BorsakelmasUstyurt platosidagi shoʻrxok. Amudaryo deltasidan gʻarbda, B. botigʻining tubida joylashgan. Mutlaq balandligi janubi-sharqiy qismida 63 m, shimoli-sharqida 63 – 67 m, shimoli-gʻarbida 87 – 89 m. Maydoni 1000 km². Oʻsimlik qoplami deyarli yoʻq. Shoʻra va qorabaroq oʻsadi. Borsakelmasda tuzli qatlamning qalinligi 16 m dan 27,5 m gacha. Qatlamning asosiy qismini balchiqli tuz tashkil qiladi, baʼzan gidroslyudali gil qatlamchalari ham uchraydi. B.ning tagida neogenning gil qatlami joylashgan. Minerallardan osh tuzi (galit), astraxanit, glauberit, epsomit, tenardit uchraydi. Asosan osh tuzi bilan astraxanit tarqalgan. B.dagi osh tuzining zaxirasi 12,8 mlrd. t. Borsakelmas tuz xom ashyosi asosida Qoʻngʻirot soda korxonasi qurilmoqda.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil