Birinchi yordam
Birinchi yordam — baxtsiz hodisalar roʻy berganda, kishi shikastlanganda yoki toʻsatdan kasal boʻlib qolganda uning hayotini asrab qolish va yomon asoratlardan omon qolishi uchun koʻrsatiladigan tez va oddiy tadbirlar majmui; shifokor yetib kelguncha yoki ularni shifoxonaga olib borguncha amalga oshiriladi. Birinchi yordam oʻz-oʻziga yoki boshqalar tomonidan (oʻzaro) koʻrsatilishi mumkin. Shikastlangan odam jarohatini oʻzi bogʻlay olsa, zaharlanish alomati boʻlganida, mast, koʻp suyuqlik ichib meʼdani yuvish va qayt qilishga quvvati kelsa, oʻz-oʻziga birinchi yordam koʻrsatishi mumkin. Oʻzaro birinchi yordam odatda boshqa kishi tomonidan koʻrsatiladi. Kishining hayoti xavf ostida qolganda, mast, qon ketganda, tok urganda, zaharlanishda, koma, shok va boshqa holatlarda darhol birinchi yordam koʻrsatish zarur. Keyingi koʻrsatiladigan tibbiy yordam birinchi yordamning qanchalik toʻgʻri koʻrsatilganligiga bogʻliq. Mast, suyak ochiq singanda bogʻlov va shina (taxtakach)ning tez va toʻgʻri qoʻyilishi (qarang: Immobilizatsiya), koʻpincha shok va boshqa ogʻir kasalliklarning oldini olishga, shikastlanib behush yotgan kishini yonboshi bilan yotqizish traxeya va bronxlarga qusuq massasi hamda qon ketib qolmasligiga yordam beradi.
Birinchi yordam koʻrsatish
tahrirBirinchi yordam uch xil tadbirlar majmuasini oʻz ichiga oladi: 1) tashqi shikastlovchi omillar (elektr toki, bosib qolgan ogʻir narsa va boshqalar) taʼsirini darhol bartaraf etish yoki shikastlangan kishini noqulay sharoitdan xoli qilish (suvdan, oʻt tushgan joydan olib chiqish va boshqalar); 2) shikastlanish tarziga qarab birinchi yordam koʻrsatish (bular haqida qarang: suyak chiqishi, suyak sinishi, zaharlanish, hushdan ketish, jarohatlanish, kuyish va boshqalar); 3) yaqin atrofdagi kasalxona, poliklinikaga yetkazish. Odam toʻsatdan betob boʻlib qolganida, turli xil baxtsiz hodisalar roʻy berganida, albatta tez yordam chaqirish, noiloj qolgan hollarda duch kelgan transportda davolash muassasasiga olib borish zarur. Toʻgʻri birinchi yordam koʻrsatish uchun doim tegishli bilim va malakani oshirib borish lozim. Ishxona, avtomashina va uydagi dori qutichasida birinchi yordam uchun zarur boʻlgan hamma narsalar boʻlishi kerak.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |