Choʻponota majmuasi
Choʻponota majmuasi - Toshkentdagi meʼmoriy yodgorlik. Gumbazli darvozaxona va maqbara (ayrim maʼlumotlarga kura 15-asr), masjid (asosi 19-asr oxiri — 20-asr boshi) dan iborat. Darvozaxona hovlining jan. tomonida, gʻarbida masjid, shim. tarafda makbara joylashgan. Maqbaraga boraverish xiyobon tarzida tashkil etilgan. Darvozaxona va maqbaraning (tarxlari moye ravishda 3,5x4,9 m va 4,6x5,6 m) hajmiy tuzilishlarida umumiylik kup: ikkalasi ham mayda (24x24x4 sm) gʻishtdan ishlangan; old tarzlarining tomonlaridagi guldastalar yuqoriga qarab ingichkalashib ketgan; guldastalarning tepalariga oʻymakorlik vositasida qafasa shakllari berilgan; eshiklarining tepasida kitobalarning oʻrni bor. Bino interyerlari va devorlariga toʻrttadan sayozroq taxmonlar ishlangan; bagʻallari "kaptar dumi" (qalqonsimon) shaklida chiqarilgan. Binolarning farqli jihatlari ham bor. Darvozaxonaning hovli tomonida ham peshtoq boʻlib, u koʻcha tarafidagiga qaraganda pastroq; gumbazining ustiga mezana qurilgan. Maqbara eshigining tepasidagi yozuv (kitoba) qirib olingan, oʻrniga ganchdan naqsh ishlangan. Sagʻana maqbara ichining ancha qismini egallagan. Gʻarbiy taxmon devorida tuynuk bor. Maqbaraning ichi suvoqsiz boʻlib, gʻishtlardan naqshsimon shakllar hosil etilgan. Shiftli masjid 20-asrning 50-yillarvdagi kengaytirish natijasida oʻzining dastlabki holatini yoʻqotgan. Xonaqoh 3 qismga boʻlingan. Unga sharqdan oʻrtasida besh tayanchi boʻlgan romli ayvon tutashtirilgan. Masjid tarhining tahlili uning eng avvalgi qismi imoratning jan.gʻarbida joylashganligini koʻrsatadi: xonaqohning jan. qismi dastlabki xonaqoh, oʻrta qismi esa dastlabki ochiq ayvon boʻlgan, deb taxmin qilish mumkin; xonaqohning shim. qismi va romli ayvon keyin qurilgan. Masjidning qarshisida, hovlining sharqiy tomonida yordamchi qurilmalar, hovuz bor. Choʻponota majmuasida xalq meʼmorligining, ayniqsa, gʻishtkor ustalarning mahorati mujassam boʻlgan.
Xayrulla Poʻlatov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |