Kahband madrasasi Pochaquli hoji guzarida joylashgan bo‘lib, 10 hujradan iborat bo‘lgan.

Kahband madrasasi
Joylashuv Buxoro
Turi madrasa
Xarita

Tarixi

tahrir

U O.Suxareva so‘rab-surishtirib ushbu madrasa qurilishi XIX asr o‘rtalariga tegishli ekanini aniqlaganini yozgan. U mazkur madrasani „oltin-kumushga ishlov beruvchi shaxs qurdirgan bo‘lsa kerak“, deb taxmin qilgan. Ushbu o‘quv maskani faoliyatiga doir bir qancha hujjatlar saqlanib qolgan. Sadr rais Mir Badriddin arznomasida Aloqabandon guzari masjidi imomi va mudarrisi mulla Muhammad Zokir Fathulloh qushbegi madrasasiga o‘tayotgani va uning bo‘sh qolgan o‘rniga Kahbandda 100 tanga maosh bilan dars berib yurgan mudarris mulla Abdug‘afur Buxoriy tayinlanishini maʼlum qilgan. Ushbu maʼlumotni qozikalon mulla Abdushukur ham tasdiqlagan. Kahband madrasasida bir nafar mudarris dars o‘tgan. XX asr boshlarida unda mulla Maʼin mudarris edi. Hijriy 1329-yil rabi ul-avval oyida (1911-yil mart) bu dargohda qori Zakariyo ismli mudarris talabalarni o‘qitgan. Unda talabalarga dars bergan mudarrislardan yana biri Mir Abdullaxoja ibn Muxtorxojadir. U shoir bo‘lgan, „Abdiy“ taxallusi bilan ijod qilgan. „Tazkirat ash-shuaro“ asarini yozgan. Kahband madrasasida ikki yil dars bergan. Manbalardan maʼlum bo‘lishicha, moddiy ahvoli uncha yaxshi bo‘lmagan. Demak, Kahband madrasasida mudarrisga beriladigan maosh kam bo‘lgan. U Buxoro qozikaloni nomiga shikoyat tarzida bir qasida yozgan ekan. Shundan keyin qozikalon uni Muhammad Aminxoja madrasasiga mudarrislikka tayinlagan. Mir Abdullaxoja Abdiy hijriy 1340-yili (1921 — 1922) Buxoroda vafot etadi. Bemor talabalar ro‘yxati keltirilgan hujjatda ham mazkur madrasa nomi uchraydi. Unda ko‘rsatilishicha, Abduzohid, Mullatosh Buxoriy va Mir Xalil ismli talabalar rishta kasalligi bilan xastalangan bo‘lgan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Abdusattor Jumanazar. Toshkent: Akademnashr, 2017. — B. 304.