Diatom suvoʻtlar
Diatom suvoʻtlar (yun. diatomos -teng ikkiga boʻlingan) — kremniyli suvoʻtlar (Bacillariophyta); suv-oʻtlar boʻlimiga mansub. 20 mingga yaqin turi bor. D. s.ning mikroskopik (0,75— 1500 mkm), bir hujayrali, yakka yoki kolonial formalari mavjud. D. s. hujayralari kremniyli ikki pallali qattiq qobiq bilan oʻralgan. Qobiq devorida tashqi muhit bilan moddalar almashinuvi sodir boʻladigan tirqishlar bor. D. s.ning hujayralarida bir yoki bir nechta yadrochali yadro ustida va bir yoki bir nechta sariq-qoʻngʻir xromatoforalar va b. qismlar boʻladi. D. s. boʻlinib koʻpayadi: har bir qiz hujayra ona qobigʻining bir pallasini oladi, boshqasi esa qaytadan oʻsadi, bunda eski yarim palla oʻz chekkasi bilan yangi yarim pallani tutib turadi. D. s koʻpayish meʼyoriga qarab sekin-asta maydalashadi. Maydalashgan hujayralardan ikkitasi bir-biriga yaqinlashib, pallalari ochiladi va ular oʻrtasida konʼyugatsiyaga oʻxshash jarayon sodir boʻladi yoki anizogamiya (baʼzan ooga-miya) orqali jinsiy koʻpayish sodir boʻladi. Zigotasi autosporaga aylanib oʻsadi. Bunday zigota oʻsib, dastlabki hujayralarga nisbatan bir necha marta yirik hujayrani hosil qiladi. Baʼzi turlari tinim davrida spora hosil qiladi. D. s. diploidli, ularning gametalari esa gaploidli. D. s. suv-oʻtlarning tabiatda keng tarqalgan guruhi boʻlib, chuchuk suv va dengizlarda, ayniqsa dengiz tubidagi loyqada, suv oʻsimliklari va toshlar, nam va b. joylarda oʻsadi. Hayvonlarga oziq boʻladi.
Adabiyot
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |