Davud ibn al-Adid (shuningdek, manbalarda Dovud va Daʼud deb ham keltirilgan; arabcha: داود بن العاضد) – al-Hamid lilloh (الحامد لله) hukmdorlik nomi bilan mashhur. Hofizi Ismoillizmning 25-imomi, Fotimiylar xalifaligiga daʼvogar boʻlgan shaxs.

Davud ibn al-Adid
arabcha: داود بن العاضد
Hofizi Ismoilizm imomi
Saltanat 1171 – 1207/1208
Oʻtmishdoshi Al-Adid li-dinillah (Fotimiy xalifa sifatida)
Davomchisi Sulaymon Badr ad-Din
Tugʻilishi Qohira
Vafoti 1207–1208
Qohira
Otasi Al-Adid li-dinillah
Dini Islom, shialik

Davud oxirgi Fotimiy xalifasi al-Adidning toʻngʻich oʻgʻli boʻlgan. Al-Adid 1171-yilda vafot etganida Davud hali yosh bola edi. Shu sababli Ayyubiylar sulolasiga asos solgan qudratli vazir Salohuddin al-Ayyubiy Davudning taxtga oʻtirishiga ruxsat bermagan. Fotimiy tarafdorlari tomonidan vaqti-vaqti bilan uyushtiriladigan qoʻzgʻolonlar va fitnalarga qaramay, Davud oilasining qolgan aʼzolari singari hayotining qolgan qismini to vafotiga (1207–1208) qadar asirlikda oʻtkazgan. Uning yashirincha tugʻilgan Sulaymon Badr ad-Din ismli oʻgʻli borligi va u hofiziylarning oxirgi imomi boʻlgani haqida xabarlar mavjud.

Hayoti

tahrir

Davud ibn al-Adid oxirgi Fotimiy xalifasi al-Adid li-dinillahning (h. 1160–1171) katta oʻgʻli boʻlgan[1]. Oʻzidan oldingi salaflari singari, al-Adid ham amalda saroy aʼyonlari qoʻlida qoʻgʻirchoq edi[2]. Bunday kuchli saroy amaldorlarining soʻnggi va eng koʻzga koʻringanlaridan biri 1169-yilning mart oyida Misrning amaldagi hukmdori va vaziri boʻlgan Salohuddin al-Ayyubiy edi[3].

Fotimiylar xalifaligining qulashi

tahrir

Suriya hukmdori Nuriddin Mahmud ibn Zangining bosimi ostida Salohuddin Fotimiylar rejimining diniy asoslariga putur yetkaza boshlagan. Fotimiylar tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan hofizi ismoilizm anʼanalarini chetga surib, Misrda sunniylik anʼanalarini tiklagan[4][5][6]. Bu narsa, ayniqsa, 1171-yil 10-sentyabrda shofi’iylik mazhabi faqihi Najmiddin al-Xobushoniy al-Adidning oʻrniga sunniylik mazhabidan boʻlgan abbosiy xalifa al-Mustadiy ismini ommaga ochiq eʼlon qilib, Fotimiylarning jinoyatlari roʻyxatini oʻqib eshittirgach avj olgan[4][7][8]. Bir necha kundan keyin al-Adid vafot etgach, 1171-yil 13-sentyabrda Salohuddin Fotimiylar xalifaligining bekor qilinganini eʼlon qilgan[7][9][10]. Rasmiy ravishda, oʻrta asr Misr tarixchisi al-Maqriziyning soʻzlariga koʻra, bunga xalifa al-Adidning oʻgʻli Davudni (oʻsha paytda goʻdak boʻlgan) merosxoʻr (vali al-ahd) sifatida tayinlay olmagani sabab boʻlgan[11].

Ayyubiylar koʻp sonli Fotimiylar urugʻi vakillarini (zamonaviy olim Qodi al-Fadil ularning jami 252 nafar boʻlgani, shulardan 98 nafari erkak va 154 nafari ayol ekanligi haqida maʼlumot bergan) Salohuddinning ishonchli vakili Baha al-Din Qoraqush nazorati ostida Barjavon saroyida uy qamogʻiga tashlagan. Ularning xazinalari Salohuddin va Nuriddin oʻrtasida, mashhur Fotimiy kutubxonalari esa Salohuddin amaldorlari tomonidan boʻlib olingan, sotilgan yoki musodara qilingan[12][13]. Salohuddin qolgan Ismoiliy mazhabiga eʼtiqod qiluvchilarni taʼqib qilgach, ularning koʻpchiligi Yuqori Misrga qochib ketgan[12].

