Birinchi ingliz—afgʻon urushi

Birinchi ingliz—afgʻon urushi (pushtucha: ده انګريز افغان اولني جګړه) 1838-yildan 1842-yilgacha Britaniya imperiyasi va Kobul amirligi oʻrtasida boʻlib oʻtgan urush. Inglizlar dastlab amir Doʻstmuhammadxon (Barakzay) va sobiq qirol Shoh Shujo (Durroniy) oʻrtasidagi nizoda sobiq qirol taraf boʻlib, 1839-yil avgustda Kobulni egallab olgach, Shoh Shuja hukmronligini tiklab, mamlakatga muvaffaqiyatli bostirib kirishgan. Kobulni egallab olgan Britaniya hind qoʻshinlari shaharda ogʻir qishlarni boshdan kechirishgan. 1842-yilda Kobuldan chekinish paytida harbiy kuchlar va ularning harbiy qarorgohdagi aʼzolari deyarli butunlay qirgʻin qilingan[2][3].

Birinchi ingliz—afgʻon urushi
Ushbu maqola Katta oʻyinning bir qismi

Gʻazni jangi paytida qalʼaga hujum qilgan ingliz-hind qoʻshinlari tasvirlangan toshbosma (1839-yil 23-iyul)
Sanalar 1838-yil 1-oktyabr — 1842-yil oktyabr
Urush yeri Afgʻoniston
Natija Barakzay Afgʻoni gʻalabasi
Raqiblar
Barakzaylar
 Kobul amirligi
Qandahor knyazligi
Kalat xonligi
Xulm (1840-yil avgustdan 1841-yil noyabrgacha urushda)
Marri
Bugti
Afgʻon qabilalari
Barakzaylarga sodiq kuchlar
Durroniylar
 Britaniya imperiyasi
 •  Ost Indiya kompaniyasi
 Durroniy qirolligi
Maymana xonligi
Xulm (1840-yil avgust bir necha kun davomida, 1840-yil sentyabrdan 1841-yil noyabrgacha)
Sadozaylarga sodiq kuchlar
Qoʻllab-quvvatlovchi:
 Sikx imperiyasi
Qoʻmondonlar
Afgʻoniston amirligi Doʻstmuhammadxon Taslim boʻlish (harbiy)



Shujo ul-Mulk X


Yoʻqotishlar
Nomaʼlum ~40,000 britaniyalik halok boʻlgan[1]

Inglizlar avvalgi kuchlari yoʻq qilingani uchun uchun qasos olish maqsadida Kobulga qasos armiyasini yuborishgan. Mahbuslarni ozod qilgan ushbu kuchlar yil oxirigacha Afgʻonistonni tark etgan. Doʻstmuhammadxon oʻz hukmronligini tiklash uchun Hindistondagi surgundan qaytib kelgan.

Bu urush Katta oʻyin davridagi dastlabki yirik toʻqnashuvlardan biri boʻlib, 19-asrda Buyuk Britaniya va Rossiya oʻrtasida Markaziy Osiyoda hokimiyat va taʼsir uchun kurash ham boʻlgan.

Kelib chiqishi

tahrir

Sabablari

tahrir

19-asr Britaniya va Rossiya imperiyalari oʻrtasida Janubiy Osiyodagi taʼsir doiralar uchun inglizlar „Katta oʻyin“ va ruslar esa „Soyalar musobaqasi“ deb atagan diplomatik raqobat davri boʻlgan[4]. Imperator Pavel I dan boshqa hech bir rus podshosi Hindistonga bostirib kirish haqida oʻylamagan. Mazkur imperatorning 1800-yilda Hindistonga bostirib kirish haqidagi buyrugʻi 1801-yilda oʻldirilganidan keyin bekor qilingan. Biroq, 19-asrning koʻp qismida Britaniyada Rossiyaga nisbatan „dushman“ sifatida qarash kayfiyati saqlanib qolgan. Rossiyaning Markaziy Osiyoga, hozirgi Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston va Tojikiston hududiga har qanday yurishi Londonda, amerikalik tarixchi David Fromkin taʼkidlaganidek, „qanchalik uzoq boʻlmasin“, har doim Hindistonni zabt etishga qaratilgan deb qabul qilingan[5]. 1832-yilda Buyuk Britaniyada ovoz berish va lavozimni egallash uchun talablarni pasaytirishni nazarda tutgan birinchi islohot qonuni qabul qilingan. Mazkur qonunni oʻta konservativ Rossiya imperatori Nikolay I ochiqchasiga maʼqullamagan. Bu esa koʻpchilik rus avtokratiyasi va Britaniya demokratiyasi toʻqnash kelishiga ishongan Angliya-Rossiya „sovuq urushi“ uchun zamin yaratgan[6]. 1837-yilda lord Palmerston va John Hobhouse Afgʻoniston va Sinddagi beqarorlik hamda Sikx qirolligining shimoli-gʻarbda kuchayib borishidan qoʻrqib, Afgʻoniston orqali Britaniya Hindistoniga ruslar bostirib kirishi mumkinligi haqidagi tasavvurni ilgari surishgan. Inglizlar imperator Nikolay I tashqi siyosatini inglizlarga qarshi va Osiyoda kengayish siyosati deya notoʻgʻri tushunishga moyil boʻlishgan. Imperator Nikolay Britaniyani liberal demokratik davlat sifatida yoqtirmasdan, „gʻalati“ deb bilgan boʻlsa-da, har doim Britaniya bilan Osiyodagi taʼsir doiralari boʻyicha kelishuvga erishish mumkinligiga va liberalizmning paydo boʻlishini boshdan kechirgan Britaniya jamiyatining mohiyatiga koʻra konservativ tabiatga ega ekanligiga ishongan[7]. Nikolay tashqi siyosatining asosiy maqsadi Osiyoni zabt etish emas, balki Yevropadagi status-kvo saqlanib qolishi, ayniqsa Prussiya va Avstriya bilan hamkorlik qilish hamda Fransiyani izolyatsiya qilish boʻlgan. Chunki fransuzlar qiroli Lui Filipp I ni Nikolay „uzurpator“ boʻlgani uchun yomon koʻrgan[8]. Orlean gersogi bir vaqtlar Nikolayning doʻsti boʻlgan, ammo 1830-yilgi inqilobdan keyin Fransiya taxtini egallagach, Nikolay liberalistdek koʻrina boshlagan sobiq doʻstiga nisbatan nafrat bilan qaray boshlagan[9]. Rossiya Ost Indiya kompaniyasi uchun tahdid boʻlgan degan fikr sodir boʻlgan voqealarning bir versiyasidir. Olimlar hozirda Ost Indiya kompaniyasi qoʻrquvi aslida Doʻstmuhammadxon va Eron Qojar hukmdori ittifoq tuzib, Panjobda sikxlar hukmronligiga barham berish niyatida boʻlgan, degan boshqacha talqinni maʼqullashmoqda. Inglizlar bosqinchi islom qoʻshini Hindistonda xalq va knyazliklarning qoʻzgʻoloniga sabab boʻlishidan qoʻrqib, Doʻstmuhammadxon oʻrniga siyosiy jihatdab „yumshoqroq“ hukmdorni tayinlashga qaror qilishgan. „Mish-mishlar hayot va imperiyaning oʻzi uchun qimmatga tushishi mumkin edi. Shuning uchun ham Ost Indiya kompaniyasi sharqona boshqaruv oʻrnatilishi haqida emas, rus ayigʻi tahdidi haqida gapira boshlagan“[10].

1834-yilda Shoh Shujo Durroniy inglizlar yordami bilan Qandahorga bostirib kirgan, ammo magʻlubiyatga uchragan[11].

Kompaniya Afgʻoniston amiri Doʻstmuhammadxon bilan Rossiyaga qarshi ittifoq tuzish uchun Kobulga elchi yuborgan[12][13]. Afgʻonistondagi fuqarolar urushi davrida sikxlar Peshovarni Peshovar sardorlaridan tortib olib, oʻzlariga boʻysundirishgan. Inglizlar Dal Xalsadan qoʻrqishardi. Ular sikx armiyasini tartibli qoʻshinga ega boʻlmagan va faqatgina jihod bayrogʻi ostida amir uchun kurashga chiqadigan afgʻon qabilalariga qaraganda ancha kuchliroq tahdid deb hisoblashgan[14]. Shu sababli lord Oklend Afgʻoniston bilan ittifoqdan koʻra Panjob bilan ittifoqni afzal koʻrgan[14]. Inglizlar Panjob yoki Afgʻoniston bilan ittifoq tuzishlari mumkin boʻlsa-da, ikkalasi ham bir vaqtning oʻzida emas edi[14].

Hindiston general-gubernatori Lord Oklend Kobulga rus elchisi graf Yan Prosper Vitkevichning (ismning ruscha varianti Yan Vitkevich boʻlgan) kelishi va Doʻstmuhammadning Rossiyaga yordam soʻrab murojaat qilishi ehtimoli haqida eshitgach, siyosiy maslahatchilari mavjud tahdidni boʻrttirib koʻrsatishgan[15]. Ost Indiya kompaniyasining Afgʻonistondagi bosh siyosiy mudiri lavozimida ishlagan shotlandiyalik Alexander Burnes Vitkyevichni shunday ta’riflagan: „U taxminan oʻttiz yoshlardagi, fransuz, turk va fors tillarida bemalol gaplashadigan, oliyjanob va xushmuomala odam edi. Shuningdek, kazaklar ofitseri kiyimini kiyib yurardi“[16]. Vitkevichning borligi Byornsni tushkunlikka solib qoʻygan. Bir zamondoshi u „umidsizlikka tushib, boshini hoʻl sochiq va roʻmol bilan bogʻlab, oʻtkir hidli shishani hidladi“ deb taʼkidlagan[16]. Doʻstmuhammad graf Vitkevichni Rossiya bilan ittifoq tuzishni chindan xohlagani uchun emas, balki inglizlarni oʻzining ashaddiy dushmani Panjob Maxarajasi Ranjit Singx bilan ittifoq tuzishdan qoʻrqitish uchun Kobulga taklif qilgan edi. Inglizlar Singxni oʻzi bosib olgan sobiq afgʻon hududlarini qaytarishga majbur qilish qudratiga ega edi. Ruslar esa qaytara olmasliklari ham Doʻstmuhammadxon nega inglizlar bilan ittifoq tuzishni xohlayotganini tushuntirardi. Byorns 1837-yil dekabr oyining oxirida graf Vitkevich va Doʻstmuhammad bilan kechki ovqatdan keyin uyiga qaytayotganidagi voqea haqida quyidagicha yozgan: „Biz tartibsiz uydamiz. Rossiya imperatori Ranjit Singxga qarshi jang qilish ... [afgʻonlarga] pul taklif qilish uchun Kobulga elchi yubordi!!! Men oʻz koʻzlarim va quloqlarimga ishonmayapman“[14]. 1838-yil 20-yanvarda lord Oklend Doʻstmuhammadga ultimatum yuborib, shunday degan: „Rossiya bilan barcha yozishmalardan voz kechishingiz kerak. Hech qachon ularning agentlarini qabul qilmaysiz yoki bizning ruxsatimizsiz ular bilan hech qanday aloqada boʻlmasligingiz kerak. Kapitan Viktevichni xushmuomalalik bilan ortga qaytarishingiz kerak. Peshovarga nisbatan barcha daʼvolaringizdan voz kechishingiz kerak“[17]. Byornsning oʻzi lord Oklendning maktubi „yozuvchining niyatini koʻrsatib qoʻyadigan darajada diktatorlik va oʻta shafqatsiz“ ekanligidan shikoyat qilib, maktubni imkon qadar uzoq vaqt yetkazmaslikka harakat qilgan[18]. Doʻstmuhammad maktubdan xafa boʻlsa-da, urushdan qochish uchun oʻzining maxsus harbiy maslahatchisi, amerikalik sarguzasht izlovchi Josiah Harlan orqali qandaydir murosaga kelish mumkinligini bilish uchun Byorns bilan muzokaralar olib borgan[19]. Byorns aslida hech qanaqa muzokara qilish huquqiga ega emas edi. Harlan Byornsning shunchaki harakatsizligidan shikoyat qilgan. Bu esa Doʻstmuhammadning 1838-yil 26-aprelda Britaniya diplomatik missiyasini chiqarib yuborishiga sabab boʻlgan[19].

Britaniyaning Fors va Afgʻonistonning Hindistonga bostirib kirishi borasidagi qoʻrquvi 1838-yilda afgʻonlar va ruslar oʻrtasidagi muzokaralar barbod boʻlgach, haqiqatga yanada yaqinlashgan. Forsning Qojarlar sulolasi Rossiya yordami bilan Hirotni qamal qilishga harakat qilgan[4]. Afgʻonistondagi Hirot shahri tarixan Forsga tegishli shahar boʻlib, Qojar shohlari shaharbi qaytarib olishni anchadan beri orzu qilgan. Shahar „Oʻrta Osiyo don ombori“ nomi bilan mashhur boʻlgan unumdor tekislikda joylashgan. Hirot va uning atrofidagi qishloqlarni nazorat qilgan hukmdor butun Markaziy Osiyodagi eng yirik don manbasini ham nazorat qilar edi[20]. Oʻrta Osiyoda oʻz ishtirokini kuchaytirishni istagan Rossiya 1709-yilda Safaviy Forsi tarkibiga kirgan Hirot masalasida Afgʻoniston bilan hududiy ziddiyatlarga ega Qojar Forsi bilan ittifoq tuzgan. Lord Oklendning rejasi qamal qilayotganlarni quvib chiqarib, Doʻstmuhammad oʻrniga bir paytlar Afgʻonistonni boshqargan hamda oʻzini afgʻon taxtiga qayta tiklashi mumkin boʻlgan har qanday kuch bilan ittifoq tuzishga tayyor Shujoshoh Durroniyni tayinlash edi. Bu paytda Shujo Doʻstmuhammadxonni agʻdarish uchun harbiy tajribasi Birinchi Birma urushida Ost Indiya kompaniyasi qoʻshinlari tarkibida jarroh boʻlib ishlagan amerikalik sarguzashtchi Josiah Harlanni yollagan[21]. Shujo shoh 1809-yilda taxtdan agʻdarilgan hamda 1818-yildan buyon Britaniya Hindistonida surgunda yashab, bir kun kelib shohning foydasi tegishi mumkinligiga ishongan Ost Indiya kompaniyasidan nafaqa olib turgan[14]. Inglizlar Afgʻonistonga bostirib kirayotganlarini rad etib, „qonuniy“ Shujo hukumatini „chet el aralashuvi va soxta muxolifatga qarshi“ qoʻllab-quvvatlayotganlarini daʼvo qilishgan[3]. 1838-yilga kelib Shujo shohni sobiq fuqarolarining koʻpchiligi va zolim hukmdor deb bilganlar deyarli yodga olishmagan. Britaniya tez orada uning Afgʻonistonda xalq qoʻlloviga deyarli ega emasligini bilib olgan[22].

1838-yil 1-oktabrda lord Oklend „qadimiy ittifoqchi Maharaja Ranjeet Singx“ imperiyasiga „beixtiyor hujum“ uyushtirgan Doʻstmuhammadxonga hujum qilish huquqini beruvchi Simla deklaratsiyasini eʼlon qilgan. Ushbu hujjat Shujoshoh „butun Afgʻonistonda mashhur“ va „oʻz qoʻshinlari bilan oʻralgan holda“ sobiq shohligiga qaytishi hamda chet el aralashuvi va Britaniya armiyasining soxta qarshiliklariga qarshi qoʻllab-quvvatlanishini eʼlon qilgan[22]. Forslarning Hirot qamali barbod boʻlishi va Rossiya imperatori Nikolay I graf Vitkevichni ortga qaytarishni buyurgani (Sankt-Peterburgga yetib borgach oʻz joniga qasd qilishi kerak edi) tufayli Shoh Shujoni afgʻon taxtiga qaytarishga urinish sabablari yoʻqotilgan[4]. Britaniyalik tarixchi ser John William Kayening yozishicha, forslarning Hirotni egallay ololmagani „Lord Oklend keltirgan barcha asoslarni oqlab, Hind daryosi boʻylab ekspeditsiyani bir vaqtning oʻzida ahmoqlik va jinoyatga aylantirgan“[22]. Biroq bu vaqtda Oklend Afgʻonistonni Britaniyaning taʻsir doirasiga kiritishga qaror qilib, hech narsa bosqinni davom ettirishga toʻsqinlik qila olmagan[22]. 1838-yil 25-noyabrda Hindiston yarimorolidagi eng qudratli ikki armiya Ferozeporda yigʻilib, Panjob mahorajasi Ranjit Singh Dal Xalsani Sharqiy Hindiston kompaniyasining harbiy qoʻshinlari va lord Oklend boshchiligida Hindistondagi Britaniya qoʻshinlari bilan birga yurish uchun olib chiqqan. Yorqin rangli liboslar kiygan erkaklar otlar va fillar bilan birga harbiy qudratni namoyish qilib yurishib, rang-barang tomoshalar va musiqalar namoyish qilishgan[23]. Lord Oklend „Hindning Buyuk Armiyasi“ Doʻstmuhammadni taxtdan agʻdarish va goʻyoki qonuniy amir boʻlgani uchun, aslida esa Afgʻonistonni Britaniya taʼsir doirasiga olish uchun Shujashohni afgʻon taxtiga qaytarish maqsadida Kobulga yurishni boshlashini eʼlon qilgan[4]. Lordlar palatasida soʻzga chiqqan Vellington gersogi bosqinni qoralab, haqiqiy qiyinchiliklar bosqin muvaffaqiyatli yakunlanganidan keyin boshlanishini aytgan. Chunki Angliya-Hind kuchlari afgʻon qabilalari yigʻinini magʻlub etgach, faqat oʻzlarini saqlab qolish uchun kurashishini bashorat qilgan. Hindukush togʻlari va Afgʻonistonda zamonaviy yoʻllar yoʻq hamda Afgʻoniston „toshlar, qumlar, choʻllar, muzlar va qorlar“ mamlakati boʻlgani uchun butun operatsiya „ahmoqlik“ deb atalgan[22].

