra minorasi qayta taʼmirlangan[4].
Manbalar
tahrir- ↑ „Тарихий, бадиий ёки ўзга маданий қимматлилиги туфайли гаров ва ипотека қўлланилиши мумкин бўлмаган объектлар рўйхати (ЎзР ВМ 05.12.2014 й. 335-сон қарорига илова) | Majburiyatlar va shartnomalar toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar | Oʻz kuchini yoʻqotgan hujjatlar | Fuqarolik va oila qonunchiligi | OʻzR KonunchiligiMaʼlumotlar tizimi „Tarixiy, badiiy yoki oʻzga madaniy qimmatliligi tufayli garov va ipoteka qoʻllanishi mumkin boʻlmagan obʼektlar roʻyxati (OʻzR VM 05.12.2014 y. 335-son qaroriga ilova)“ | NRM.uz“. nrm.uz. Qaraldi: 2023-yil 24-oktyabr.
- ↑ „MODDIY MADANIY MEROSNING KO‘CHMAS MULK OBYEKTLARI MILLIY RO‘YXATINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA“. 2023-yil 13-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 27-oktyabr.
- ↑ „To‘ra Murod minorasi“. Qaraldi: 2023-yil 27-oktyabr.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |