Abu Bakr Kalobodiy(arabcha:أبو بكر كلبادي — Abu Bakr Kalobodiy — Toʻliq ismiAbu Bakr Muhammad ibn Ibrohim ibn Yaʼqub Kalobodiy(vafoti 990-yil)) — Faqih, mutakallim va soʻfiy.

Abu Bakr Kalobodiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi Faqih,soʻfiy

Hayoti

tahrir

Abu Bakr Kalobodiy Buxoro sharif yaqinidagi „Kalobod“ mahallasida tavallud topgan. 380/990-yil vafot etgan Garchand yoshlik yillari, umuman, hayot yoʻli haqida yozma manbalarda juda kam yozilgan boʻlsada, ustozlari haqida baʼzi maʼlumotlar keltirilgan. Jumladan, Abu Bakr Kalobodiy fiqh boʻyicha taʼlimni mashhur shayx Muhammad ibn Fazldan, kalom ilmidan esa buxorolik yirik olim Abu Hafs Kabir Buxoriydan saboq olgan. Shuningdek, Abu Bakr Kalobodiyning bir qancha muddat Movarounnahrda qozilik mansabida faoliyat koʻrsatgani, tariqat yoʻllari va soʻfiylik ilmlarini taniqli shayx Qosim Forisdan olganligi haqida zikr qilinadi. Abu Bakr Kalobodiy vafot etgan sanani eʼtiborga olsak, olimning ilmiy hayoti va ijodiy faoliyati, asosan, X asrga, yaʼni yurtimizda ilm-fan va madaniyat yuksak pogʻonaga koʻtarilgan davrga toʻgʻri keladi. Binobarin, Abu Bakr Kalobodiy mana shu jarayonga oʻz munosib hissasini qoʻshgan. Abu Bakr Kalobodiy koʻp hadislarini yod biladigan muhaddis sifatida shuhrat qozongan. Baʼzi olimlarning yozishicha, Abu Bakr Kalobodiy yuz mingdan koʻproq hadisni yod bilgan. Shu boisdan boʻlsa kerak, taniqli arab olimi Zirikliyning „Al-aʼlom“ asarida Abu Bakr Kalobodiy haqida „min huffozi-l-hadis“ (hadis hofizlaridan) deb taʼrif berilgan. Abu Bakr Kalobodiy shuningdek, oʻziga xos usuliy olim, tasavvuf tarixining benazir tadqiqotchisi sifatida mashhur boʻlgan.[1]

Faoliyati

tahrir

Abu Bakr Kalobodiyning ilmiy-maʼnaviy merosi haqida maʼlumot bergan mualliflar uning qalamiga mansub besh yoki oltita asar boʻlganligi haqida zikr qilganlar. Hozirgi maʼlumotlarga koʻra, Abu Bakr Kalobodiyning asaridan faqat ikkitasi bizgacha yetib kelib, qolganlari yoʻqolib ketgan hisoblanadi. Ulardan biri „Bahru-l-favoid“ („Foydali ilmlar dengizi“) deb atalib, taniqli olim Hoji Xaliyfa va bir qator mualliflar yozishlaricha, bu asar „Maʼonu-l-axbor“ („Xabar (hadis)larning maʼnolari“) nomi bilan mashhur. Alloma ushbu kitobida janob paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning odob-axloq va tarbiyaviy masalalarga oid 592 hadisi shariflarini muxtasar sharhlari bilan birga keltiradi. Abu Bakr Kalobodiy ilmiy-ijodiy faoliyati davrida hadis-larga bagʻishlangan asarlarni sharhlash alohida ahamiyat kasb etgan. Chunonchi, baʼzi mualliflarning qayd etishlaricha, Abu Bakr Kalobodiy hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning ishonchli hadislarini oʻzida jam qilgan „Al-jomiʼu-s-sahih“ nomli asariga ham sharh yozgan. Abu Bakr Kalobodiyning nomini jumlai jahonga doston qilgan shoh asari, shubhasiz, „At-taʼarruf li mazhabi ahli-t-tasavvuf“ („Tasavvuf ahlining diniy qarashlari, mazhabining taʼrifi“) nomli asa­ri­dir. Nomidan ham koʻrinib turganidek, bu asar tasavvufga bagʻishlangan boʻlib, ilmiy adabiyotlarda qisqacha „At-taʼarruf“ („Tanishish“) nomi bilan mashhur. Bu asar tasavvuf ilmiga bagʻishlab arab tilida yozilgan dastlabki muhim kitoblardan biri hisoblanadi.[2] Asarning bir qoʻlyozma nusxasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi SHQM xazinasida saqlanadi. 3154-V raqami ostida saqlanayotgan ushbu qoʻlyozma kolofonida bitilgan maʼlumotga koʻra, ushbu asar 415/1025-yilda koʻchirilgan boʻlib, uni koʻchirgan xattotning ismi-sharifi koʻrsatilmagan. Abu Bakr Kalobodiy asariga bagʻishlab bir qancha sharhlar ham bitilgan. Jumladan, shayxulislom Abdulloh ibn Muhammad Ansoriy Hiraviy, Qoziy Alouddin Ali ibn Ismoil Tabriziy, Mullo Muhammad Olim Shoshiy kabi olimlar ushbu nodir asarga bagʻishlab sharh bitganlar. Taniqli olim Abu Ibrohim Ismoil ibn Muhammad Mustamliyning (vafoti 1042-yil) fors tilida yozilgan „Nuru-l-muridiyn“ nomli sharhi „At-taʼarruf“ga yozilgan koʻplab sharhlar ichida eng qimmatlisi hisoblanadi. Abu Bakr Kalobodiy asarining mazmun-mohiyati haqida gapirganda, professor Najmiddin Komilov iborasiga koʻra, uni shartli ravishda uch qismga boʻlish mumkin. Ular:

1. Tasavvufning paydo boʻlish tarixi, uning taʼrifi, tasavvuf ilmiga oid atamalar sharhi, uning yirik namoyandalari haqidagi maʼlumotlar. 
2. Tariqat va shariat ahkomlarining oʻzaro uygʻunligi, tasavvufning islomiy negizlari bayoni. 
3. Soʻfiylik holatlari, tariqat talablari, maqomotlar haqidagi tushunchalar sharhi.

Abu Bakr Kalobodiyning mazkur asari tasavvuf taʼlimoti tarixini keng koʻlamda yoritadigan dastlabki yozma manbalardan hisoblanadi.[3]

Asarlari

tahrir
„Bahru-l-favoid“, 
„At-ta-ʼarruf li mazhabi ahli-t-tasavvuf“

Manbalar

tahrir
  1. Hoji Xaliyfa. Kashfu-z-zunun. J.1. — B. 419
  2. Zirikliyil Al-aʼlom. J.5. — B. 295
  3. Uvatov U. Oʻzbekiston-buyuk allomalar yurti. — B. 146.