Kuchlar

tahrir

Bu vaqtda Britaniya Hindistoni Britaniya toji nomidan Hindistonni boshqarish huquqiga ega boʻlgan Ost-Indiya kompaniyasi boshqaradigan mulkiy mustamlaka edi[24]. Hindiston Britaniya imperiyasining butun dunyo boʻylab joylashib, hozirgi Kanada hududining katta qismini qamrab olgan Rupert yerlari Gudzon koʻrfazi kompaniyasi boshqargan katta hudud kabi turli korporatsiyalar yoki shaxslarga toj nomidan hukmronlik qilish huquqi berilgan bir nechta mulkiy mustamlakalaridan biri edi. Hindiston mavjud barcha mulkiy mustamlakar orasida eng boy va eng katta daromad keltiradigani edi. 19-asrga kelib, Ost-Indiya kompaniyasi 90 million hindularni boshqarib, oʻz bayrogʻi ostida 70 million akr (243 000 kvadrat kilometr) yerni nazorat qilgan va oʻz valyutasini chiqargan. Bu mustamlaka hududlar uni dunyodagi eng kuchli korporatsiyaga aylantirgan[25]. Ost-Indiya kompaniyasiga toj nomidan savdo monopoliyalar berilgan boʻlsa-da, kompaniya tojga tegishli emas edi. Ost-Indiya kompaniyasining ulushlari koʻplab deputatlar va aristokratlarga tegishli boʻlsa ham, kompaniya Britaniyadagi nufuzli shaxslarga muntazam ravishda „sovgʻalar“ berib, parlamentda oʻzining kuchli lobbisini yaratgan[25]. Ost-Indiya kompaniyasi prezidentlik davridan keyin Bengal armiyasi, Bombey armiyasi va Madras armiyasi kabi uchta Prezidentlik armiyalarini saqlab qolish uchun yetarlicha boylikka ega boʻlgan. Bu qoʻshinlarga qoʻmondonlik qiluvchi oliy dala shtab-kvartirasi Simla shahrida joylashgan edi[22]. Sharqiy Hindiston kompaniyasining armiyasi 200 000 kishidan iborat boʻlib, dunyodagi eng katta qoʻshinlardan biri boʻlgan. Bu armiya koʻpchilik Yevropa davlatlari armiyalaridan kattaroq edi[25]. Prezidentlik qoʻshinlarida xizmat qilayotgan erkaklarning aksariyati hindistonliklar boʻlsa-da, ofitserlarning barchasi Britaniyalik edi. Ular Ost-Indiya kompaniyasining London tashqarisidagi Addiscombe mulkida joylashgan ofitserlar maktabida oʻqitilgan[26]. Bundan tashqari, siyosiy jihatdan qudratli boʻlgan Ost-Indiya kompaniyasi Hindistonga Britaniya armiyasidan Ost-Indiya kompaniyasi armiyasi bilan birga xizmat qilish uchun yuborilgan polklarga ham ega boʻlgan[26]. Hindistonda xizmat qilayotgan Britaniya armiyasi ofitserlari kompaniya armiyasida xizmat qilayotgan zobitlarga nisbatan past nazar bilan qarashar va ikki armiya oʻrtasidagi munosabatlar eng yaxshi holatda edi[26].

Afgʻonistonga bostirib kirish uchun tanlangan polklar Bengal va Bombey qoʻshinlaridan kelgan[26]. Hindistondagi qoʻmondon ser Henry Fane polklarni qurʼa tashlash orqali tanlagan[26]. Bengal armiyasining Afgʻonistonga boradigan boʻlinmalari Skinner oti, 43-mahalliy piyoda va 2-yengil otliq qoʻshinlar boʻlib, ularning barchasi kompaniya polklari edi. 16-nayzabrdorlar va 13-Somerset yengil piyodalari esa Hindistondagi Britaniya armiyasidan kelgan[26]. Bombey armiyasidan Hindning Buyuk armiyasi uchun tanlangan boʻlinmalardan 19-mahalliy piyodalar, Puna mahalliy otliqlari kompaniya boʻlinmalari, 2-qirolicha polki, 17-Linkolnshir polki va 4-dragunlar esa Britaniya armiya polklari edi[26]. Buyuk Hind armiyasining ikkita boʻlinmasi tarkibidagi Bombey diviziyasi 5,600 kishidan, Bengal diviziyasi esa 9,500 kishidan iborat boʻlgan[26]. Shujo bosqin uchun oʻz hisobidan 6,000 hind yollanma askarini („Shoh Shujo toʻlovi“) yollagan[26][27]. Panjoblik keksa va kasal maharaja Ranjit Singx hamda inglizlar Ferozepordagi katta koʻrikda yigʻilishgan. Panjob maxarajasi Ranjit Singx Dal Xalsani Hindistondagi Ost-Indiya kompaniyasi va ingliz qoʻshinlari bilan birga yurish uchun olib chiqqan[23]. Ranjit Singx Britaniya noibi lord Oklend bilan birgalikda Shoh Shujoni Kobuldagi afgʻon taxtiga qayta tiklash boʻyicha shartnomaga rozi boʻlgan. Bu kelishuvni amalga oshirish uchun inglizlarning hind qoʻshini Afgʻonistonga janubdan kirib kelgan. Ranjit Singx qoʻshinlari esa Xaybar dovonidan oʻtib, Kobuldagi gʻalaba paradida qatnashgan[28][29]. Bosqinchi kuchlarga 38,000 hind qarorgohiga ergashganlar hamrohlik qilib, karvonda yuk tashish uchun 30,000 tuya ham mavjud boʻlgan[26].

Afgʻoniston amirligida muntazam qoʻshin yoʻq edi. Afgʻon feodal tuzumi davrida qabila boshliqlari amir xizmatga chaqirganda jangovar qoʻshin bilan yetib kelishgan[30]. Afgʻonlar koʻp sonli etnik guruhlardan iborat boʻlib, ulardan eng yiriklari pushtunlar, tojiklar, oʻzbeklar va hazoralar boʻlgan. Ularning barchasi oʻz navbatida koʻplab qabila va urugʻlarga boʻlingan. Hazoralar shia, qolganlar esa sunniy boʻlsa-da, islom dini bu guruhlarni birlashtiruvchi yagona omil edi. Pushtunlar hukmron etnik guruh boʻlib, inglizlar asosan pushtun qabilalari bilan aloqada boʻlgan. Pushtun qabilalari harbiy tayyorgarlikka ega boʻlmasa-da, shafqatsiz jangovar pushtunlar amir qabila yigʻini uchun xizmatga chaqirmaganda ham bir-birlari bilan abadiy jang qilishgan. Yaʼni pushtunlarning aksariyati hech boʻlmaganda urush tajribasiga ega boʻlgan[14]. Pushtun qabilalari oʻzlarining qatʼiy axloqiy qoidalari Pashtunvaliga (pushtunlar yoʻli) amal qilishgan. Bu kodeksda pushtun odami yashashi uchun turli qoidalar belgilangan. Ulardan biriga koʻra, erkak kishi har qanday haqorat uchun, xoh real yoki xayoliy boʻlsin, zoʻravonlik bilan qasos olishi kerak edi. Standart afgʻon quroli jezail deb nomlanuvchi pilta miltiq edi[14].

Britaniyaning Afgʻonistonga bostirib kirishi

tahrir
 
Bolan dovonidagi Ser-I-Xajur. 1839-yil

John Kenae (keyinchalik ser Willoughby Cotton, soʻngra William Elphinstone bilan almashtirilgan) qoʻmondonligi ostidagi 21000 ingliz va hind qoʻshinini oʻz ichiga olgan „Hind armiyasi“ 1838-yil dekabrda Panjobdan joʻnab ketgan. Ular bilan Britaniyaning Kobuldagi bosh vakili etib tanlangan Kalkutta hukumatining sobiq bosh kotibi William Hay Macnaghten ham bor edi. Karvon harbiy lagerga ergashgan 38,000 ulkan jamoa va 30,000 tuya, shuningdek, yirik qoramol podasini oʻz ichiga olgan. Inglizlar karvon qulay boʻlishiga niyat qilishgan. Jumladan, bir polk oʻzining tulki ovlaydigan itlar toʻdasini olgan boʻlsa, boshqasi ikkita tuyaga yuklangan sigaralarni olgan. Kichik ofitserlarga 40 tagacha xizmatkor hamrohlik qilgan boʻlsa, bitta katta ofitserga shaxsiy buyumlarini olib yurish uchun 60 tuya kerak boʻlgan[31].

 
Siri Bolan ustidagi tor yoʻlning ochilishi. James Atkinsonning Afgʻonistondagi eskizlaridan.

1839-yil mart oyining oxirlarida ingliz qoʻshinlari Bolan yoʻlagini kesib oʻtib, Afgʻoniston janubidagi Kvetta shahriga yetib kelishgan. Shundan soʻng Kobulga yurish boshlangan. Ular notekis yerlardan, choʻllardan va 4000 metr balandlikdagi togʻ dovonlaridan oʻtib, muvaffaqiyatga erishgan va 1839-yil 25-aprelda Qandahorda lager qurishgan. Qandahorga yetib borganidan soʻng, Keane yurishni davom ettirishdan oldin ekinlar pishishini kutishga qaror qilgach, 27-iyungacha Hindning Buyuk Armiyasi yana yurishni davom ettirmagan[32]. Keanening Qandahorda qamal uskunalarini qoldirish qarori xato boʻlib chiqqan. Chunki Gʻazni qalʼasining devorlari u kutganidan ancha mustahkam ekanligi aniqlangan[32]. Doʻst Muhammadxonning jiyani Abdulrashidxon britaniyaliklarga qalʼa darvozalaridan biri yomon ahvolda ekanligi va porox bilan portlatib ochish mumkinligini aytgan[32]. Britaniyaliklar qalʼa oldida jihod bayrogʻi ostida jang qilayotgan hamda faranglarni oʻldirishga astoydil intilgan Gʻilji qabilasi hujumiga uchragan va kaltaklangan[33]. Inglizlar Shujaning oldidan ellik nafar asirni olib oʻtishayotganda asirlardan biri vazirni yashirin pichoq bilan oʻldirgan[33]. Shuja ularning barchasini boshini kesgan. Bu esa ser Jon Keyni rasmiy urush tarixida gʻoziylarning „qoʻrqinchli faryodi“ boʻlgan bu „bemaʼni vahshiylik“ harakatini yozishga majbur qilgan. Bu harakat hukumat yuritgan „muqaddas siyosat“ning „janoza nolasi“ sifatida yodda qolardi[33].

1839-yil 23-iyulda kutilmagan hujum natijasida Britaniya boshchiligidagi qoʻshinlar Sharqqa, Xaybar Paxtunxvaga olib boradigan tekislikdagi Gʻazni qalʼasini egallab olishgan[34]. Britaniya qoʻshinlari shaharning bir darvozasini portlatib, eyforiya kayfiyatida shaharga kirishgan. Jangda inglizlar tomondan 200 kishi halok boʻlgan va yaralangan. Afgʻonlar tomondan esa 500 kishi halok boʻlgan va 1500 kishi asirga tushgan. Gʻazni yaxshi taʼminotga ega ekani keyingi yurishni sezilarli darajada yengillashtirgan[10][35].

Bu voqea va tojiklarning Istalifdagi qoʻzgʻolonidan[36] soʻng inglizlar Doʻstmuhammad askarlarining qarshiligiga uchramay, Kobulga yoʻl olishgan. Ahvoli tobora yomonlashib borayotgan Doʻstmuhammad Shujaga vazir lavozimi evaziga hukmdor deb tan olishni taklif qilgan (Pushtunvaliyda odatiy hol). Bu taklif darhol rad etilgan. Oʻttiz yildan soʻng, 1839-yilning avgustida Shuja yana Kobul taxtiga oʻtirgan. Shuja shafqatsizlik boʻyicha obroʻsini darhol tiklagan. U oʻz xalqini xoʻjayiniga boʻysunishni oʻrgatish kerak boʻlgan „itlar“ deb hisoblagan holda, oʻziga boʻysunmaganlarning barchasidan qasos olishga harakat qilgan[37]. 2-noyabr kuni Shuja Bala Hissorni tark etib, Jalolobodga qishlash uchun ketgan[36].

Qalat/Kalat

tahrir

1839-yil 13-noyabrda Hindistonga ketayotgan Britaniya Hindistoni armiyasining Bombey kolonnasiga Baluj qabilalari qasos olish uchun Kalat qal’asida hujum qilgan[38]. U yerdan Baluj qabilalari Bolan yoʻlagi tomon harakatlanayotgan ingliz karvonlarini ta’qib qilib, ularga hujum qilishgan.

Doʻstmuhammadning Buxoroga qochishi va qarshilikning kuchayishi

tahrir

Shoh Shuja rejimining mashhur boʻlmagani sababli, 1839-yil kuzida gilzoylarning Kobul—Gʻazni yoʻliga hujum qilishi oqibatida britaniyalik podpolkovnik Herring oʻlgach, qarshilik harakati shakllana boshlangan[39]. Doʻstmuhammad diplomatlari Hindikushdan tashqaridagi Balx va Buxoro hukmdorlariga ham inglizlarga qarshi yordam soʻrab murojaat qilish uchun yuborilgan[39]. Bu xavf tufayli inglizlar Hindistonga qaytarib yuborishni rejalashtirgan qoʻshinlarini saqlab qolishga majbur boʻlishgan. Doʻstmuhammadning yordam soʻragan murojaati osonlikcha qabul qilinmadi. Chunki Doʻstmuhammad inglizlar bosqinidan bir oz avval Balx saltanatiga bostirib kirgan edi[39]. Ushbu bosqin natijasida Doʻstmuhammad Saygʻon, Balx, Kahmard va Doubni qoʻshib olgan[39].

1839-yilning qishida Doʻstmuhammad Jabborxonning maslahatiga xilof ravishda Buxoro hukmdoriga shaxsan murojaat qilish uchun Buxoroga borgan[39]. Oʻgʻillari Akramxon va Afzalxon hamrohligida borgan Doʻstmuhammad dastlab yaxshi kutib olinib, mehmon sifatida hurmatga sazovor boʻlgan. Biroq Buxoro hukmdori Doʻstmuhammadni qoʻllab-quvvatlashga rozi emasligi ma’lum boʻlgan[40]. Buning oʻrniga Doʻstmuhammad uy qamogʻiga olinib, keyinchalik mahbus kabi muomala qilingan. Hatto Buxoro hukmdori Doʻstmuhammad va uning oʻgʻillarini zaharlamoqchi boʻladi, degan shubhalar ham kuchaygan[40]. Keyingi yozgacha qochib qutulgan Doʻstmuhammad bir qator voqealar tufayli Xulmga yoʻl olgan[40]. Biroq, shundan soʻng Jabborxon Maknaghtenning amnistiya taklifini qabul qilib, Doʻstmuhammad lageridagi ayollar va bolalarni qaytarganidan xabar topgan[40]. Oilasi Britaniya qoʻlida boʻlishiga qaramay, Doʻstmuhammad taslim boʻlish niyatini bildirmagan[40].

Mir Vali 6000 nafardan ortiq oʻzbeklardan iborat qoʻshin toʻplab, 1840-yil sentyabrda Surxobga yurish qilib, inglizlarni Ajar, Qahmard va Bajgʻom postlarini tashlab, Bomiyonga qaytishga majbur qildi[40]. Bajgohda boʻlib oʻtgan toʻqnashuvda Shoh Shuja otliq qoʻshinlarining yarmi, armiyaning barcha zobitlari qarshi tarafga oʻtib ketishdi, qolgan afgʻon qismlari esa qoʻlga olinib, qurolsizlantirildi[40]. Doʻst Muhammad bu muvaffaqiyatni Bomiyonga yurish bilan davom ettirdi. Biroq, gurxalar va mahalliy otliq askarlar qoʻshini sardori polkovnik Denni bilan toʻqnash keldi[40]. Denni oʻzining gurxalariga dushman pozitsiyalariga hujum qilishni buyurib, oʻzbeklardan iborat armiyani muvaffaqiyatli yengdi[40]. Shundan soʻng Denni oʻz otliqlari bilan chekinayotgan qoʻshinni ta’qib qilib, yetib olganlari va boshqa oʻzbeklar qoʻshinini qirib yubordi[40].

