Muhammad Muqimxon (Muhammad Muqim sulton; chigʻatoycha: محمد مقیمخان‎) — Balx xoni (1697–1707). Ashtarxoniylar sulolasi vakili. Buxoro xonligi hukmdori Subhonqulixonning (1681–1702) nevarasi. Bobosi uni oʻzidan keyin Buxoro taxtiga valiahd etib tayinlagan, biroq taxtni Ubaydullaxon II (1702–1711) egallab olgan. 1707-yil qudratli Mahmudbiy otaliq tomonidan oʻldirilgan.

Muhammad Muqimxon
chigʻatoycha: محمد مقیمخان
Balx xoni
Mansab davri
1697-yil 15-noyabr – 1707-yil mart
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1679/80-yil
Vafoti 1707-yil mart
Buxoro, Buxoro amirligi
Fuqaroligi Buxoro xonligi
Otasi Iskandar sulton
Dini Islom

Tarjimai holi

tahrir

Muhammad Yusuf Munshiyning „Tarixi Muqimxoniy“ asari Muhammad Muqimxonga atab yozilgan[1]. Asarda keltirilishicha, Buxoro xonligi hukmdori Subhonqulixon hijriy 1090-yil (1679/80-yil) nabira koʻrgach, unga ism qoʻyish uchun Maxdumi Aʼzamning avlodi Nasrulloxoja ibn Abdulgʻafforxojaning huzuriga yuborgan va u diniy alloma Qurʼon sahifalarini ochib, undan: „Parvardigoro! Meni va zurriyotimni namozxon qil“ degan oyatga koʻzi tushib, chaqaloqqa Muhammad Muqim sulton deb ism qoʻygan[2]. Ushbu oyatning arab tilidagi matnida „muqim“ soʻzi mavjud boʻlib, ayni shu soʻz unga ism qilib berilgan[3].

Muhammad Yusuf Munshiyga koʻra, yosh shahzoda xattotlik bilan, undan boʻsh paytlarida esa kamondan oʻq otish, qilichbozlik, otda yurish va ovchilik mashqlari bilan mashgʻul boʻlgan[4].

Muhammad Muqim sulton 1697-yil 15-noyabrda Buxoro xonligi hukmdori Subhonqulixonning (1681–1702) Balxdagi noibi sifatida taxtga koʻtarilgan[5][3]. Amalda hokimiyat toʻlaligicha birin-ketin tayinlangan otaliqlar Odilbiy ming, Yormuhammadbiy saroy[6] va Mahmudbiy qatagʻonlarning qoʻlida boʻlgan[7].

Muhammad Yusuf Munshiyga koʻra, Subhonqulixon hali hayotligida (vafoti arafasida[3]) Muhammad Muqimxonni Buxoro xonligi taxtiga oʻzining valiahdi etib tayinlagan, biroq taxtni 1702-yili Subhonqulixonning oʻgʻli va Muhammad Muqimxonning amakisi Ubaydullaxon II (1702–1711) noqonuniy egallab olgan[4]. Boʻriboy Ahmedov bu yerda taxt vorisligi masalasida yasoq qonunlari bajarilmaganini: birinchidan, Muhammad Muqimxon yoshi jihatidan amakisi Ubaydullaxondan katta boʻlgani; ikkinchidan, shu paytgacha Buxoro taxtini faqatgina Balx noibi egallashga haqli boʻlganini taʼkidlaydi[8]. Anton Alekseyev esa, Balxda hukmdorlik qilayotgan Muhammad Muqimxon Buxoro xoniga boʻysunmasligini ochiqchasiga maʼlum qilishdan tashqari, u oʻzini Ashtarxoniylar suloasining yagona qonuniy xoni deb hisoblaganini yozadi[9].

1702/03-yil Ubaydullaxon II jiyaniga qarshi Balxga harbiy yurish uyushtirishga harakat qilgan[9]. Biroq Muhammad Muqimxon hayotligida Ubaydullaxonga Balxni boʻysundirish nasib etmagan[10]. Faqatgina 1707-yilga kelib Ubaydullaxon Buxoro va Balx munosabatlaridagi krizisni bartaraf eta olgan. Muhammad Muqimxonning Mahmudbiy otaliq tomonidan oʻldirilishi Buxoro qoʻshinining Balx chegarasiga bostirib kirishiga sabab boʻlib xizmat qilgan[11].

Manbalar

tahrir
  1. Мунши 1956, s. 5.
  2. Мунши 1956, s. 117–118.
  3. 3,0 3,1 3,2 Egamberdiyev, Alisher „Vatanimiz tarixidagi 15 noyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.“. daryo.uz (2021-yil 9-dekabr). Qaraldi: 2024-yil 15-noyabr.
  4. 4,0 4,1 Мунши 1956, s. 132–136.
  5. Мунши 1956, s. 168.
  6. Ахмедов 1982, s. 121.
  7. Ахмедов 1982, s. 220.
  8. Ахмедов 1982, s. 222.
  9. 9,0 9,1 Алексеев 2006, s. 180.
  10. Тревер 1947, s. 91.
  11. Алексеев 2006, s. 182–183.

Adabiyotlar

tahrir
  • Алексеев А. К. Политическая история Тукай-Тимуридов: По материалам персидского исторического сочинения Бахр ул-асрар (ruscha). СПб: Изд-во С.-Петерб. ун-та, 2006 — 229-bet. ISBN 5-288-03987-9. 
  • Ахмедов Б. А.. История Балха (XVI—первая половина XVIII в.). Ташкент: Фан, 1982 — 295-bet. 
  • Мухаммед Юсуф Мунши. Муким-ханская история. Ташкент: Издательство АН УзССР, 1956 — 302-bet. 
  • Тревер К. В.. История народов Узбекистана : в 2 т.. Ташкент: Издательство АН УзССР / T 2., 1947 — 514-bet.