Zu Nuvos (arabcha: ذُو نُوَاس ; milodiy 515—525-yillar orasida hukmronlik qilgan), ismi Yusuf Asʼar (turli manbalarda turlicha nomlar bilan kelgan) — ikkinchi Himyar davri (milodiy 275—525-yillar)da Himyariylar davlatida hukmronlik qilgan podshoh. Yahudiylikni qabul qilib, Yamandagi xristianlarga qarshi keskin kurash olib borgan[1].

Zu Navos
Yusuf Asʼar
Himyariylar podsholigi podshoh
Hukmronligining boshlanishi: 515-yil
Hukmronligining tugashi: 525-yil
Oʻtmishdosh: Maʼdikarib
Voris:Zu Yazan (Sumayfa Ashva)
Tugʻilgan sanasi: V asr
Vafot sanasi:525-yil
Vafot joyi:Qizil dengiz (choʻkib olgan)

Hukmronlikning ilk davri

tahrir

515-yili xristian savdogarlari taʼsiriga tushib qolgan[2] Ma’dikaribni taxtdan agʻdarib, Yusuf As’ar (Zu Navos) zoʻravonlik bilan hokimiyatni egalladi. Boshqa maʼlumotga koʻra, Yusuf Zu Navos Asad al-Komilning avlodlaridan boʻlib, qonuniy hokimiyatni tiklagan. Harqalay, siyosiy maqsadda Zu Navos xristian diniga qarshi iudaizmga homiylik qila boshladi (Yusuf ismini ham iudaizmni qabul qilgach olgan). Xuddi shu vaqtda Habash hokimi Himyarga oʻz askarini yuborgan va u bir qancha joyda oʻrnashib qolgan koʻrinadi. Ularga qarshi Yusuf bir necha qayllar (qadimgi Yamanda yirik zodagonlar nomi) madadida yurishlar qiladi. Yusuf Zu Navos Zafor, Hadramavt va Tihomada oʻz hokimiyatini tiklab oladi. Ichkari Arabistonda himyarlar Eronga vassal laxmiylar bilan kurashdilar. Bularning hammasi Vizantiya va Eronning Yaman uchun kurashi bilan ham bogʻliq boʻlgan[3].

Najron qirgʻini

tahrir

Vizantiya Yaman uchun kechgan bu kurashda habashlardan foydalanishga harakat qiladi. Habashlarning Yamanga kuchli taʼsirini Najron shahri misolida koʻrish mumkin. Najron – Yamanning shimolida joylashgan yirik savdo shahri edi (hozir Saudiya Arabistoni tarkbida) va uning koʻpchilik aholisi xristian dinida edi. Najronga dastlab xristian dinining nestorian mazhabi kirib kelgan, soʻng monofizitlar ustunlikka erishgandilar. Shahar va uning atrofida Al-horis qabilasi yashar, u yerda mashhur Najron kaʼbasi mavjud edi. Najron arablari Hijozdagi badaviy arab qabilalari bilan doʻstona munosabatda boʻlgan. Shuning uchun ham Najron xristianlarini „jazo“lashga jazm qilgan Zu Navos dastlab shahardan shimolroqda joylashgan Kavkab va al-Hima chashmalarini egalladi[4]. Najron majzarasi (qirgʻini) natijasida shahar Zu Navosga tobe boʻldi. Ammo ayni vaqtda bu voqea xristian dunyosida katta aks-sadoga sabab boʻladi[5].

Isyon va halokat

tahrir

VI asr boshida Yamanda 8 yirik qayl (yirik zodagon) mavjud boʻlib, ularning eng nufuzlisi Yaman urugʻining qayli Sumayfa Ashva mamlakat janubida Zu Navosga qarshi isyon koʻtaradi. Shimolda esa Davs Zu Saʼalabon ham Yusuf Zu Navosga qarshi harakat boshladi[6]. Shunday vaziyatda 525-yili Vizantiya imperatori Yustinian I ning qistovi bilan Habashiston negusi (podshohi) Yamanga katta qoʻshin tortdi. Himyar va arhab urugʻlaridan boshqa hamma yaman urugʻlari Zu Navosni tark qilganligi tufayli u magʻlub boʻladi. Yusuf Zu Navos otini Qizil dengizga haydab halok boʻlishdan boshqa chora topa olmagan[7].

Manbalar

tahrir
  1. Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. − Toshkent: „Toshkent islom universiteti“, 2001. 87-bet.
  2. Piotrovskiy M. B. Yujnaya Araviya v ranneye srednevekovye. s. 20.
  3. Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. − Toshkent: „Toshkent islom universiteti“, 2001. 87-bet.
  4. Lundin A. G. Yujnaya Araviya v VI v. 1961. s. 45; Piotrovskiy M. B. Yujnaya Araviya v ranneye srednevekovye. s. 21-22.
  5. Pigulevskaya N. V. Blijniy Vostok. 1976. s. 117-128.
  6. Lundin A. G. Yujnaya Araviya v VI v. 1961. s. 45.
  7. Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. − Toshkent: „Toshkent islom universiteti“, 2001. 88-bet.