Ushbu gʻalabadan soʻng, Bomiyondagi siyosatchi doktor Lord Doʻstmuhammadga agar taslim boʻlsa, Hindistonga sharafli surgun qilishni taklif qildi[40]. Ushbu taklif faqatgina Doʻstmuhammadning „gʻalaba qozonish yoki qarshilikda davom etishga qatʼiy qaror qilgani“ haqida maʼlumot olish uchun berilgan edi[40]. Denni xavf tugʻdirib, Xulmgacha yurishini davom ettirishidan xavotir olgan Mir Vali va Murod beglar oʻzaro hamkorlik qilishga intilishgan[40]. Biroq, Dennining bu darajada imkoni yoʻq edi. Chunki haddan tashqari katta boʻlgan Bomiyon garnizoni ishchi kuchi tanqisligiga duch kelishi natijasida qoʻmondonlar Saygʻon, Qahmard yoki Ajarda garnizon qurmaslikka qaror qilishdi[40]. Shoh Kamronning Hirotdan Britaniya homiylik qilgan hujumi tahdidi tahdid edi va bu Maymana Valini Shoh Shuja hukmronligiga sodiqlik berishga majbur qildi. Shoh Komronning Hirotdan Britaniya homiyligida hujum qilish tahdidi Maymana voliysini Shoh Shuja hukmronligiga sodiqlik bildirishga majbur qildi[41].

Parvon darasi jangi va Doʻstmuhammadxonning „taslim boʻlishi“ (1840-yil 2-noyabr)

tahrir

1840-yil 2-noyabrda Doʻstmuhammad nihoyat Sale qoʻshinlari bilan toʻqnashdi. Oʻz yurishini toʻxtatib, Parvon darasida jangga kirdi[42]. Doʻstmuhammad 400 nafardan ortiq otliq askarlari bilan mustahkam mudofaa pozitsiyasini egallagan boʻlib, uning qo‘shinlari Sale hujumini kuzatish uchun qulay joyda oʻrnashib olgan edi[42][43]. Sale kapitan Fraser va uning Bengal otliq qoʻshinini dushman piyodalariga hujum qilish uchun yubordi, ammo faqat bir necha askar bu buyruqqa boʻysundi. Natijada, ingliz zobitlari Afgʻon kuchlariga qarshi deyarli yolgʻiz va hech qanday qoʻllab-quvvatlashsiz jang qilishga majbur boʻlishdi[42]. Doʻstmuhammadga taslim boʻlish shartlarini taklif qilgan Bomiyanning sobiq siyosiy amaldori doktor Lord yuz bergan janglar paytida halok boʻldi[44]. Dalrymplening soʻzlariga koʻra, Lord otliq qoʻshinni boshqargan, ammo boshqa kuchlar daladan qochib ketganini anglaganda juda kech boʻlgan edi[43]. Yaxshiyamki, Fraser hujumdan omon qolib, Britaniya himoya chizigʻiga qaytib keldi, biroq uning qilichi deyarli dastasidan uzilgan holda edi[44].

Doʻstmuhammad sodir boʻlgan voqeani koʻrib, otliq askarlariga qarshi hujum boshlashni buyurdi. Shundan soʻng tartibsiz Bengal otliq qoʻshini magʻlubiyatga uchrab, afgʻon otliqlari ularni ta’qib qilib, koʻplarini oʻldirdi[44]. Jonathan Leening soʻzlariga koʻra, 2-Bengaliya otliq polki buyruqlarni bajara olmagani tufayli sharmanda boʻlib, keyinchalik tarqatib yuborilgan va rasmiy yozuvlardan butunlay oʻchirib tashlangan[44]. Shunga qaramay, Sale ayni shu yoʻldan yurib, oʻz piyoda askarlari va Qizilboshlarga tepaliklarga hujum qilishni buyurdi. Ogʻir janglar va katta yoʻqotishlardan soʻng, ular tepalikni egallashdi. Biroq, askarlar Doʻstmuhammad oʻz qoʻshinlarini jang maydonidan tartib bilan olib chiqayotganini koʻrib hayratda qolishdi[44]. Har ikki tomon ham oʻz pozitsiyalaridan chekindi. Keyinchalik afgʻonlar himoyasiz qoldirilgan tepalikni qayta egallashdi[44]. Afgʻonlar tepalikdagi qulay pozitsiyalaridan foydalanib, pastdagi Britaniya qoʻshinlarini oʻqqa tutishdi. Ertasi kuni Temur Mirzo va Berns Saleyni harbiy harakatlarni toʻxtatishga undashdi. Bu holat, Shoh Shujaga sodiq va hali taslim boʻlmagan afgʻon askarlarining isyon chegarasida turgani, shuningdek, Salening yuzlab askarlar yoʻqotgani va yana koʻplab jangchilar yaralanganiga qaramay, hech qanday natijaga erisholmaganidan kelib chiqqan edi[44]. Oziq-ovqat zahiralari ham tugab borayotgani sababli, u Panjshir daryosini kesib oʻtib, Charikarga qaytishga majbur boʻldi. Katta qurbonlar evaziga kurash olib borgan qishloqlar esa tez orada qayta egallab olindi[44].

Manbalar

tahrir
  1. Dalrymple 2013, s. 314.
  2. Kohn, George Childs. Dictionary of Wars. Revised Edition. London/New York: Routledge, 2013 — 5-bet. ISBN 978-1-135-95494-9. 
  3. 3,0 3,1 Baxter, Craig (2001). "The First Anglo–Afghan War". in Federal Research Division, Library of Congress. Afghanistan: A Country Study. Baton Rouge, LA: Claitor's Pub. Division. ISBN 1-57980-744-5. http://memory.loc.gov/cgi-bin/query/r?frd/cstdy:@field(DOCID+af0012). <!--->
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 Perry, James Arrogant Armies, Edison: CastleBooks, 2005 p. 110.
  5. Fromkin, David "The Great Game in Asia" pp. 936–51 from Foreign Affairs, Volume 58, Issue 4, Spring 1980 pp. 937–38
  6. Fromkin, David "The Great Game in Asia" pp. 936–51 from Foreign Affairs, Volume 58, Issue 4, Spring 1980 p. 938
  7. Riasanovsky, Nicholas Nicholas I and Official Nationality in Russia, 1825–1855, Los Angeles: University of California Press, 1959 p. 255.
  8. Riasanovsky, Nicholas Nicholas I and Official Nationality in Russia, 1825–1855, Los Angeles: University of California Press, 1959 pp. 257–58.
  9. Riasanovsky, Nicholas Nicholas I and Official Nationality in Russia, 1825–1855, Los Angeles: University of California Press, 1959 p. 258.
  10. 10,0 10,1 Husain, Farrukh. Afghanistan in the age of empires: the great game for South and Central Asia. Silk Road Books, 2018 — 81, 412-bet. ISBN 978-1-5272-1633-4. 
  11. Lee 2019, s. 205.
  12. L. W. Adamec/J. A. Norris, Anglo-Afghan Wars, in Encyclopædia Iranica, online ed., 2010
  13. J.A. Norris, Anglo-Afghan Relations (Wayback Machine saytida 2013-05-17 sanasida arxivlangan), in Encyclopædia Iranica, online ed., 2010
  14. 14,0 14,1 14,2 14,3 14,4 14,5 14,6 Perry, James Arrogant Armies, Edison: CastleBooks, 2005 p. 111.
  15. Manba xatosi: Invalid <ref> tag; no text was provided for refs named keay419
  16. 16,0 16,1 Macintyre, Ben The Man Who Would Be King, New York: Farrar, Straus, Giroux, 2002 p. 205
  17. Macintyre, Ben The Man Who Would Be King, New York: Farrar, Straus, Giroux, 2002 pp. 205–06
  18. Macintyre, Ben The Man Who Would Be King, New York: Farrar, Straus, Giroux, 2002 p. 206
  19. 19,0 19,1 Macintyre, Ben The Man Who Would Be King, New York: Farrar, Straus, Giroux, 2002 pp. 206–07
  20. Perry, James Arrogant Armies, Edison: CastleBooks, 2005 pp. 110–11.
  21. Macintyre, Ben The Man Who Would Be King, New York: Farrar, Straus, Giroux, 2002 p. 32
  22. 22,0 22,1 22,2 22,3 22,4 22,5 Perry, James Arrogant Armies, Edison: CastleBooks, 2005 p. 112.
  23. 23,0 23,1 Perry, James Arrogant Armies, Edison: CastleBooks, 2005 pp. 109–10.
  24. Perry, James Arrogant Armies, Edison: CastleBooks, 2005 pp. 112–13.
  25. 25,0 25,1 25,2 „The Company That Ruled The Waves“ (2011-yil 17-dekabr). Qaraldi: 2017-yil 9-iyun.
  26. 26,00 26,01 26,02 26,03 26,04 26,05 26,06 26,07 26,08 26,09 Perry, James Arrogant Armies, Edison: CastleBooks, 2005 p. 113.
  27. Ram, Subedar Sita. From Sepoy to Subedar. Papermac, 1988 — 86-bet. ISBN 0-333-45672-6. 
  28. Ranjit Singh Encyclopædia Britannica, Khushwant Singh (2015)
  29. Kenneth Pletcher. The History of India. Britannica Educational Publishing, 2010. ISBN 9781615302017. 
  30. Yapp, M.E. Journal Article The Revolutions of 1841–2 in Afghanistan pp. 333–81 from The Bulletin of the School of Oriental and African Studies, Volume 27, Issue 2, 1964 p. 338.
  31. Ewans, Martin. Afghanistan: A Short History of Its People and Politics. HarperCollins, 2002 — 63-bet. ISBN 0-06-050508-7. 
  32. 32,0 32,1 32,2 Perry, James Arrogant Armies, Edison: CastleBooks, 2005 p. 116.
  33. 33,0 33,1 33,2 Perry, James Arrogant Armies, Edison: CastleBooks, 2005 p. 117.
  34. Forbes, Archibald „The Afghan Wars 1839-42 and 1878-80“. Project Gutenberg EBook (2014). Qaraldi: 2019-yil 27-fevral.
  35. Sandes, Lt Col E.W.C., 'The Indian Sappers and Miners' pp 133-147. The Institution of Royal Engineers, Chatham, 1948.
  36. 36,0 36,1 Dalrymple, William. The Return of a King: The Battle for Afghanistan, 1839-42, First, New York: Bloomsbury Publishing, 2013. ISBN 978-0-307-95828-0. OCLC 792880742. 
  37. Perry, James Arrogant Armies, Edison: CastleBooks, 2005 p. 121.
  38. Holdsworth, T W E. Campaign of the Indus: In a Series of Letters from an Officer of the Bombay Division. Private Copy, 1840 — 111–127-bet. Qaraldi: 2014-yil 25-noyabr. 
  39. 39,0 39,1 39,2 39,3 39,4 Lee 2019, s. 249.
  40. 40,00 40,01 40,02 40,03 40,04 40,05 40,06 40,07 40,08 40,09 40,10 40,11 40,12 40,13 Lee 2019, s. 250.
  41. Lee 2019, s. 251.
  42. 42,0 42,1 42,2 Lee 2019, s. 254.
  43. 43,0 43,1 Dalrymple 2013, s. 180.
  44. 44,0 44,1 44,2 44,3 44,4 44,5 44,6 44,7 Lee 2019, s. 255.