Urganch tumani
Urganch tumani — Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. 1962-yil 24-dekabrda Shovot tumaniga qoʻshib yuborilgan, 1964-yil 31-dekabrda qayta tashkil etilgan. Sharqdan Xonqa tumani, gʻarbdan Qoʻshkoʻpir tumani va Shovot tumani, shimoli-gʻarbdan Yangibozor tumani, shimoldan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, janubdan Xiva tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,46 ming km². Aholisi 141,1 ming kishi (2004). Tumanda 1 ta shaharcha (Chalish), 10 qishloq fuqarolar yigʻini (Bekobod, Chakkasholikor, Chandirqiyot, Chatkoʻpir, Yuqoribogʻ, Yuqoridoʻrman, Qoramon, Qorovul, Gʻalaba, Gʻoybu) mavjud. Tuman markazi — Qorovul qishlogʻidir[1][2].
tuman | |
---|---|
Tarkibida | Xorazm viloyati |
Maʼmuriy markazi | Qorovul (qishloq) |
Rasmiy tillar | Oʻzbek |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Rasmiy sayti | https://urganchhokimiyat.uz/site/index# |
Xaritada | |
41°33′0″N 60°38′24″E / 41.55000°N 60.64000°E |
Tabiati
tahrirTuman relyefi pasttekislikdan iborat, balandlik 100 metr. Tuprogʻi qumloq, boʻz-allyuvial, Amudaryo oqiziqlaridan tarkib topgan. Daryo boʻyidagi toʻqay va qumliklarda jiyda, turangil, tol, saksovul, yulgʻun, yantoq, qamish, otquloq, olapoʻta, oqbosh, shoʻra, ajriq oʻsadi. Toʻqay va changalzorlarda quyon, chiyaboʻri, qumliklarda yumronqoziq, kaltakesak; qushlardan chumchuq, toʻrgʻay, qargʻa, boyoʻgʻli, kaptar, musicha va boshqa bor.
Iqlimi keskin kontinental. Yanvar oyining oʻrtacha harorati —4°C, —5°C, eng past harorat —25°C. Iyul oyining oʻrtacha harorati +26°C, +28°C. Eng yuqori harorat +44°C. Yillik yogʻin 80-90 mm. Vegetatsiya davri 200—210 kun. Dehqonchilik sugʻoriladigan yerlarda amalga oshiriladi. Yer osti suvlari yuza, yerlarni teztez shoʻr bosib turadi. Ekin maydonlari Amudaryo va tuman hududi orqali oʻtkazilgan Gʻozovot, Shovot, Qulobod, Qirgʻizyop, Oʻrisyop, Doʻrman va boshqa kanallaridan sugʻoriladi. Gʻozovot—Davdon, Yangibozor kollektorlari bor.
Aholisi, asosan, oʻzbeklar (92%), shuningdek, qozoq, rus, koreys, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 306,8 kishi. Shahar aholisi 5,6 ming kishi, qishloq aholisi 135,5 ming kishi (2004).
Xoʻjaligi
tahrirTumanda paxta tozalash zavodi, 12 kichik gʻisht zavodi, „Xorazm— Nurtop“ ip gazlama korxonasi, sut va uzumni qayta ishlash sexlari, 5 qurilish tashkiloti, parrandachilik fabrikasi mavjud.
Qishloq xoʻjaligi, asosan, dehqonchilikka ixtisoslashgan. Tuman yer maydoni 26,8 ming ga ni tashkil etadi. Shundan 25,8 ming ga yer sugoriladi va haydaladi. 11 ming ga yerga paxta, 5,9 ming ga yerga gʻalla, 3,3 ming ga yerga sholi, 835 ga yerga poliz va sabzavot ekinlari ekiladi. Qolgan maydonlarda makkajoʻxori, oq joʻxori va chorva uchun ozuqabop ekinlar yetishtiriladi. 1380 ga yer bogʻ va tokzorlar bilan band. Bogʻlarda oʻrik, olma, anjir, nok, nashvati, shaftoli, uzum, anor, olxoʻri va boshqa kabi mevali daraxtlar oʻstiriladi.
Urganch tumanida 14 jamoa va shirkat xujaliklari, 831 fermer va dehqon xoʻjaliklari mavjud. 3 xoʻjalik fermer uyushmasiga aylantirilgan. Tumandagi jamoa va xususiy xoʻjaliklarda 73,2 ming qoramol, 32,2 ming qoʻy va echki, 240,4 ming parranda boqiladi. Pilla ham yetishtiriladi. Tuman hududidan xalqaro avtomobil yoʻli, Toshkent—Shovot (uz. 40 km) va Toshkent–Xiva temir yoʻllari oʻtgan.
2003 — 2004 oʻquv yilidagi 44 umumiy taʼlim maktabida 30 mingga yaqin oʻquvchisi taʼlim oldi. 3 kasbhunar kolleji, musiqa, sport maktablari, 1 markaziy va 39 tarmoq kutubxonasi, 2 stadion, 40 sport maydonchasi, kasalxona (305 oʻrin), 12 qishloq vrachlik punkti, 4 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 3 poliklinika, „Jayxun“ sanatoriysi ishlab turibdi.
1958-yildan „Urganch haqiqati“ tuman gazetasi chop etiladi (adadi 1000).
Manbalar
tahrir- ↑ „URGANCH TUMANIDAGI AHOLI PUNKTLARINING TARKIBIY QISMLARIGA NOM BERISH VA QAYTA NOMLASH TO‘G‘RISIDA“ (2016-yil 18-avgust). 2023-yil 23-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 23-fevral.
- ↑ УРГАНЧ ТУМАНИ
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |