Boloi Hovuz majmuasi
Boloi Hovuz majmuasi – Buxoro Registonida saqlanib qolgan meʼmoriy majmua (XVIII–XX). Boloi Hovuz majmuasi masjid, minora va hovuzdan iborat[1]. Majmua 1712–1917-yillar oraligʻida shakllangan[1][2].
Boloi Hovuz majmuasi | |
---|---|
Boloi Hovuz majmuasi | |
Joylashuvi | Buxoro, Oʻzbekiston |
Koordinatalar | 39°46′40″N 64°24′27″E / 39.777766970489715°N 64.4074515810072°E |
Konfessiya | islom |
Asoschi | Sitorai Mohi xossa |
Asosiy sanalar |
1712 (qurilishi) 1917 (taʼmirlanishi) |
Qurilish boshlanishi | 1712-yil |
Yodgorliklar | Masjid, minora va hovuzdan tashkil topgan majmua |
Qurilish materiali | pishgan gʻisht, yogʻoch |
Boloi Hovuz majmuasi 1712-yil Ashtarxoniylar sulolasidan boʻlgan Abulfayzxonning onasi Sitorai Mohi xossa tomonidan bunyod etilgan. 1914–1917-yillarda Mangʻitlar sulolasi boʻlgan soʻngi Buxoro hukmdori Amir Olimxon tomonidan majmuada taʼmirlash ishlari olib borilgan[3][4].
Majmua tarkibidagi binolar Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan hamda davlat muhofazasiga olingan[5].
Tarixi va me’morchiligi
tahrirBoloi Hovuz majmuasi Buxoro hukmdorlarining saroyi boʻlgan Arkning asosiy kirish eshigi peshtoqi qarshisida joylashgan. Majmua milodiy 1712-yilda (hijriy 1124-yil) Buxoro xonligida hukmronlik qilgan Ashtarxoniylar sulosidan boʻlgan Abulfayzxonning (1711–1747) onasi Sitorai Mohi xossa tomonidan bunyod etilgan. Shuningdek, yodgorlikda 1914–1917-yillarda Mangʻitlar sulolasidan boʻlgan Buxoroning soʻnggi hukmdori Amir Olimxon (1910–1920) davrida taʼmirlash ishlari olib borilgan[3]. Boloi Hovuz forscha soʻz boʻlib, hovuz tepasidagi yoki hovuz yuqorisidagi bino maʼnosini anglatadi[6].
Musa Saidjonov majmua toʻgʻrisida shunday yozadi:
„Masjid va madrasa Bolo havzi Registon Ashtarxoniylarning soʻl amiri Abulfayzxonning onasi „Podshoh bibi“ laqabini olgan Sitorai Mohi xossa tarafidan bino etilgandir. Peshtoqidagi „Raqam yoft in xat toq oshkor. Sana yak hazor va sadu bist chor bebi“nidan 1124 hijriyda bino etilgani maʼlum boʻladi… Bu ayvon eskirganga koʻra 1335 hijriyda amir hukumati avvalgi yuksaklikda qaytadan taʼmir ettirdi…“[7].
1704-yil yanvar oyida rasmiylashtirilgan vaqf hujjatida yodgorlik haqida shunday yozilgan:
„Soliha, sojida, afifayi oliyjoh, iffatpanoh, ismatdastgoh, masturalar ziynati, sharafli ayollar toji, davron Xadichasi, zamon Bilqisi (Podshoh Bibi) binti marhum Xoja Mir Abdulloh Buxoro shahrining qadim hisori tashqarisida Registonning gʻarbida, Shodim otaliq masjidi guzarida pishiq gʻisht va yogʻochdan xonaqoh, jomeʼ masjidi va oʻn toʻqqiz hujra qurdirdi“…[8].
Majmua Buxoro Registoni maydoniga tutashib ketgan. Meʼmoriy ansambl tarkibida masjid-xonaqoh, madrasa, minora va hovuz mavjud[1]. Yodgorlik markazida masjidning asosiy namozxonasiga kirish joyi mavjud boʻlib, yon tomonlarida ikki qavatli fasadlari qubbasimon peshayvonli hujralar joylashgan[3].
Boloi Hovuz masjidi
tahrirBoloi Hovuz masjidi Buxoro Registonining gʻarbida joylashgan boʻlib, 1712-yilda Ashtarxoniylar sulolasidan boʻlgan Abulfayzxon davrida Sitorai Mohi xossa tomonidan bunyod etilgan. Bino aslida saroy masjidi hisoblangan va Buxoro xonligini idora qilgan hukmdorlar bu yerga oʻz mulozimlari bilan birgalikda namoz oʻqish maqsadida Arkdan tushib kelishgan. Masjid binosiga turli vaqtlarda bir qancha binolar ham qoʻshib borilgan. XIX asrda masjidning shimoliy tomonidagi devoriga tutashgan holda madrasa ham qurilgan. Masjidning janubiy tomonidagi binolar saqlanib qolmagan[1]. 1914–1917-yillarda[1][4] Buxoroning soʻnggi hukmdori Amir Olimxon davrida sharqiy tomoni baland ayvon bilan oʻrab olingan. Ayvon 20 ta ustundan iborat boʻlib[2], ustunlarning tana qismi oʻymakor naqshlar bilan bezatilgan. Masjidning sharqiy qismidagi ustunli ayvon usta-hunarmandlar Qurbon Yoʻldoshev, Majid Solihov, Gʻulom Qorovulbegi, Ibrohim Hafizov va Usta Shirin Murodov tomonidan amalga oshirilgan[1][4]. Masjid kvadrat shaklda boʻlib, tomonlari 11,5 metrni tashkil etadi. Binoning umumiy maydoni 656 kvadrat metr, gumbaz balandligi esa 16 metrdan iborat[9].
Minorasi
tahrirMajmuada joylashgan masjid va hovuzning oʻrtasida Buxoro amiri Amir Olimxon (1910–1920) davrida Usta Shirin Murodov boshchiligida alohida minora qurilgan[1]. Minora balandligi 8 metrni tashkil etadi[10].
Subhonqulixon hovuzi
tahrirSubhonqulixon hovuzi Boloi Hovuz masjidning sharqiy tomonida joylashgan boʻlib, meʼmoriy majmua tarkibidagi eng qadimiy binolardan biri hisoblanadi. Hovuz, asosan, shaharning Shohrud kanali orqali suv bilan taʼminlangan[11]. Muhammad Yusuf Munshiyning yozishicha, 1680-yilda taxtga oʻtirgan Buxoro xoni ashtarxoniy Subhonqulixon „Registon atrofida Zam-zam bulogʻini eslatuvchi bir suv havzasini qurishga buyruq beradi“[12]. Hovuzning devorlari tosh bloklardan koʻtarilgan boʻlib, sakkiz burchakli qilib barpo etilgan. Hovuzga gʻarbiy tomondan marmar tarnov orqali suv kelib tushgan. Marmardan yasalgan tarnovda nastaʼliq husnixatida yozilgan kalligrafik yozuvda 1805–1806-yillarda Buxoro amiri Amir Haydar davrida taʼmirlangani qayd etilgan[13]. Hovuzning chuqurligi 4,5 metr boʻlib, suvga pogʻonama-pogʻona tushish imkoniyati mavjud[11] .
Hujralari
tahrirBoloi hovuz hujralari XVIII asrda Shodimbiy otaliq masjidi guzarida, Buxoro xonligida hukmronlik qilgan ashtarxoniy hukmdor Subhonqulixonning xotini Sitorai Mohi xossa tomonidan qurilgan. 1704-yil yanvar oyida rasmiylashtirilgan vaqf hujjatida yozilishicha, zamon Bilqisi (Podshoh Bibi) Buxoro shahridagi Registonning gʻarbida, Shodimbiy otaliq masjidi guzarida yogʻoch va pishiq gʻishtdan xonaqoh, jome masjidi va oʻn toʻqqiz hujra qurdirgan[8]. Malika bu yerda kambagʻal miskinlar taʼlim olishi uchun madrasa bunyod etgan. Madrasa va masjid faoliyatini taʼminlash maqsadida Xutfar tumanidagi Shoʻrcha mavzesida 1000 tanob xurri xolis yeri vaqf qilingan. Mutavvali voqifning oʻzi boʻlgan. Vaqf mablagʻlari esa ushrdan olingan[8]. Madrasa Buxoro taʼlim tizimida uchinchi darajali toifadagi oliy oʻquv yurtlaridan biri hisoblangan[14]. Muhammad Baljuvoniy asarida yozilishicha, madrasadagi hujralar soni 22 tani tashkil etgan[15].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 Ўзбекистон обидаларидаги битиклар 2023, s. 128.
- ↑ 2,0 2,1 Бухоро 1959, s. 55.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 Ўзбекистон обидаларидаги битиклар 2023, s. 139.
- ↑ 4,0 4,1 4,2 Бухоро шарқ дурдонаси 1997, s. 108.
- ↑ „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2024-yil 8-oktyabr.
- ↑ Бобожонов 2017, s. 146.
- ↑ Саиджонов 2005, s. 32.
- ↑ 8,0 8,1 8,2 Jumanazar 2017, s. 214.
- ↑ Бобожонов 2017, s. 147.
- ↑ Бобожонов 2017, s. 149.
- ↑ 11,0 11,1 Ўзбекистон обидаларидаги битиклар 2023, s. 133.
- ↑ Мухаммад Юсуф Мунши 1956, s. 184.
- ↑ Ўзбекистон обидаларидаги битиклар 2023, s. 136.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 218.
- ↑ Муҳаммад Али Балжувоний 2001, s. 89.
Adabiyotlar
tahrir- Jumanazar A.. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet. ISBN 978-9943-4728-2-2.
- Бухоро қисқача справочник. Тошкент: Ўзбекистон ССР давлат нашриёти, 1959 — 102-bet.
- Бухоро шарқ дурдонаси. Tошкент: Шарқ нашриёти, 1997 — 232-bet.
- Бобожонов Ш. Шариф шаҳар ёдгорликлари. Бухоро: Бухоро нашриёти, 2017 — 310-bet. ISBN 978-9943-367-90-6.
- Ражабов Қ, Иноятов С. Бухоро тарихи. Tошкент: Тафаккур нашриёти, 2016 — 460-bet. ISBN 978-9943-24-119-0.
- Мухаммад Юсуф Мунши. Муким-ханская история / Перевод с таджикского, предисловие, примечания и указатели А.А.Семенова. Ташкент: Фан, 1956 — 303-bet.
- Муҳаммад Али Балжувоний. Тарихи нофеий. Tошкент: Akademiya, 2001 — 122-bet.
- Саиджонов М. Бухоро шаҳри ва унинг эски бинолари, Тошкент, 2005 — 54-bet.
- Ўзбекистон обидаларидаги битиклар. Бухоро 3 жилд. Тошкент: Ўзбекистон нашриёти, 2023 — 392-bet. ISBN 978-9943-8508-7-3.