Abdulaziz al-Ustug‘dodiziy
Abdulaziz al-Ustugʻdodiziy (arabcha: عبد العزيز الأستغداديزي – Al-Hofiz Abu Muhammad Abdulaziz ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Osim ibn Ramazon ibn Ali ibn Aflah Abu Muhammad ibn Abu Jaʼfar ibn Abu Bakr al-Ustugʻdodiziy an-Nasafiy an-Naxshabiy al-Osimiy) – hadis hofizi.
Abdulaziz al-Ustug‘dodiziy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 1018-yil (hijriy 408-yil) |
Vafoti |
milodiy 1064-yil (hijriy 456-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | hadis hofizi |
Hayoti
tahrirAbdulaziz al-Ustugʻdodiziy 1018-yil (hijriy 408-yil)da tugʻilgan. Tugʻilgan yeri haqida aniq manbalar yoʻq.
An-Naxshabiy nomi bilan tanilgan, oʻz zamonasining mashhur hofizlaridan, imom-peshvolaridan sanalgan Abdulaziz al-Ustugʻdodiziy, shuningdek, sayyoh ham boʻlgan.
Olim ilm talabida Iroq, Hijoz, Shom va Misr kabi mamlakatlarga safar qilib, hadislar isnodni oʻrgangan, ularni koʻchirib yozgan. Hadislarni toʻplashdagi qobiliyati tufayli „Hofiz al-hadis“ degan faxrli nom qozongan. Abdulaziz al-Ustugʻdodiziy Naxshabda dastlab oʻz otasidan, keyinchalik Xuroson, Iroq va Damashqda zamonasining mashhur olimlaridan hadis tinglagan va hijriy 433-yilda (milodiy 1041–1042) Isfahonga borgan.
Taʼlim
tahrirAbdulaziz al-Ustugʻdodiziy Samarqandda Abu Tohir Muhammad al-Jurjoniydan, Buxoroda Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad al-Varroqdan, Isfahonda Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh ad-Dubbiydan, Marvda Abu-l-Qosim al-Hasan ibn Ismoil al-Mahmudiydan, Dandonqonda Abu Tohir Muhammad ad-Dandonqoniydan, Balxda Abu-l-Qosim Ubaydulloh ibn Muhammad as-Sijziydan, Nishopurda Abu Abdurrahmon Muhammad an-Nayliydan, Saraxsda Abu-l-Fazl Muhammad ibn Ahmad al-Horisiydan, Makkada Abu-l-Hasan Muhammad ibn Ali al-Azdiydan, Basrada Abu Ishoq Ibrohim ibn Talhadan, Kufada Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali al-Hasaniydan, Bagʻdodda Abu Tolib ibn Gʻaylon al-Bazzozdan, Sherozda Abu Bakr Muhammad as-Saffordan, Ramlada Abu-l-Hasan Muhammad ibn al-Husayn al-Gʻuzziydan, Bayt al-Maqdisda Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali al-Bayhaqiydan, Surda Abdulvahhob ibn al-Husayn al-Gʻazzoldan, Misrda Abu-l-Fazl Muhammad ibn Ahmad as-Saʼdiydan, Iskandariyada Abu Ali al-Hasan al-Gʻassoniydan, Tunisda Abu-l-Husayn Abdulvahhob as-Sayroniy va boshqalardan hadis eshitgan.
Faoliyati
tahrirShuningdek, hofiz Damashqqa borib, u yerda hadis aytgan va oʻz navbatida, undan muhaddis Abu Muhammad Abdulaziz ibn Ahmad al-Kattoniy ad-Dimashqiy, tarixchi, hadisshunos Abu Bakr Ahmad ibn Ali al-Xatib al-Hofizlar hadis rivoyat qilganlar.
Tarixchi olim Ibn al-Imod oʻz asarida Abdulaziz al-Ustugʻdodiziyning musanniflardan boʻlganini zikr qilsa-da, manbalarda hofizning qalamiga mansub asarlar haqida maʼlumotlar mavjud emas.
„Al-Qand fӣ zikr ’ulamā Samarqand“ asarida Abdulaziz al-Ustugʻdodiziyning Samarqand ilm toliblariga aytib turib yozdirgan hadisi keltirilgan.
Abu Saʼd as-Sam’oniy aytadi: „Men Ismoil ibn Muhammad al-Hofizdan Abdulaziz an-Naxshabiy haqida soʻradim. U (Ismoil ibn Muhammad) uni maqtay ketdi va uning ishlarini koʻp sharaflab dedi: „Oʻsha Naxshabiydir, oʻsha Naxshabiydir. U buyuk hofizlardan edi“.
As-Salafiy aytadi: „Al-Mu’taman al-Hofizdan Abdulaziz an-Naxshabiy haqida soʻradim. U aytdi: „U (an-Naxshabiy) al-Xatib va as-Suriy kabi hofizlardan boʻlgan. Unga maqtov aytganlar va uning fahm-farosatidan rozi boʻlganlar. U Misr va undan boshqa yerlarda isnodlarni oʻrgangan“.
Al-Hofiz Yahyo ibn Mandah deydi: „Abdulaziz oʻz zamonasida yodda saqlash va balogʻatda yagona edi. Bizning asrimizda yod olishlikda uningdek nafis xatli, tez yozib, tez oʻquvchi, goʻzal xulqli (olim)ni (hech kim) koʻrmagan“.
Shogirdlari
tahrirAbdulaziz al-Ustugʻdodiziyning shogirdlari qatorida nasaflik mashhur muhaddis olim Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad al-Baladiy, Abu-l-Husayn al-Muborak ibn Abduljabbor at-Tivariy, koʻzga koʻringan shofeʼiy faqihi, hadis ilmi bilimdoni Abu-l-Qosim Ali ibn Muhammad al-Massisiy, Sahl ibn Bishr al-Isfaroyiniylarning ham nomlari keltirilgan.
Vafoti
tahrirManbalarda olimning vafoti haqidagi maʼlumotlar ixtilofli boʻlib, bu xususda soʻz yuritar ekan, Yoqut al-Hamaviy „Ustugʻdodizah“ maqolasida „… u 459/1066-1067, baʼzilarning aytishicha, 457-yilda (milodiy 1064-1065) Naxshabda vafot etgan“ desa, „Naxshab“ maqolasida tarixchi olim Hibatulloh al-Akfaniyga tayanib, 1063-1064-yillarda (hijriy 456), quyiroqda „40 yoshga toʻlmay, 1060-1061-yillarda (hijriy 452) vafot etgan“, deydi. Bu toʻgʻrida Najmuddin an-Nasafiy 1063 (hijriy 455), as-Sam’oniy 1064 va 1065-yilllar may-iyun oylariga (hijriy 456 va 457-yillar jumodul-oxir) ishora qilgan. Az-Zahabiy „Tazkira al-huffāz“da yozadi: „U 1064-1065-yillarda (hijriy 457) Naxshabda vafot etgan. Abu-l-Qosim ibn Asokir aytadi: u 1063-1064-yillarda (hijriy 456) Naxshabda, yana baʼzilarning aytishicha, Samarqandda vafot etgan“. Ibn al-Imod esa Abdulaziz al-Ustugʻdodiziyning vafoti haqida yuqoridagi barcha mualliflarning asarlarida uchragan sana – 1063-1064-yillarni (hijriy 456) ixtiyor etgan[1].
Adabiyotlar
tahrir- Yoqut. Mu’jam. – Misr: „As-Saʼoda“, 1906. VIII, 273;
- As-Sam’oniy. Al-Ansāb. – Bayrut: „Dor al-jinon“, 1980. I, 133-134;
- Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. – Bayrut: „Dor ihyo at-turos al-’arabiy“, 1956. III, 1156-1157;
- Ibn al-Imod. Shazarāt az-zahab. – Damashq-Bayrut: „Dor Ibn Kasir“, 1991. V, 236;
- Najmuddin an-Nasafiy. Samarqandiya. – T: „OʻzME DIN“, 2001. 110;
- Imom Shamsiddin Zahabiy. Mashhur daholar siyrati. – T.: „Hilol-nashr“, 2017. 318;
- A. Bobojonov. Yoqut al-Hamaviyning „Mu’jam al-buldon“ asarida movarounnahrlik muhaddislar // Oʻzbekistonning Islom sivilizasiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi. – Toshkent-Samarqand: „Imom al-Buxoriy respublika ilmiy-maʼrifiy markazi“, 2007. 236.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |