Bosh menuni ochish

Muzrabot tumani - Surxondaryo viloyatidagi tuman. 1968-yil 25-dekabrda tashkil etilgan. 1994-yilgacha Gagarin tumani deb atalgan. Viloyat hududining eng janubiy qismini egallaydi. Shimolida viloyatning Sherobod va Qiziriq, sharqda Angor tumanlari, janubi-sharqda Termiz tumani, janubida Amudaryo orqali Afgʻoniston, gʻarbda Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 740 km². Aholisi 99,1 ming kishi (2002). Tumanda 9 qishloq fuqarolar yigʻini (Beshqoʻton, Boldir, Guliston, Muzrabot, Navbahor, Obodon, Xalqobod, Shoʻrob, Qorakamar) bor. Tuman markazi — Xalqobod qo'rg'oni.

Muzrabot tumani
Музрабатский район
tuman
Tarkibida Surxondaryo viloyati
Maʼmuriy markazi Xalqobod (Muzrabot tumani)
Rasmiy tillar Oʻzbek
Soat mintaqasi UTC+5

Tabiati. Tuman hududi asosan, tekislikdan iborat, shimolidan janubiga Amudaryoga tomon pasayib, gʻarbi Koʻhitang togʻining janubiy qismiga yondashadi. Oʻrtacha temperatura yanvarda 0° dan 2° gacha, iyulda 37°—42. Yozi uzoq, issiq va quruq. Yillik yogʻin miqdori 110–120 mm. Vegetatsiya davri 250—280 kun. Tumanda Afgʻon shamolining taʼsiri kuchli. Muzrabot tumani hududidan Qorasuv daryosi, Muzrabotsoy va Zang kanali oqib oʻtadi. Tuprogʻi boʻz tuproq, shoʻrxok, taqirlar ham uchraydi. Yovvoyi oʻsimliklardan yantoq, gʻijmaloq (tuyaqorin), saksovul, qamish oʻsadi, yovvoyi hayvonlardan boʻri, tulki, chiyaboʻri, jayra, ilon, toshbaqa, Amudaryo sohillarida qobon, qoplon uchraydi.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar; shuningdek, tojik, rus, turkman va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 133 kishi (2002).

Xoʻjaligining asosini qishloq xoʻjaligi tashkil etadi. Paxta tozalash va asfalt, yogʻmoy zavodlari, 1 qoʻshma korxona, 8 paxta tayyorlash punkti, maishiy xizmat koʻrsatish, don mahsulotlari kombinatlari va boshqa korxonalar bor. Qishloq xo'jaligi asosan, paxta yetishtirish va dehqonchilikka ixtisoslashgan. Sugʻoriladigan yerlar 36066 ga, shu jumladan, 15505 ga yerga paxta, 13298 ga yerga gʻalla, 473,5 ga yerga beda, 206,5 ga yerga kartoshka, 745 ga yerga yem-xashak ekinlari, 571 ga yerga sabzavot va poliz ekinlari ekiladi, 18 ga yer bogʻlardan iborat. Tumanda 9 shirkat xoʻjaligi, chorvachilik majmuoti, 562 fermer xoʻjaligi, 6 fermer xoʻjaliklar uyushmasi mavjud. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 27,4 ming qoramol, 34,6 ming qo'y va echki, 60,5 ming parranda bor. Tumanning janubidan temir yoʻl oʻtgan. 54 umumiy taʼlim maktabi (30 mingga yaqin oʻquvchi), 4 kollej va litsey, 25 kutubxona, 29 klub va madaniyat uylari ishlab turibdi. 3 kasalxona, poliklinika, 12 dorixona Muzrabot tumanidagi un kombinati va boshqa tibbiy muassasalarida 124 vrach va 745 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi. 1969 yildan "Mehnat zafari" tuman gazetasi chiqariladi (adadi 2000). Tuman hududida jez davriga oid Sopollitepa, Kampirtepa (miloddan avvalgi 3— milodiy 3-asr), Qorakamar gʻorlar majmuoti (1-asr), Buzrukota meʼmoriy majmu-asi (15-asr) va boshqa qad. yodgorliklar bor.[1]

ManbalarTahrirlash

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil