Abdulmalik ash-Sheroziy

Abdulmalik ash-Sheroziy oʻrta asr matematigi va astronom olimi

Abdulmalik ash-Sheroziy (arabcha: عبد الملك الشیرازی — Abu-l-Husayn Abdulmalik ibn Muhammad ash-Sheroziy, 550/1155, Sheroz — taxminan 600/1204) — o‘rta asr matematigi va astronom olimi.

Abu-l-Husayn Abdulmalik ibn Muhammad ash-Sheroziy
Tavalludi milodiy 1155-yil (hijriy 550-yil)
Sheroz
Vafoti taxminan milodiy 1204-yil (hijriy 600-yil)
Sohasi matematika va astronomiya
Dini Islom

Biografiyasi

tahrir

Manbalarda hayotiga doir maʼlumotlar kam uchraydi. Abdulmalik ash-Sheroziy antik davr yunon matematiklari asarlarini o‘rganib tahlil qilgan va ularga arab tilida izohlar yozgan.

Hozirga qadar yetib kelgan yagona asari „Tasaffuh al-maxrӯtāt“ hisoblanadi. Ushbu asar miloddan avval III asrning ikkinchi yarmida yashagan, ellips va giperbola kalimalarini ilk marotaba ilmiy muomalaga kiritgan, mashhur geometriya olimi Apolloniyus Pergayus (Apollonius Pergaeus) qalamiga mansub „Konika“ („Konuslar“) nomli asarning muxtasar shaklidir. Abdulmalik ash-Sheroziy „Tasaffuh al-maxrӯtāt“ asarini yozishda o‘zidan avval „Konika“ ustida keng ko‘lamda tadqiqot olib borgan Hilol ibn Abu Hilol al-Himsiy va Sobit ibn Qurraning „Ilm ashkāl qutu’ al-maxrӯtāt“ nomli asarlaridan foydalangan. Abdulmalik ash-Sheroziyning mazkur asari lotin tiliga ham tarjima qilinib, 1669-yilda Kil (nemischa: Kiel) shahrida bosilgan.

Shu bilan birga, Abdulmalik ash-Sheroziy Klavdiy Ptolemey (Klaudyos Batlamyus)ning mashhur „Almagist“ asariga ham arab tilida izoh va sharh yozgan. Lekin ushbu asar bizgacha yetib kelmagan. Mazkur asar Qutbuddin ash-Sheroziy (vafoti: 710/1311-yil) tomonidan fors tiliga tarjima qilingan va „Durra at-tāj li g‘urra ad-dӣbāj“ nomli asarning bir bo‘limini tashkil etgan „Almagist“ tarjimasi orqali maʼlum.

Hozirda „Tasaffuh al-maxrӯtāt“ning qo‘lyozma nusxalari Turkiyaning To‘pqopi saroyi muzeyi, Sulaymoniya kutubxonasi hamda Angliyaning Bodlean kutubxonalarida saqlanmoqda[1].

Adabiyotlar

tahrir
  1. Brockelmann. GAL. Suppl. I, 858;
  2. Sezgin. GAS. III, 134;
  3. Abu-l-Qosim Qurboniy. Zindagiynomai Riyoziydononi davrai Islomiy. — Tehron: 1365. 304-305;
  4. Sargon Erdem. „Abdülmelik eş-Şirȃzi“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 272.

Manbalar

tahrir
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.