Oʻtkir Hoshimov

oʻzbek yozuvchisi
(Hoshimov Oʻtkirdan yoʻnaltirildi)

Oʻtkir Hoshimov (1941-yil 5-avgust, Toshkent – 2013-yil 24-may, Toshkent) – Oʻzbekistonlik yozuvchi va jamoat arbobi. Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan.

Oʻtkir Hoshimov
Tavalludi 5-avgust 1941-yil
Vafoti 24-may 2013-yil(2013-05-24)
(71 yoshda)[1]
Toshent shahri
Ijod qilgan tillari o'zbek
Fuqaroligi SSSR va O'zbekiston
Alma mater Toshkent davlat universiteti
Janr Nasr
Mukofotlari Mehnat shuhrati ordeni
Turmush oʻrtogʻi Oʻlmasxon Hoshimova

Hayoti

tahrir

Oʻtkir Hoshimov 1941-yilning 5-avgustida Toshkent viloyatining Zangiota tumani Doʻmbirobod mavzesida tavallud topgan. Bolaligi urush qiyinchiliklari, muhtojliklari davrida kechgan. 1958-yilda oʻrta maktabni bitirib, Toshkent Davlat universiteti jurnalistika boʻlimining avval sirtqi, soʻngra kunduzgi boʻlimida oʻqib, 1964-yilda tugatadi. 1959-1960-yillarda „Temir yoʻlchi“, 1960-yilda hozirgi „O‘zbekiston ovozi“, 1960-1982 yillarda „Toshkent haqiqati“, „Toshkent oqshomi“, 1982-1983 yillarda Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida, 1985-1995-yillarda „Sharq yulduzi“ jurnaliga bosh muharrir va 1995-yildan 2004-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Matbuot va axborot qoʻmitasi raisi sifatida faoliyat koʻrsatib keldi. Keyinchalik Teatr jurnalida muharrirlik qildi[2].

Oʻtkir Hoshimov oʻz ijodini sheʼr va ocherklar yozishdan boshladi. 1962-yilda uning „Po‘lat chavandozlar“ ocherklar toʻplami bosilib chiqdi. Shundan keyin uning birin-ketin hikoya, qissa va romanlari kitobxonlarning qoʻliga borib tegdi. Uning ilk qissasi „Cho‘l havosi“ (1964-yil) adabiy jamoatchilik tomonidan iliq qarshi olindi. Atoqli adib Abdulla Qahhor bu qissa haqida oʻsha paytda juda yaxshi fikr bildirgan. Ammo yozuvchiga muvaffaqiyat keltirgan asar 1970-yilda nashr qilingan „Bahor qaytmaydi“ qissasi boʻldi[3]. Ushbu asar asosida 1972-yilda „Bahor qaytmaydi“ filmi ekran yuzini koʻrdi[4]. Bundan tashqari Oʻtkir Hoshimovning bir qancha asarlari ekranlashtirilgan. „Xazon boʻlgan bahor“, „Inson sadoqati“ (1975-yil), „Vijdon dorisi“, „Toʻylar muborak“ (1979-yil), „Qatagʻon“ kabi drama, komediya, bir qator kinossenariylar muallifi. 2001-yilda adibning yana bir mashhur ishi „Daftar hoshiyasidagi bitiklar“ asari chop etildi. Yozuvchi ushbu kitobni 40 yil davomida yozgan[5]. Oʻtkir Hoshimov „Urushning soʻnggi qurboni“, „Yanga“, „Muhabbat“, „Dehqonning bir kuni“, „Umr savdosi“, „Quyosh tarozusi“, „Oq bulut, oppoq bulut“ singari oʻnlab hikoyalari, „Qalbingga quloq sol“ (1973-yil), „Ikki karra ikki-besh“ (1987-yil) qissalari, „Nur borki, soya bor“ (1976-yil), „Ikki eshik orasi“ (1985-yil), „Tushda kechgan umrlar“ (1993-yil) kabi romanlar yozgan." Ikki eshik orasi" nomli asari tufayli Oʻ.Hoshimov 1986-yilda Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofotiga sazovor boʻldi. 1997-yilda "Mehnat shuhrati" ordeni bilan mukofotlangan[6].

„Toʻylar muborak“, „Sizdan ugina, bizdan bugina“, „Vijdon dorisi“, „Inson sadoqati“, „Qatagʻon“ singari pyesalar muallifi. Ernest Hemingway, Konstantin Simonov, Kuprin va boshqa adiblarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Tanqidlar

tahrir

1990-yilda Oʻtkir Hoshimov oʻzi bosh muharrir boʻlgan „Sharq yulduzi“ jurnalida Qurʼoni karimning ilk oʻzbekcha tarjimasini chop qilishga jurʼat qildi.

Toshkentdagi „Ateizm uyi“ kabi idora vakillari Qurʼon suralarida milliy kamsitish elementlari bor¸ deya „Sharq yulduzi“ jurnalida Qurʼoni karim tarjimasini chop qilinishini toʻxtatishga urinishdi[manba kerak].

Vafoti

tahrir

Oʻtkir Hoshimov 2013-yil, 24-may kuni, 71 yoshida olamdan oʻtdi. Toshkentning Doʻmbirobod masjididagi juma namozidan keyin yozuvchi jasadi tuproqqa berildi.

Xotirasi

tahrir

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Xalq taʼlimi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va boshqa jamoatchilik vakillarining tashabbusi bilan 2021-yilda Oʻtkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini keng nishonlandi[7].

Manbalar

tahrir

Havolalar

tahrir