Xoja Hoshim
Xoja Hoshim – (?—1635) – alloma va avliyo. Xoja Hoshim naqshbandiya tariqati buyuk piri murshidi, ulugʻ valiyulloh, sohibkaromat zot, atoqli tarbiyachi, alloma boʻlgan[1]. Muhammad Doro Hanafiy Qodiriyning „Safinatul avliyo“, Nosiriddin Toʻraning „Ravoyihul quds“, Mirzo Salimbekning „Kashkoʻli Salimiy“, K.Kattayevning „Maxdumi Aʼzam va Dahbed“, N.Yoʻldoshevning „Buxoro avliyolari tarixi“ kitoblarida va boshqa manbalarda Xoja Hoshim haqida maʼlumotlar mavjud. Maʼlumki, qutbi zamon, buyuk valiyulloh Hazrat Maxdumi Aʼzam Dahbediyning oʻgʻli Muhammad Aminxoja (Xoja Kalonxoja) edi. Xoja Kalonxojaning (1517—1596) oʻgʻli hazrat Xoja Hoshim hisoblandi. Nosiriddin Toʻraning yozishicha, Alloh taolo Xoja Hoshimga ulugʻ maqom, buyuk darajalar ato etgan: „Vayro martabayi Gʻavsul Aʼzam (Shayx Abdulqodir Geloniy) va maqomi Hazrat Xojai Buzurg (Bahouddin Naqshband) budaast. Va dar mashoyixi muttaaxirin va dar tabaqai Dahbediya hech yake az mashoyixro misli in martaba nabudaast. Dar zamoni vay binoi xonaqoi fayzgohi Dahbedro Yalangtoʻsh Bahodurxon bino karda ast“. Hazrat Xoja Hoshim tugʻma valiyulloh boʻlib, yoshliklaridayoq uning karomatizohir boʻlgan. U bolaliklarida xonaqohga kelgan kishilarning oyoq kiyimiga qarab: „Bu jannatiy, bu esa doʻzaxiy!“ degan. Tabiiyki, bundan ayrimlar norizo boʻladi. Shu sabab Hazrat Xoja Kalon deydilarki: „Bozordan non olib kelib, u kishiga yediringlar!“ Shubhali taomni tanovul qilganlaridan soʻng Hazrat Hoshimdagi bu qobiliyat yoʻqolgan. „Kashko‘li Salimiy“, „Tarixi Muqimxoniy“ kitoblarida yozilishicha, ashtarxoniy Vali Muhammad Buxoro taxtidan agʻdarilgandan soʻng Eron hukmdori Shoh Abbos huzuriga borib, undan yordam soʻraydi. Vali Muhammad 80 ming eronlik qizilbosh bilan Buxoro ustiga bostirib keladi. Buxoro xoni Imomqulixon nochor qolib, Hazrat Xoja Hoshimga murojaat qiladi. Hazrat Xoja Hoshim Imomqulixonga dalda berib, uning haqiga duo qiladilar. Mana shu duoning barakotidan Imomqulixon ushbu jangda yengadi. Natijada Vali Muhammad asir tushib, qatl etiladi, qizilboshlar magʻlub boʻlib, koʻplari qiriladi. Manbalarda yozilishicha, Hazrat Xoja Hoshim 1635-yilda vafot etgan va qabri Samarqanddagi Dahbedda, bobosi va otasining yonidadir[2].
Avliyo | |
---|---|
Ism |
Xoja Hoshim |
Tavalludi |
|
Vafoti |
1635-yil |
Falsafa maktabi |
|