Gilos (lotincha: Prúnus ávium)(forscha: گیلاس — gilos) —  atirgullilar oilasiga mansub koʻpyillik mevali daraxt va uning mevasi[1]. Sariq gilos. Qizil Yovvoyi holda Oʻrta va Janubiy Yevropa, Eron, Kavkaz, Ukraina, Moldovada uchraydi. Yevropa mamlakatlari, Turkiya, Eron, Afgʻoniston, Xitoy, Yaponiya, Ukrainaning janubi, Kavkaz, Boltiqboʻyi va Oʻrta Osiyoda ekiladi.

Gilos (ilmiy nomi: Prunus ávium)

Gilos daraxtining boʻyi 10-15 metr (baʼzan 30 metrgacha boradi), shoxlari qalin, yoyilib oʻsadi. Bargi choʻziq-tuxumsimon, toʻq yashil. Guli oq, ikki jinsli, gulbandi uzun. Mevasining shakli dumaloq, yuraksimon, eti shirali, sirti tekis. Eng ertagi danakli meva.

Tarkibida 7-15% qand, 0,36-1,1% kislota, vitaminlar, 0,2% oshlovchi va 0,7% gacha pektin moddasi bor. Yangiligida isteʼmol qilinadi, kompot va murabbo tayyorlanadi. Gilos asal beradigan oʻsimliklar qatoriga kiradi. Danagi magʻzida 30% gacha parfyumeriya sanoatida ishlatiladigan moy bor.

Gilos unumdor, nam, moʻtadil yerlarda yaxshi oʻsadi, yorugʻlik va issiqlikka talabchan. Koʻchati ekilgandan keyin 4–5-yili hosilga kiradi. Daraxti 100 yilgacha yashaydi, tupi 150-300 kg hosil beradi. Asosan mart-aprel oylarida gullaydi, may-iyunda pishadi. Yozi issiq xududlarda yaxshi oʻsmaydi. Namga talabchan. Asosan magellab olchasi yoki yovvoyi olchaga payvandlab koʻpaytiriladi. Koʻchati sugʻorilib, tagi yumshatilib turiladi. Gilos yoshartirish maqsadida 2-3 yillik shoxlari butalib, daraxti qoʻshimcha oziqlantiriladi. Gilos uchun ayniqsa yelim oqish kasalligi gʻoyat xavfli. Erta bahor va yozda insektitsidlar va fungitsidlarning biron turi bilan 2-3 marta ishlov beriladi.

Navlari tahrir

Gilosning 100 ga yaqin navi maʼlum. Oʻzbekistonda gilosning Savri surxoni, Qora gilos, Sariq gilos, Bahor, Revershon, Sariq drogana, Chkalov navlari koʻp ekiladi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Manba tahrir

  1. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2023 — 964 bet. ISBN 978-9943-8834-4-4.