Koʻkalamzorlashtirish — shahar hududida yashil tabiat zonalari yaratish uchun olib boriladigan ishlar majmui. Yashil zonalar xiyobon va bogʻlardan tashkil topadi, mikroiqlimni sogʻlomlashtiradi, shamol tezligini pasaytiradi, chang va toʻzonlarni tutib qoladi, havodagi zararli gaz va tutunlarni yutadi, shahardagi shovqinlarni kamaytiradi va shu kabi foydali tomonlarga ega. Koʻkalamzorlashtirish katta estetik ahamiyatga ega. Poytaxt va yurtimizning boshqa shaharlaridagi istiqomat qilayotgan aholi soni oshib borayotgani, yirik sanoat korxonalari yildan yilga koʻproq ishga tushurilishi, shahar koʻchalarida harakatlanayotgan avtomobillar soni ortib borishi hisobga olinsa, ekologik holatlar alohida eʼtibor va mas’uliyat talab qiladi. Shahar ekologiyasi, aholi salomatligi ham bevosita koʻkalamzorlashtirish bilan bogʻliq. Atrof-muhit musaffoligini taʼminlashda yashil olamning ahamiyati beqiyos. Soʻnggi yillarda shaharni qayta qurish, koʻkalamzorlashtrish va obodonlashtirish ishlari jadal olib borilayotgani sabab nafaqat poytaxtimizda, balki boshqa viloyat markazlarida ham shaharlarni yashil maydonlarga aylantirish ishlari tadbiq etilmoqda. Koʻkalamzorlashtirilgan hududlarda havo harorati boshqa hududlarga qaraganda 16° salqin boʻlishi, 1 gektar hududdagi oʻrmon yiliga 54 tonna chang ushlab qolishi bizga maʼlum. Shaharlar hududida shuningdek, turli-tuman gullar, toʻshama oʻsimliklar ham yashil maydonlarni boyitib bormoqda.

Toshkent shahri (2009-yilgacha boʻlgan maʼlumotlar)

tahrir

Toshkent shahrining 34 mingdan ziyod gektar yer maydonidan 15,5 ming gektari koʻkalamzorlashtirilgan, yaʼni shaharning 40 % qismi yashil maydonga aylantirilgan. Shaharning tumanlar bilan chegarasi doirasidagi 7,2 ming gektar qismi yashil maydon hisoblandi, umumiy foydalaniladigan yashil maydon 5,5 ming gektarni tashkil etadi. Bular maxsus yashil maydonlar boʻlib, asosan botanika va zoologiya bogʻlari, koʻchatzorlar, gulchilik xoʻjaliklari, bogʻ va xiyobonlardan tashkil topgan. Hududning 1432,5 gektarini yashil maysazor (gazonlar), 327,5 gektarini esa gulzorlar tashkil etadi. Mirzo Ulugʻbek, Yunusobod, Sobir Rahimov, Yakkasaroy, Bektemir, Uchtepa, Chilonzor tumanlari yaxshi koʻkalamzorlashtirilgan. Ushbu tumanlarda aholi jon boshiga 72,5 dan 108,6 m² gacha yashil maydon toʻgʻri keladi. Mustaqillik yillarida Eski shahar hududida mavjud ekologik muammolarni bartaraf etish tadbirlari natijasida Shayxontohur tumanida bir biridan yangi soʻlim goʻshalar, koʻkalamzor hududlar bunyod etilgan. Toshkent shahrida joylashgan yirik yashil hududlardan: Oʻzbekiston milliy bogʻi, Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi, Botanika bogʻi, „Oʻzekspomarkaz“ milliy koʻrgazma kompaniyasi tarkibidagi dam olish maskanlari koʻpchilikga maʼlum. Keyingi yillar davomida shahar hududini koʻkalamzorlashtirish uchun ekiladigan oʻsimlik va daraxtlar turi ortib bormoqda. Shahar hududida 28 dan ortiq turdagi qimmatli va noyob turdagi oʻsimliklar davlat tomonidan muhofaza qilingan. Ularning aksariyat turlari qulay sharoitda rivojlanishdan toʻhtamasdan koʻpayib bormoqda. Shaharning markaziy qismlarida baʼzi eman daraxtlari yoshi 100 dan oshgan va ular haqiqiy tabiat obidasiga aylangan. Toshkent shahri koʻchalarini 44 mingdan ortiq manzarali daraxtlar bezab turibdi, bular — dub, chinor, qaragʻay, qora archa, safora, qayin, kashtan, joʻka, lola daraxtlari va boshqalar. Mevali daraxtlardan oʻrik, olma, gilos, yongʻoq, olcha va boshqa shu turdagi daraxtlar ekishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, shaharda 20 turdagi gullaydigan atirgullar, 25 turdan ziyod koʻp yillik gullar shahar koʻchalari va maydonlarini goʻzal qilib turibdi. Har yili 50-60 turdagi gullar va 20 turdan ziyod turli xil atirgullar ekiladi. Soʻnggi yillar davomida Toshkent shahrining 3027 gektar maydoni yangi yashil bogʻlarga aylantirildi. Yoʻl boʻylaridagi 1223 gektar umumiy maydondagi hududlar gulzorlarga aylantirildi. [1]

Manbalar

tahrir
  1. Toʻxliyev, Nurislom, ed (2009). "Ko'kalamzorlashtirish". Toshkent: Ensiklopediya. Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti. p. 294-295.