Abdulaziz Daminovich Yoʻldoshev (1921-yil 15-sentyabr, Andijon viloyati, Xonobod shahri — 1968-yil 15-sentyabr, Andijon) — Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, leytenant. 8-oʻqchi diviziyaning 229-polki, 6-oʻqchi rotasi komandiri. 1940-yildan boshlab armiya safida xizmat qilgan, Stalingrad jangida, Kursk ostonalaridagi jangda va yana bir qancha mudofaa janglarida ishtirok etgan, ikki marotaba ogʻir yarador boʻlgan.

Abdulaziz Daminovich Yo'ldoshev
Tavalludi 1921-yil 15-sentyabr
Vafoti 1968-yil 15-sentyabr
SSSR, Oʻzbekiston SSR, Andijon viloyati
Fuqaroligi SSSR
Mukofotlari "Oltin yulduz" medali
Lenin ordeni
„Jasorat uchun“ medali

Biografiyasi

tahrir

Abdulaziz Yoʻldoshev 1921-yil 15-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumani Xonobod qishlogʻida dehqon oilasida tavallud topgan. MIllati — oʻzbek. Oilada Abduqodir ismli bir nafar akasi boʻlgan. Oʻzi tugʻilib oʻsgan joydagi 10-sinfni tamomlagandan keyin, maktabda pioner sardori, oʻqituvchi lavozimlarida xizmat qilgan.

1939-yil aprel oyida Andijon viloyati Voroshilovskiy tuman harbiy komissarligi tomonidan Qizil Armiya safiga chaqirtirilgan. 1942-yilda Xarkov harbiy piyodalar maktabini tamomlab, 1942-yil iyun oyidan Ikkinchi jahon urushi, Bryansk fronti, Markaziy front va 1-Ukraina frontlarida ishtirok etgan. 1943-yildan KPSS aʼzosi.

1943-yilning yozgi hujum janglarida 229-oʻqchilar polkining 6-oʻqchilar rotasi komandiri leytenant A. D. Yoʻldoshev janglarda oʻzining koʻrsatgan mardligi va jasorati bilan namoyon boʻladi. U, ayniqsa, 1943-yil sentyabr oyida Desna va Dnepr daryolarini kesib oʻtishda koʻrsatgan fidokorligi va jasorati bilan boshqalardan ajralib turadi.

SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1943-yil 16-oktyabrdagi Farmoni bilan Kiyev shimolida Dnepr daryosini muvaffaqiyatli kesib o‘tganligi, daryoning g‘arbiy qirg‘og‘idagi ko‘priklarni mustahkamlash ishlarida faolligi hamda koʻrsatgan jasorati va qahramonligi uchun leytenant Yoʻldoshev Abdulla Danilovich[1] Lenin ordeni, „Oltin Yulduz“ (4303-son) medali hamda Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.

Yoʻldoshev 1943-yil dekabr — 1944 yil yanvar oylarida Jitomir-Berdixov operatsiyasida ishtirok etadi. Jitomir yaqinida boʻlib oʻtgan urushda nemis qoʻmondonligi ostida jang olib borayotgan qoʻshin tomonidan berilgan zarbalarda katta leytenant Yoʻldoshev ogʻir yaralanadi va 1944-yilning mart oyida jarohati tufayli armiya safidan chetlashtiriladi.

Urushdan keyin Yoʻldoshev Andijonda yashagan. Mehnat faoliyati davomida Andijonda artel kompaniyasi raisi, paxta tozalash zavodida direktor oʻrinbosari lavozimlarida xizmat qilgan.

Vafoti

tahrir

Abdulaziz Yoʻldoshev 1968-yilning 15-sentyabrda vafot etgan.

Mukofotlari

tahrir

Abdulaziz Yoʻldoshev janglarda koʻrsatgan qahramonliklari va jasorati uchun Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni, „Oltin Yulduz“ medali (1943-yil 16-oktyabr), Lenin ordeni (1943-yil 16-oktyabr), "Jasorat uchun" medali (1943-yil) va boshqa bir qancha medallar bilan taqdirlangan.

Yodgorlik

tahrir

Xonobod va Andijondagi koʻchalar hamda Andijondagi 45-maktabga Abdulaziz Yoʻldoshevning nomi berilgan[2].

Manbalar

tahrir
  1. Imya privedeno soglasno Ukazu.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar

tahrir