Xitoy tili — xitoy-tibet tillari oilasiga mansub tillardan biri. XXRning rasmiy davlat tili. Unda XXRning 92% aholisi — 1 mlrd. 292 mln.dan ortiq kishi soʻzlashadi (2003-yil). Xitoy tili, shuningdek, Indoneziya, Kambodja, Laos, Vyetnam, Myanma, Malayziya, Tailand, Singapur, Bruney, Syangan, Aomin, Filippin, Yaponiya, Koreya va dunyoning boshqa mamlakatlarida tarqalgan (30 mln.dan ortiq kishi soʻzlashadi). BMTning rasmiy va ishchi tillaridan biri.

Xitoy tili
Milliy nomi 中文, 汉语
Mamlakatlar Xitoy, Xitoy Respublikasi, Singapur, Filippin, Malayziya, Indoneziya, Sharqiy Timor, Tayland, Vyetnam, Myanma, Kambodja, Kanada, AQSh, Peru
Rasmiylik holati

Xitoy XXR
Xitoy Respublikasi bayrogʻi Xitoy Respublikasi
Singapur bayrogʻi Singapur

BMT bayrogʻi BMT
Soʻzlashuvchilarning umumiy soni 1,3 mlrd.
Turkumlanishi
Til oilasi Sino-Tibet
Alifbosi Xitoy yozuvi
Til kodlari
ISO 639-1 zh
ISO 639-2 chi (B); zho (T)
ISO 639-3 zho

Xitoy tilida asosan, 7 lahja guruhi farqlanadi: 1) shim. (bu lahjada 70% kishi soʻzlashadi va u hozirgi adabiy Xitoy tiliga asos boʻlgan); 2) u; 3) syan; 4) gan; 5) xakka; 6) yue; 7) min. Bu lahjalar fonetik va leksik jihatdan oʻzaro katta farq qiladi, hatto lahjalarning vakillari bir-birlarini tushunmay qoladilar; biroq ularning grammatik qurilishi va lugʻat tarkibi yagonadir. Lahjalar muntazam tarzdagi tovushiy mosliklar orqali oʻzaro bogʻlangan. Xitoy tilining fonetik meʼyorlari Pekin shevasi talaffuziga asoslanadi.

Xitoy tiliga oid qadimiy yozma yodgorliklar (tosh, bronza, suyak va boshqalarga yozilgan yozuvlar) mil. av. 2ming yillikning 2-yarmiga oid. Qadimiy adabiy yodnomalar — "Shutszin" ("Tarix kitobi") va "Shitszin" ("Qoʻshiqlar kitobi") mil. av. 1-ming yillikning 1-yarmiga oid. Oʻsha davrdagi jonli lahjalar asosida qadimgi adabiy Xitoy tili — Venyan vujudga kelgan. Keyinchalik u ogʻzaki jonli tildan uzoqlashib, mil. 1-ming yillikda xalq tushunmaydigan til boʻlib qolgan. Shu sababli mil. 1-ming yillikda yangi (sodda) yozma til — baihua vujudga keladi; shim. baihua tili keyinroq umumxalq Xitoy tili — putunhua (umumxalqqa tushunarli til) uchun asos boʻldi. 20-asrning 1-yarmida putunhua qadimgi Xitoy tili — venyanni tamoman siqib chiqarib, yagona milliy til boʻlib qoldi.

Xitoy tilidagi morfema va sodda soʻzlar odatda bir boʻgʻinlidir. Boʻgʻin tarkibiga kiruvchi undosh va unli tovushlar (ularning soni haqida hanuzgacha yagona fikr yoʻq) maʼlum bir tartibda joylashadi. Masalan, bir necha undosh tovush ketma-ket kelishi mumkin emas, biroq unlilar ketma-ket, oʻzaro birikib kelishi mumkin. Toʻliq tarkibli xitoy boʻgʻinida birinchi oʻrinda hamisha undosh tovush turadi, ikkinchi oʻrinda 1unli, undan keyin 2unli, oxirida esa yarim (kuchsiz) unli yoki burun tovushi joylashadi. Qatʼiy tartibga qaramasdan Xitoy tilida boʻgʻin tarkibiga kiruvchi tovushlarning hammasi ham bir-biri bilan birika olmaydi, shuning uchun xitoy boʻgʻinlarining miqdori chegaralangandir. Putunhuada 414 boʻgʻin, ton (ohang—musiqiy ovoz) variantlarini hisobga olganda, 1324 boʻgʻin bor. Xitoy tilida ton (ohang), tovushga oʻxshab, maʼno farqlash vazifasini bajaradi (qarang Tonal tillar). Agar bir boʻgʻin 4 xil ton bilan talaffuz etilsa, 4 ta har xil maʼnoli soʻz hosil boʻladi.

Xitoy tilida bir boʻgʻinli soʻzlarga nisbatan ikki boʻgʻinli soʻzlar koʻproq. Terminologiyaning rivojlanishi natijasida ikkidan ortiq boʻgʻinli soʻzlar ham koʻpaymoqda. Soʻz yasalishi soʻz qoʻshish, affiksatsiya va konversiya (bir soʻz turkumidan boshqa soʻz turkumiga oʻtish) orqali amalga oshadi. Soʻz yasash qoliplari soʻz birikmalari qoliplariga oʻxshash boʻlganligidan baʼzan yasama, qoʻshma soʻzlarni soʻz birikmalaridan ajratib olish qiyin.

Xitoy tilida deyarli oʻzlashma soʻzlar yoʻq. Oʻziga xos morfologik va sintaktik xususiyatlarga ega. Xitoy tili, asosan, amorf tillardan boʻlsada, ayrim hollarda agglyutinativ belgilar ham uchraydi. Xitoy tili iyeroglifik yozuvdan foydalanadi (qarang Xitoy yozuvi).

LA.Torelov V. I., Prakticheskaya grammatika kitayskogo yazika, M., 1957; Solnsev V. M., Ocherki po sovremennomu kitayskomu yaziku, M., 1957; Yaxontov S. Ye., Drevnekitayskiy yazik, M., 1965; Hidoyatova Sh., Karimov A., Aminov E., Xitoy tili grammatikasi (fonetika va iyeroglifik yozuv), T., 2004.

Akramjon Karimov.

Xitoy tili (汉语/漢語, pinyin: Hànyǔ; 华语/華語, Huáyǔ; yoki 中文, Zhōngwén) - Xitoy-Tibet oilasiga kiruvchi til. Xitoy Xalq Respublikasi,Tayvan, Gang Kong, Makau va Singapurning rasmiy tili. Bugun Xitoy tilida 1.136 milyard kishi soʻzlashadi.

Havolalar

tahrir
  1. http://www.uyghurche.com - Uygʻurcha-Xitoycha Lugʻat
  2. http://www.chinese-tools.com - Xitoycha-Inglizcha Lugʻat