Mavlono Ya‘qubi Charxiy
Mavlono Ya‘qubi Charxiy — (1363—1447) — faqih va avliyo. Hazrat Yaʼqub Usmon ibn Muhammad Afg‘onistonning G‘azna shahri yaqinidagi Charx qishlog‘ida tavallud topgan. Naqshbandiya tariqati „Silsilayi sharif“idagi o‘n sakkizinchi halqaning piri murshidi, buyuk avliyo, Qur’oni Karimni tafsir etgan alloma, adib, faqih, atoqli tarbiyachi. Xojagon-naqshbandiya tariqati rivojiga katta hissa qo‘shgan Hazrat Mavlono Yaʼqubi Charxiy toʻgʻrisida Jomiyning „Nafohat ul-uns“, Alisher Navoiyning „Nasoyim ul-muhabbat“, Ali Safiyning „Rashahotu ayn ul-hayot“, Nosiriddin To‘raning „Tuhfat az-zoirin“ va boshqa asarlarda maʼlumotlar uchraydi[1]. Mavlono Yaʼqubi Charxiy Balx, Misr, Buxoroyi sharif madrasalarida taʼlim olgan. Diniy va dunyoviy ilmlarni egallagan zot boʻlgan. Mavlono Yaʼqub Misrda Hazrat Shayx Zayniddin Xavofiy bilan hamsaboq bo‘lgan. Manbalarda yozilishicha, Mavlono Yaʼqubi Charxiy 1380-yilda Buxoroga kelgan. Hazrat Yaʼqub Charxiy quyidagi asarlarning muallifi sifatida dunyoga mashhur: „Tafsiri Charxiy“ (Qur’oni Karim tafsiri), „Risolai unsiya“, „Ar risolatul abdoliya“, „Risola dar siyrati Mustavafiya va tariqai mustaqimiya“ (Mustafoning siyratlari va to‘g‘ri yo‘llar haqida risola), „Risola dar ilmi faroiz“, „Risola dar ilmi aqoid“, „Risola fil hisob val faroyiz“ (Hisob va meros taqsimi haqida risola), „Muxtasar dar bayoni silsilai Naqshbandiya“ (Naqshbandiya suluki haqida qisqacha risola), „Sharhi asmoullox“ (Alloh ismlarining sharhi haqida risola), „Sharhi navadu nuh nom“ (Allohning to‘qson to‘qqiz ismining sharhi), „Faroyizi manzuma“. Yaʼqub Charxiyning „Naynoma“ asari ham mashhur bo‘lib, u Mavlono Rumiyning „Masnaviy“siga sharhidir. Hazrat Yaʼqubiy Charxiyning juda ko‘p murid-shogirdlari bo‘lgan. Eng yetuk shogirdi buyuk avliyo Hazrat Xoja Ahrori Valiy hisoblanadi. Hazrat Mavlono Yaʼqubi Charxiy 1447-yil Dushanbeda vafot etadi. Qabri obod ziyoratgohdir. Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani, Vangʻozi qishlog‘ida, shuningdek, Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi Yangibozor qishlog‘i va Vobkent tumanlarida Hazrat Mavlono Yaʼqubi Charxiyning qadamjo-ziyoratgohlari mavjud[2].
Avliyo | |
---|---|
Ism |
Mavlono Ya‘qubi Charxiy |
Tavalludi |
1363-yil |
Vafoti |
1447-yil |
Falsafa maktabi |
|