Amu-zang kanali, Amu-Zang mashina kanali- Surxondaryo viloyatidagi sugʻorish kanali. Amudaryo oʻng qirgʻogʻidan, Surxondaryoning quyilish joyidan 16 km yuqoridan suv oladi. Amudaryo suvini Zang gidrouzeli yuqori befiga koʻtarib beradi. 1973-yilda qurilgan. Uzunligi 56 km, suv oʻtkazish imkoniyati 20 m³/s. Suvni maksimal koʻtarib berish balandligi 77 m (ikki bosqichda). Kanal tarkibiga ikkita bir xil tipdagi nasos stansiyalari kiradi. Amu-Zang 1 nasos stansiyasi suvni daryodan 500 m uzunlikdagi taʼminlovchi kanal orqali oladi, koʻtarish balandligi 33 m, 16 nasos agregati oʻrnatilgan, umumiy quvvati 10 ming kVt; Amu-Zang 2 nasos stansiyasining suvni koʻtarib berish balandligi 44 m, quvvati 12,8 ming kVt. Amu-Zang kanali ishga tushirilishi Surxondaryo viloyatining janubida Zang kanalidan sugʻoriladigan 20 ming gektar yerni Amudaryo suvi bilan sugʻorish imkoniyatini yaratdi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil