Karim Bahriyev

O'zbek-sovet jurnalisti, yozuvchi, tarjimon va sobiq deputat

Bahriyev Karim Hakimovich (1962-yil 15-iyulda Samarqand viloyati Urgut tumani Gʻoʻs qishlogʻida tugʻilgan) —jurnalist, yozuvchi, tarjimon, sobiq deputat, parlament aʼzosi va siyosatchi. 90-yillar jurnalistikasi va siyosati tarixidagi koʻp qirrali shaxs.

Karim Bahriyev
Tavalludi
Bahriyev Karim Hakimovich

15-iyul 1962-yil (1962-07-15) (62 yosh)
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Taʼlimi
Kasbi Yozuvchi, jurnalist, tarjimon, sobiq deputat va siyosatchi
Millati oʻzbek
Dini islom
Turmush oʻrtogʻi Ilmira Rahmatullayeva
Bolalari 4
Mukofotlari Mustaqillik koʻkrak nishoni (1996, 2006, 2011, 2021)

1979-yilda Urgutdagi 8-maktabni Oltin medal bilan tugatgan. Avval 1979-yildan Samarqand davlat universiteti rus filologiyasi fakultetiga kirgan, keyin Moskvaga ketgan, 1985-yilda Moskva Davlat Universitetining Jurnalistika fakultetini tugatgan. 1992-yil, 2006-yil va 2011-yil „Mustaqillik“, 2021 yilda „Mustaqillikning 30 yilligi“ koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan[1]. 1990-1995-yillardagi parlamentning birinchi taniqli chaqirigʻining deputati, ularning koʻpchilik vakillari uzoq yillar qamoqda boʻlgan, mamlakatdan koʻchib ketishga majbur boʻlgan yoki unutilgan.

Karim Bahriyev „Xoʻjalik va huquq-Хозяйство и право“, „Migratsiya va xavfsizlik“ jurnallariga ilk bosh muharrirlik qilgan, „Oʻzbekiston adabyoti va sanʼati“, „Maʼrifat“ gazetalarida, „Jahon adabiyoti“, ‘Dugonalar" jurnallarida faoliyat yuritgan.

Bundan tashqari, Karim Bahriyev 90-yillarning boshlarida misli koʻrilmagan darajada keskin gazeta — „Hurriyat“ning bosh muharriri sifatida ham tanilgan. Faqat 5 ta son nashr qilingan, ammo har bir son shov-shuvlarga, gazeta xodimlariga boʻlgan tahdidlarga va eng yuqori yopiq idoralarda navbatdan tashqari yigʻilishlarga sabab boʻldi. Mustaqil Oʻzbekistonni shakllantirish ishtirokchisi, sheriklari boshidan kechirgan qatagʻon va taʼqiblarning guvohi, rasmiy matbuot, televideniyeda 21 yil taqiqda boʻlgan va beixtiyor yigirma yillik turgʻunlikning jimgina kuzatuvchisi sifatida eslanadi.  

Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasi Jurnalistlar uyushmasi Jamoatchilik Kengashi raisidir. Mamlakat Yozuvshilar uyushmasi va Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi.  „Oltin meros“ xalqaro xayriya jamgʻarmasi „Meros-nyus“ axborot xizmati rahbari va Oʻzbekiston Respublikasi Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida media huquqi va etikasi fani muallimi sifatida faoliyat yuritadi. „Sabr kosasining siniqlari“, „Tomchidil“ sheriy kitoblari, „Demokratiya va inson huquqlari“, „Jurnalistning huquqlari, majburiyatlari va masuliyati“, „Ommaviy axborot vositalari faoliyatining huquqiy asoslari“, „Haqiqat talabgorimiz“ nomli oʻzbek tilidagi ilmiy-ommabop kitoblari, „OAV va saylovlar“ hamda „SMI i vibori“ nomli oʻzbek va rus tilidagi qoʻllanma, „Soʻz erkinligi haqida soʻz“ nomli oʻzbek, rus va ingliz tillaridagi siyosiy-ijtimoiy kitob, „Media huquqi“ darsligi, „OAV qonunchiligidan 100 savolga 100 javob“ qullanmasi, qator tanqidiy-tahliliy maqolalar muallifi.

Seneka, Platon, Volter, Monten, Paskal, Vovenarg, Laroshfuko, Labryuyerning falsafiy asarlarini, jahon xalqlari hikmatlarini, Genri Fordning „Mening hayotim“, Jorj Oruelning "1984" va "Molhona" , Svetlana Alekseevichning „Chernobil tavallosi“romanlarini va Malkolm Gladuelning „Daholar va uddaburonlar“ asarlarini, Chingiz Aytmatov, Dino Bussati, Jovanni Papini, Korrado Alvaro, Marchello Venturi, Vladimir Voynovich, Verkor hikoyalarini, uygʻur shoiri Temur Davomatning sheʼriy kitobini, ozar shoirlari Muhammad Hodiy, Mirzo Aliakbar Sobir („Hop-xopnoma“ devoni), Rasul Rizo, Romiz Ravshan, Sobir Rustamxonli va boshqalarning sherlari va dostonlarini, turk oshiq shoirlari Pir Sulton Abdol, Shayxulislom Kamol Poshshozoda,Yunus Emro, Qul Nasimiy, Oshiq Xarobiy Bobo, Oshiq Vaysal sheriyatini hamda Oʻrxon Vali nazmini va boshqalar asarlarini hamda rus shoirlari Derjavin („Xudovand“ qasidasi), Ivan Bunin, Sasha Cherniy, Bella Ahmadulina, Bulat Okudjava, Velimir Xlebnikov nazmini, chechen olimi A.Avtorxonovning „Kreml saltanati“ kitobini tarjima qilgan.

Tarjimalari „Turkiy adabiyot durdonalari“ 100 jildligining beshta jildida, "Rus adabiyoti durdonalari’ 100 jildligining uchta jildida chop etilgan. Shoirning tarjimasida "Dunyo sheriyati antologiyasi’ ikki jildligi chop etilmoqda.  

Karim Bahriyevning tarjimasida nemis, malay, afrikaliklar, avstraliyaliklar, ozarboyjon, turk, olmon, yunon, farang, arab, ingliz, ispan, amerika, eron, yapon, koreys, hind, godlland, daniyalik, islandiyalik shoirlar va yozuvchilarning romanlari, sheʼrlari va balladalari chop etilgan[2][3][4][5].

Manbalar

tahrir
  1. „Karim Bahriyev *“ (2020-yil 12-sentyabr). 2022-yil 15-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 15-dekabr.
  2. „Karim Bahriyev: O‘zbekiston 1991-yildan so‘ng chorak asr shaxsga sig‘inish va uning zulmidan azob chekib yashadi“ (2019-yil 6-avgust). 2021-yil 30-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 15-dekabr.
  3. „Karim Bahriyev Mirziyoyevga: Amaldorlarga emas, xalqqa suyaning“ (2020-yil 30-yanvar). 2020-yil 1-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 15-dekabr.
  4. „Karim Bahriyev: "MXX Andijonda xalqni otgan"“ (2020-yil 16-mart). 2021-yil 30-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 15-dekabr.
  5. „Karim Bahriyev - chala so‘z erkinligi, Islom Karimovni cho‘chitgan loyiha va jurnalist sha'ni haqida“ (2021-yil 17-yanvar). 2021-yil 30-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 15-dekabr.