Asirlikdagi hayoti

tahrir

Davud asirga olingan boʻlsa-da, uning izdoshlari hali ham uni al-Hamidillah (maʼnosi: Allohga hamd aytuvchi) hukmdorlik unvoni bilan oʻzlarining imomlari sifatida tan olishar edi[12][14]. 1174-yilning aprel oyida Fotimiylarni qoʻllab-quvvatlovchi yuqori martabali amaldorlar oʻrtasida muvaffaqiyatsiz fitna aniqlangan, unga koʻra, baʼzi fitnachilar Davudning oʻrniga uning voyaga yetgan amakivachchalaridan birini xalifa etib tayinlash tarafdori boʻlishgan[15][16]. Oʻsha yilning yoz oylari oxirida Yuqori Misrda Fotimiylar tarafdorlari qoʻzgʻolon koʻtargan. Ushbu qoʻzgʻolon Asvonning merosxoʻr gubernatori Kanz al-Davla tomonidan qoʻllab-quvvatlangan, ammo sentyabr oyi boshida Salohuddinning ukasi al-Odil tomonidan bostirilgan[17][18]. 1176-yilda Fotimiylar tarafdorlari tomonidan uyushtirilgan yana bir qoʻzgʻolon Dovudning nomidan yoki oʻzini Dovud deb daʼvo qilgan Ismoiliy targʻibotchisi tomonidan Yuqori Misrning Qift shahrida sodir etilgan. Al-Odil yana yangi qoʻzgʻolonni bostirish uchun u yerga borgan va 3000 ga yaqin mahalliy aholini qatl qilgan[17][18].

1188-yilga kelib, tunda kichik bir guruh shialikning „Alining oilasi“ deb nomlanuvchi jang kuylari bilan Qohirada qoʻzgʻolon koʻtarishga uringan, biroq Misr poytaxti aholisi bu qoʻzgʻolonga hech qanday javob bermagan[19]. 1207–1208-yilda Fotimiy asirlari Qohira qal’asiga koʻchirilgan[17]. Davud ibn al-Adid ham aynan oʻsha yili vafot etgan. Davudning izdoshlari Misr sultoni al-Odildan omma oldida uning vafoti uchun motam tutishga ruxsat olishgan, biroq sulton bu fursatdan foydalanib, ularning yetakchilarini hibsga olgan va mol-mulkini musodara qilgan[17].

Merosxoʻrlari

tahrir

Oʻsha vaqtda erkak va ayol mahbuslarning alohida-alohida qamoqxonalarda saqlanganiga qaramay, Davud asiralardan ikki oʻgʻil koʻrgan. Manbalarga koʻra, qul ayollar yashirincha Davudning xonasiga olib kirilgan. Katta oʻgʻli Badr ad-Din Sulaymonning onasi keyinchalik Badr tugʻilgan joy yaʼni Yuqori Misrga olib ketilgan. Katta ehtimol bilan al-Odilning oʻgʻli va vorisi al-Komil hukmronligi (h. 1218–1238) davrida, Sulaymon qoʻlga olinib, Qohira qal’asida qamoqqa tashlangan[20]. Sulaymon ibn Dovud 1248-yilda vafot etgan. Manbalarga koʻra, undan farzand qolmagan va shu sababli Fotimiylar nasli shu bilan toʻxtagan. Baʼzi Ismoiliy partizanlari xuddi ajdodlari singari uning ham yashirin oʻgʻli borligini daʼvo qilishgan, bu esa „yashirin Imom“ degan umumiy mavzusini yana qayta takrorlash edi[17][21]. 1298-yil oxirlarida Yuqori Misrda oʻzini Sulaymon ibn Davudning oʻgʻli deb daʼvo qilgan va ismini Davud deb ataydigan mugʻombir shaxs paydo boʻlgan. Biroq bu vaqtga kelib, Ismoiliylar kichik va izolyatsiya qilingan anklavlarga aylangan edi, ularning oxirgi izlari XIV asrda qayd etilgan[22][23].

Manbalar

tahrir
  1. Halm 2014, s. 237.
  2. Saleh 2009.
  3. Brett 2017, ss. 291–292.
  4. 4,0 4,1 Daftary 2007, s. 252.
  5. Brett 2017, s. 293.
  6. Halm 2014, ss. 289–290.
  7. 7,0 7,1 Brett 2017, s. 294.
  8. Halm 2014, s. 290.
  9. Daftary 2007, ss. 252–253.
  10. Halm 2014, ss. 290–291.
  11. Walker 1995, s. 264.
  12. 12,0 12,1 12,2 Daftary 2007, s. 253.
  13. Halm 2014, ss. 292–294.
  14. Halm 2014, s. 296.
  15. Daftary 2007, ss. 253–254.
  16. Halm 2014, ss. 296–297.
  17. 17,0 17,1 17,2 17,3 17,4 Daftary 2007, s. 254.
  18. 18,0 18,1 Halm 2014, s. 297.
  19. Halm 2014, s. 298.
  20. Halm 2014, ss. 298–299.
  21. Halm 2014, s. 299.
  22. Daftary 2007, ss. 254–255.
  23. Halm 2014, s. 325.

Adabiyotlar

tahrir
Shialik unvonlari
Oldingisi Hofizi Ismoilizmning 21-imomi
1171-yil 13-sentyabr – 1207–1208-yillar
Keyingisi