Rashiduddin Vatvot

(Vatvotdan yoʻnaltirildi)

Rashiduddin Vatvot (forscha: رشیدالدین محمد بن محمد بن عبد جلیل العمری? — Rashiduddin Abu Bakr Muhammad ibn Abdujalil Umariy) — kotib, shoir ва fors filologi.

Rashid al-Din Vatvat

forscha: رشیدالدین محمد بن محمد بن عبد جلیل العمری
xorazmshoh Otsiz kotibi, shoir,
Mansab davri
1127-yil – 1156-yil
targʻibotchi
Mansab davri
1156-yil – 1172-yil
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi
Rashid al-Din Vatvat

tax. 1088
Balx yoki Buxoro
Vafoti 1182-yildan (97 yoshda)
Xorazm

Hayoti

tahrir

Rashiduddin Vatvot XII asrda Xorazmda yashab ijod qilgan mashhur shoir va adib boʻlib, adabiyotlarda 1114-1116-yillarda Balxda tavalud topgan deb koʻrsatilgan boʻlsa ham, baʼzi mualliflar uni 1087 yoki 1094-yilda tugʻilgan deb yozishgan. Oʻsha paytda Balx Xurosonning eng yirik iqtisodiy, ilmiy va madaniy markazlaridan biri boʻlib, bu borada u Nishopur, Hirot va Marv kabi Sharqning yirik shaharlari bilan bellashardi. Sharqning turli burchaklarida madrasalar, jome masjidlar va kutubxonalar koʻp boʻlib, ularda oʻz davrining ilgʻor va bilimdon kishilari diniy va dunyoviy fanlar, madaniyatni targʻib qilishgan. Rashiduddin Vatvot yoshlik yillarida Balxning mashhur madrasalaridan biri Balxda katta nufuzga ega boʻlgan Nizomiya madrasasida taʼlim olganligi maʼlum. Ushbu madrasada Rashiduddin Vatvotga ustozlik qilgan imom Abu Said Haraviy uning hayotida va ijodiy faoliyatida chuqur iz qoldirgan shaxslardan biri hisoblanadi. Rashiduddin Vatvot Balxda, Nizomiya madrasasida tahsilni tugatgandan soʻng Xorazmga keladi. Rashiduddin Vatvotning Xorazmga tashrifi 1150-1152-yilllarga toʻgʻri keladi. Xorazmda yashagan paytida qariyb 30-yil davomida xorazmshohlar (avval Otsiz, soʻng uning oʻgʻli Iyl Arslon va undan keyin esa uning oʻgʻli Alouddin Tekish) saroyida kotibu-l-insho (bosh kotib) lavozimini egallagan. Bunday obroʻ-eʼtiborga Rashiduddin Vatvotning chuqur bilimdon boʻlgani, hukmdorlar orasidagi yozishma va maktublarda nasriy saj’ uslubini obdon oʻzlashtirganligi sabab boʻlgan. Yoqut Hamaviy Rashiduddin Vatvotni taʼriflab: «U oʻz zamonasining eng nodir va ajib kishilaridan, oʻz davrining gʻaroyib shaxslaridan boʻlib, nasr va nazm bobida oʻz asrining eng fozili edi», deb yozadi. Rashiduddin Vatvotning mashhur asari «Maktublar» boʻlib, u oʻsha davrda Xorazmdagi siyosiy va ijtimoiy hayotga doir maʼlumotlar — Xorazmga, kofirlar (al-kufr) deb atalgan turk koʻchmanchi qabilalarining muttasil hujumlari toʻgʻrisida, bu oʻlkadagi siyosiy vaziyat haqida, Xorazmning oʻziga xos iqlimi — qishi qahraton sovuq, yozi jazirama issiq boʻlishi, madrasalar va boshqa ilm dargohlarida uyushtiriladigan ilmiy munozaralar va ijodiy saboqlar toʻgʻrisida xabar beruvchi maʼlumotlarni jamlagan muhim ahamiyatga ega manbadir. Shuningdek, Rashiduddin Vatvot qalamiga mansub Abu Bakr Siddiq (r.a.)ning hikmatli soʻzlari toʻplami «Tuhfatu-s-Siddiq», Umar ibn Xattob (r.a.)ning soʻzlari toʻplami «Faslu-l-Xattob», Usmon ibn Affon (r.a.) soʻzlari toʻplami «Anasu-l-lahvon», Ali ibn Abu Tolib (k.v.)ning soʻzlari toʻplami «Matlubu kulli tolib» asarida mavjud. Manbalarda keltirilishicha, Rashiduddin Vatvot 1191-yil Xorazmda vafot etgan.[1].

Asarlari

tahrir
  • «Maktublar»,
  • «Tuhfatuu-s-Siddiq»,
  • «Faslu-l-Xattob»,
  • «Anasu-l-lahvon»,
  • «Matlubu kulli tolib»

Manbalar

tahrir
  1. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 502.