Muhammad Sulton Mirzo

Muhammad Sulton Mirzo (1375—1403) — temuriy shahzoda; Amir Temurning nabirasi. Muhammad Jahongir Mirzoning toʻngʻich oʻgʻli. U Oʻzbekxonni nabirasi Xonzoda (Sevin beka) begimdan tugʻilgan. Amir Temur suyukli oʻgʻli Jahongir Mirzo vafotidan soʻng, oʻzining barcha orzu-umidlarini M. S.ga bogʻlab, uni oʻzidan keyin toju taxtning yagona vorisi deb bilardi. M.S. bobosi Amir Temurga oʻxshab jasoratli, qatʼiyatli, zukko, dushmanga nisbatan shavqatsiz, dovyurak jangchi edi. 1397-yil qishida Amir Temur Xitoyga qarshi boʻlajak yurishga tayyorgarlik koʻrish chogʻida M.S.ga Yettisuvda Ashpara istehkomini qurishga va u yerda dehqonchilikni rivojlantirishga farmon bergandi. Shu maqsadda M.S.ga 40 ming qoʻshin berilgan. 1399-yil M.S. mana shu chegara istehkomidan moʻgʻullarga qarshi kurashda foydalanmoqchi boʻlgan, biroq Fargʻona hokimi Iskandar mirzo undan avvalroq oʻzboshimchalik bilan Sharqiy Turkistonga zafarli yurish qilgan. Shu tufayli shahzodalar oʻrtasida nizo tugʻilib, 1400-yil M.S. buyrugʻiga koʻra, Iskandar Samarqandga keltirilib, hibsga olingan, uning otabegi va 26 navkari qatl etilgan. 1399-yil Amir Temur „Yetti yillik“ yurishga ketar ekan, Samarqand hukmronligini 23 yoshli M.S.ga topshirib ketadi. 1401-yil mart oyida Amir Temur Suriyada turib M.S.ga sobiq Hulaguxon tasarrufida boʻlgan viloyatlarni (Iroq yoki Shim.-Gʻarbiy Eron) boshqarish haqida farmon yuboradi. 1402-yilda Amir Temurning Boyazid I Yildirimga qarshi yurishida M.S. faol qatna-shadi. U Kichik Osiyoning gʻarbiy chekkasigacha boradi. U yerdan qaytayotib, 1403-yil 12-martda Qora Hisor mavzeida shamollab 27 yoshida vafot etadi. M.S.ni u qurgan madrasaga dafn qilishgan.

Boburning taʼkidlashicha, M.S. Samarqand qalʼasi jan.da ToshqoʻrgʻonChaqarda Madrasa va xonaqoh qurdirgan. M.S. vafotidan soʻng Amir Temur uning xotirasiga atab maqbara qurish haqida farmon bergan. Maqbara Madrasa hovlisining toʻriga bunyod etilgan.

Turgʻun Fayziyev[1]

ManbalarTahrirlash

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil