Lev Barshchevskiy
Lev Semyonovich Barshchevskiy (polyak tilida: Leon Barszczewski) (1849-yil 20-fevral, Varshava – 1910-yil 22-mart, Chenstoxova, Polsha qirolligi) – topograf, geolog, etnograf, arxeolog, tabiatshunos, Oʻrta Osiyo madaniyatshunosi, ilmiy tadqiqotchisi. Rossiya imperiyasining armiyasida xizmat qilgan[1].
Lev Semyonovich Barshchevskiy | |
---|---|
Tavalludi |
20-fevral 1849-yil Varshava, Polsha Qirolligi |
Vafoti |
22-mart 1910-yil (61 yoshda) Chenstoxova, Polsha Qirolligi |
Fuqaroligi | Rossiya imperiyasi |
Sohasi | etnograf, arxeolog |
Taʼlimi | Konstantinovskiy artilleriya maktabi |
Hayoti
tahrirLev Semyonovich Barshchevskiy 1849-yil 20-fevralda Varshavada tugʻilgan. Uning oilasi Suwałki shahridan boʻlib kelib chiqishi zodagonlarga borib taqaladi. 1825-yilda oilasi bilan Podlasie shahriga koʻchib oʻtdi. U erta yetim qolib, katta singlisi (uning katta akalari yanvar qoʻzgʻolonida qatnashgani uchun sudlangan, ularning taqdiri nomaʼlum) bilan Cherkassida yashagan.
Lev Barshchevskiy Kiyevdagi harbiy gimnaziyani tugatgandan soʻng, 1866-yilda Konstantinovskiy harbiy maktabiga oʻqishga kirdi, harbiy maktabni 1867-yilda tugatdi. Keyin Odessadagi kadet piyodalar maktabiga bordi. Tarix darsi vaqtida „polyaklar qoʻzgʻoloni“ haqida soʻralganda, u isyonchilarni himoya qildi, buning uchun u talabalar roʻyxatidan chiqarildi va kursant unvoni bilan Xerson viloyatidagi polkga oʻtkazildi. U yerda xorijiy tillarni va hunarmandchilikni oʻrgangan. Xersondaligi vaqtida akvarel rassomi va fotograf Nikolay Osipovdan fotografiya sanʼatini oʻrgangan.
1876-yilda Turkiston Rossiyaga qoʻshib olingandan soʻng Barshchevskiy oʻz ixtiyori bilan yangi qoʻlga kiritilgan hududlarga boradi va u yerda topografik boʻlimda xizmat qiladi. Barshchevskiy 1897-yilgacha asosan Samarqandda yashagan. 1880-yilda Irena Nedzvetskayaga uylandi. Uning boʻlinmasining vazifalari hududni oʻrganish, Xitoy va Afg'oniston yoʻnalishi boʻyicha strategik ahamiyatga ega yangi yoʻllarni yotqizishdan iborat edi.
Samarqanddagi tub aholining turmushi, urf-odatlarini oʻrgandi, ularning hayotini suratga oldi. U Zarafshon, Fondaryo, Iskandardaryo va Yagʻnob daryolari boʻylab sayohat qilgan, ular orqali Hisor tizmasi va Buxoro amirligiga olib boradigan soʻqmoqlarni oʻrgangan. U ilmiy ekspeditsiyalarning hammuallifi edi. Lev Barshchevskiy Samarqandning qadimiy xaroba shaharlaridan biri boʻlgan Afrosiyob shahrida arxeologik ishlarni amalga oshirgan. Qadimiy buyumlarning kolleksiyasini toʻplagan. To'plangan kolleksiyaning bir qismini yigʻib Samarqanddagi Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati tarixi davlat muzeyiga asos solgan va bir qismini fransuzlarga sotib yuborgan[2]. Savdodan tushgan pulga Samarqand yaqinida koʻmir konini qurgan.
Sankt-Peterburgdagi Rossiya geografiya jamiyati va Moskvadagi hayvonlar va oʻsimliklarni oʻrganish boʻyicha Rossiya imperatori jamiyati aʼzosi edi.
1897-yildan u Siedlce shahrida boʻlib, u yerda piyodalar polkiga qoʻmondonlik qilgan. Rus-yapon urushida qatnashgan. 1906-yildan nafaqaga chiqqan. Oʻz joniga qasd qilgan. U Chenstoxovadagi Kule qabristoniga dafn etilgan. 1995-yilda uning qabri oilasi tomonidan Varshavadagi Starie Povazkiga koʻchirildi.
Manbalar
tahrir- ↑ „Леон Барщевский - польский путешественник, ученый, фотограф“. 2019-yil 24-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 24-oktyabr.
- ↑ „Исполнилось 120 лет со времени создания музея в Самарканде - Kultura.uz“. 2019-yil 3-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 24-oktyabr.