Zang kanali
Zang kanali – Surxondaryo viloyatidagi sugʻorish kanali. Uzunligi 96 km, suv oʻtkazish imkoniyati 85 m3/sek. Kanal Arpapoya qishlogʻi yaqinida Surxondaryodan suv oladi. Zang kanali – qadimgi kanallardan biri (taxminan 9—10-asrlarda qazilgan), bir necha marta qayta tiklangan. Hozirgi Zang kanali deyarli qadimgi kanal oʻrnida 1912-yilda qayta qazilgan. 30-yillarda Angor, Tallimaron, 50-yillarda Beshqoʻton, Muzrabot massivlari oʻzlashtirilishi bilan kanal uzaytirildi va kengaytirildi. Tallimaron tarmogʻi Muzrabotsoygacha uzaytirildi, 19670-yilda kanalning bosh qismida Jarqoʻrgʻon gidrouzeli qurildi (Zang kanali shu gidrouzel sistemasiga kiradi). 1972-yilda, Amu-Zang kanali qurilgach, Zang kanali Amudaryodan suv ola boshladi. Zang kanali Jarqoʻrgʻon, Termiz, Muzrabot tumanlaridagi 60 ming ga yaqin yerni sugʻoradi va Uchqizil suv omborini suv bilan taʼminlaydi. Kanalning 40 km ga yaqin qismiga beton yotqizilgan. Sugʻorish mavsumidan boshqa davrda kanal suvi Uchqizil suv omboriga beriladi[1].