Dandanakon jangi

saljuqiylar-G'aznaviylar o'rtasidagi janglardan biri

Dandanakon jangi - saljuqiylar bilan gʻaznaviylar oʻrtasidagi jang . Mahmud Gʻaznaviy Movarounnahrga daʼvo qilib, qoraxoniylar bilan raqobatda boʻlgan yillarda oʻgʻuz turkmanlaridan boʻlgan saljuqiylarning bir guruhiga Shim. Xuroson (xususan, Marv viloyati) da joylashib yashashiga ruxsat bergan edi. Saljuqiylar koʻchmanchi chorvadorlar boʻlgani uchun yaylovlarga egalik qilish uchun kurash boshlaganlar. Masud Gʻaznaviy davrida saljuqiy beklar gʻaznaviylarning soliq siyosatiga qarshi isyon koʻtarishgan. Masʼud boshchiligidagi gʻaznaviylar qoʻshini (100 ming askar 60 fillar) isyonni bostirish uchun Marv vohasi tomon yurgan. Jazirama issiqsa choʻldan oʻtayotgan gʻaznaviylar qoʻshini ochlik, tashnalik va b. koʻplab qiyinchiliklarga duch keladi. Saljuqiylar (20 ming) qad. dasht taktik usulini qoʻllab choʻldagi quduqlarga oʻlimtiklarni tashlab, koʻmib tashlashgan. Buning ustiga gʻaznaviylar qoʻshiniga chekka-chekkadan hamla qilib raqiblarini tinkasini quritgan. 1040-yil 23-mayda Masʼud qoʻshini saljuqiylar hamlalarini qaytarib Dandanakon nomli kichik shaharqalʼa devorlari ostiga yetib kelgan. Qalʼa aholisi gʻaznaviylarga garchi suv bersada, qalʼaning yagona darvozasidan kirishga yoʻl qoʻymaydi. Masʼudga hamroh boʻlgan amaldor va lashkarboshilar unga Dandanakonda dam olish lozimligini maslahat berishgan. Biroq sulton qalʼadan 5 farsax olislikda boʻlgan suv havzasi tomon harakat qilishni buyurgan. Voqea ishtirokchisi boʻlgan tarixchi Bayhaqiyning yozishicha, "Qachonki hukmdor u yerdan qoʻzgʻalgach, qoʻshin tartibi buzilgan, saroy gʻulomlaridan 370 tasi sher tasviri boʻlgan nishonlari bilan turkmanlarga qoʻshildilar". Saljuqiylar oʻgʻruqqa tashlanib, qimmatbaho buyumlar, qurol-yarogʻlar, otlarni tashmalab keta boshlaydi. Ular oʻzlariga qoʻshilgan sulton gʻulomlari bilan birgalikda Masʼud qarorgohiga shiddatli hujum qilishgan. Sulton atrofida qolgan oz sonli gʻulomlar qattiq qarshilik koʻrsatgan, biroq magʻlub boʻlib qochishga majbur boʻlganlar. Masʼud oʻzini betoʻxtov taʼqib etib kelayotgan raqibi hamlalarini qaytarib qolgan-qutgan qoʻshini bilan Marvarrudga, u yerdan esa Gʻaznaga qaytib kelgan. Sulton Masʼud Gʻaznaviyni D. j.da magʻlubiyatga uchrashi gʻaznaviylar davlatining inqirozi boshlanganidan va yangi davlat tugʻilganidan dalolat bergan. Xuddi jang maydonining oʻzida chodir oʻrnatilib, Toʻgʻrulbek sultonlik taxtiga oʻtiradi.

Faxriddin Hasanov.

Adabiyot tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil