Bosh menuni ochish

Kolombo (singal tilida Kalambu) — Shri Lanka Respublikasining amaldagi poytaxti, Shri Lanka o.ning gʻarbiy sohilida, Kelani daryosining kuyilish joyida. Iqlimi subekvatorial, mussonli nam iqlim. Oʻrtacha yillik yogʻin 2400 mm, eng koʻp yogʻin yoz oylariga toʻgʻri keladi. Yil davomida havo temperaturasi kam oʻzgaradi, 27° atrofida saqlanadi. Aholisi qariyb 2 mln. kishi (1990-yillar oʻrtalari).

K. toʻgʻrisida dastlabki maʼlumot u yerga 1346 yilda kelib ketgan arab sayyohi Ibn Battuta asarlarida uchraydi. Oʻrta asrlarda shahar Kolontata nomi bilan mashhur boʻlgan. 16-asrda Hind okeani havzasidagi muhim savdo markazlaridan edi. Portugaliyaning mustamlakachilik yillarida harbiy fort (qalʼa) boʻlgan. 17-asrda gollandlar qoʻliga oʻtdi. 1796 yilda inglizlar bosib olgan va 1802 yildan Angliya mustamlakasi — Seylonning maʼmuriy markazi. 1948 yildan mustaqil Seylon davlatining , 1972 yil dan Shri Lanka Respublikasining poytaxti. 1985 yildan mamlakatning yangi poytaxti — Shri-Jayavardenapura-Kotte shahri qurilmokda.

K. — mamlakatning asosiy iqtisodiy va madaniy markazi. Transport yoʻllarining muhim tuguni. Hind okeanining muhim dengiz yoʻllari kesishgan joyidagi port. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. K. va uning atrofida mamlakatdagi sanoat korxonalarining 1/2 qismi joylashgan. Oziq-ovqat, kauchukni qayta ishlash, kemasozlik va kema remontni korxonalari, issiqlik elektr st-yasi mavjud. Shahar yaqinida shina zavodi, metallurgiya zavodining prokat sexi; sunʼiy gavanda quruq dok, neft saqlanadigan va boshqa omborlar qurilgan.

K.da davlat universiteti, Vidyalankara budda universiteti, texnika, nafis sanʼat kollejlari, Milliy muzey, jamoat kutubxonasi, i.t. institutlari, sanʼat galereyasi va boshqa bor. Meʼmoriy yodgorliklardan ibodatxonalar saqlangan.[1]

ManbalarTahrirlash

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil