Allergik rinit

Insonlarda uchrovchi allergik kasallik

Allergik rinit bu burun shilliq qavatining oʻtkir yoki surunkali yalligʻlanish kasalligi boʻlib, nafas havosi bilan kirgan allergenlarga immun sistemasining oʻta kuchli javob reaksiyasi tufayli paydo boʻladi. Bu kasallikni keltirib chiqaruvchi allergenlarga chang, hayvon yunglari, mogʻor sporalari, oʻsimlik changlari va boshqalarni keltirish mumkin. Allergik rinit rinitlarning eng keng tarqalgan turi boʻlib, boshqa allergik holatlar masalan konyuktivit, atopik dermatit, yoki astma kabi kasalliklar bilan aloqador boʻladi[1]. Bemorlarda burun bitishi, burundan suv kelishi va aksirish kabi belgilar kuzatiladi. Allergiya belgilarining kuchayishi maʼlum fasllarda yoki allergenlar bilan nafas olinganda kuzatiladi. Allergik rinit odatda klinik belgilariga qarab tashxislanadi. Allergik rinitning qoʻzgʻatuvchi agentini aniqlashda yoki tashxisda ikkilanish boʻlganida turli allergik testlardan foydalaniladi. Dastlabki davo usullarini allergendan holi boʻlish, mahalliy kortikosteroidlar va antigistaminlar tashkil etadi. Agar yuqoridagi davo usullari yetarli boʻlmasa, allergen immunoterapiya usuli haqida oʻylab koʻrish mumkin.

Allergik rinit
Sinonimlari Pollinoz
Turli xil oʻsimliklardan olingan changlar (500 marta kattalashtirilgan boʻlib, asl kengligi 0.4 mm)
Mutaxassislik Allergiya va immunologiya
Turlari mavsumiy va doimiy
Sabablari genetik va tashqi muhit omillari
Tashxis usullari Belgilariga, teri prik testi, qondagi IgE miqdoriga qarab
Oldini olish Hayvonlar bilan erta aloqada boʻlish
Davolash Intranazal glukokortikoidlar, antigistamin, leykotrien retseptor agonistlari, allergen immunoterapiya

Belgi va simptomlari tahrir

Allergik rinitning xarakterli belgilariga davomli aksirish, burun bitishi, burundan suv kelishi, burun hamda tomoqning qichishi va baʼzan giposmiya (hid bilishning pasayishi) kiradi. Allergik rinit boʻlgan bemorlarda 50-70 % hollarda allergik konyuktivit (koʻz shilliq pardasining yalligʻlanishi) kuzatilganligi sababli qoʻshimcha koʻzlarning qizarishi, qichishishi va koʻz yosh tashlash kuzatilishi mumkin.Tashqi tomondan bemor pastki qovoqlarida giperpigmentatsiya va shish kuzatiladi. Shuningdek, bemorlarda allergik rinit boʻlganida, ular burunlarini pastdan yuqoriga qarab artishadi. Chunki, shu bilan burundagi qichishishni ham kamaytirishga erishishadi. Bu holat tibbiyotda allergik salyut deb nomlanadi[2].

Sabablari tahrir

Asosan oʻsimlik changi va boshqa allergenlar tomonidan chaqiriladigan I tip gipersezuvchanlik reaksiyasi (IgE ga aloqador reaksiya) natijasida yuzaga keladi. Bu kasallikka tashqi muhit omillaridan tashqari genetik moyillik ham muhim rol oʻynaydi[1].

Xavf omillari tahrir

Genetik moyillik

Oila aʼzolarida allergik kasalliklar boʻlishi

Boshqa allergik kasalliklar — allergik konyuktivit, atopik dermatit va bronxial astma

Antibiotiklar, sunʼiy ozuqalar va kashalardan erta foydalanish[3]

Oʻsimliklar gullash faslida tugʻilish

Diagnostikasi tahrir

 
Teri prik testi

Allergik rinitga tipik simptomlar, tibbiy koʻruv va kasallikning davolashga javobiga qarab tashxis qoʻyiladi. Agar simptomlar ogʻir darajada, davoga yetarlicha taʼsir etmasa va tashxis nomaʼlumligicha qolsa, teri prik testidan foydalanib allergen aniqlanadi va tashxis tasdiqlanadi[4]. Agar teri prik testidan foydalanish imkoni boʻlmasa, qondagi IgE miqdoridan ham tashxisni tasdiqlashda foydalanish mumkin.

Klassifikatsiyasi tahrir

Mavsumiy allergik rinit — maʼlum fasllarda havo tarkibidagi changlar miqdorining oʻzgarishi natijasida yuzaga keladi.

Doimiy allergik rinit — fasllarga bogʻliq boʻlmagan holda doimiy kuzatiladi.

Differensial diagnostika tahrir

Allergik boʻlmagan rinitlar

Sinusit

Nasal polip

Adenoid gipertrofiyasi

Profilaktikasi tahrir

Profilaktikaning asosini kasallik chaqiradigan allergendan oʻzini olib qochish tashkil etadi. Bu chora-tadbirlarga xonadonda uy hayvonlarni saqlamaslik, uni quruq saqlash va gilamlardan foydalanmaslikni keltirish mumkin[5].

Davolash tahrir

Intranazal kortikosteroidlar allergik rinit simptomlarini yengillashtirishda foydalaniladigan eng samarali usul hisoblanadi. Ikkinchi qator preparatlariga oral hamda intranazal antigistaminlar, dekonjestantlar, intranazal kromolin, intranazal antixolinergiklar va leykotriyen retseptor antagonistlari kiradi. Dekonjestanlar va intranazal kromolin bolalar uchun tavsiya etilmaydi[1][5].

Epidemiologiyasi tahrir

Allergik rinit rinitlarning eng koʻp uchraydigan shakli boʻlib, rinitlarning 50-70 % ini tashkil qiladi. Bu kasallik har oltita amerikalikdan bittasini zararlaydi[1][6].

Manbalar tahrir

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 Seidman MD, Gurgel RK, Lin SY, et al. Clinical practice guideline: Allergic rhinitis. Otolaryngol Head Neck Surg.2015; 152(1 Suppl): p.S1-S43. doi: 10.1177/0194599814561600
  2. Greiner AN, Hellings PW, Rotiroti G, Scadding GK. Allergic rhinitis. Lancet. 2011 Dec 17;378(9809):2112-22. doi: 10.1016/S0140-6736(11)60130-X. Epub 2011 Jul 23. PMID: 21783242.
  3. Duong QA, Pittet LF, Curtis N, Zimmermann P. Antibiotic exposure and adverse long-term health outcomes in children: a systematic review and meta-analysis. J Infect.2022. doi: 10.1016/j.jinf.2022.01.005.
  4. Williams PB, Dolen WK, Koepke JW, Selner JC. Comparison of skin testing and three in vitro assays for specific IgE in the clinical evaluation of immediate hypersensitivity. Ann Allergy. 1992 Jan;68(1):35-45. PMID: 1736718.
  5. 5,0 5,1 Sur DK, Plesa ML. Treatment of Allergic Rhinitis. Am Fam Physician. 2015 Dec 1;92(11):985-92. PMID: 26760413.
  6. Bernstein JA. Allergic and mixed rhinitis: Epidemiology and natural history. Allergy Asthma Proc. 2010 Sep-Oct;31(5):365-9. doi: 10.2500/aap.2010.31.3380. PMID: 20929601.