Abujahl tarvuzi — qovoqdoshlar oilasiga mansub yoʻgʻon, tugunaksimon ildizli koʻp yillik oʻt. Poyasi chirmashuvchi yoki yer bagʻirlab yotuvchi, uzunligi 2-4 m. Barglari, asosan tuxumsimon, chetlari oʻyilgan, gullari sargʻish-oq; changchili gullari (7-15 tadan) poyaning yuqori qismida — shingidda, urugʻchili gullari (5-12 tadan) oʻsimlikning pastki qismida oʻrnashgan. Mevasi qora yoki qoʻngʻir, dumaloq, diametri 7-8 mm. Urugʻi yassi-tuxumsimon, mayda. May-iyulda gullaydi. Oʻrta Osiyo (jumladan Oʻzbekiston)da, Yevropada, Kavkaz, Eron va Skandinaviyada uchraydi. Abujahl tarvuzi — dorivor oʻsimlik; ildizida glikozidlar, kraxmal, oshlovchi modda, smola, mochevina, olma kislotaning tuzlari borligi aniqlangan. Abujahl tarvuzining gullamasdan qazib olingan yangi ildizidan tayyorlangan essensiya gomeopatiyatsya qoʻllanadi. Ildizining spirtdagi eritmasi xalq tabobatida ogʻriq qoldirish, jarohat, yaralarni davolash, yoʻtalni qoldirish hamda bod ogʻrigʻini yoʻqotish uchun ishlatiladi. Abujahl tarvuzi suvi gijjani davolashda ham ishlatiladi[1].

Manbalar

tahrir
  1. Saodat Temirova. „Gijja va uni davolash yoʻllari“. Toshkent, 2013-yil

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil