Muhammad ibn Jazariy
Bu maqolaga boshqa birorta sahifadan
ishorat yoʻq. (avgust 2024) |
Muhammad ibn Jazariy (1350—1478) — tajvidshunos, qiroatshunos olim.
Muhammad ibn Jazariy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | tajvid,qiroat |
Qiroat va tajvid ilmining olimi, qori va muhaddislar ustozi, oʻz zamonasidan tortib to hozirgi davrigacha qiroat va tajvid ilmining shayxi boʻlib kelayotgan olimning toʻliq ismi — Hofiz Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Ali ibn Yusuf Jazariy Damashqiy Sheroziy Shofiʼiy boʻlib, Ibn Jazariy nomi bilan mashhur. Ibn Jazariy 25 ramazon 751/1350 yili 30-noyabr, juma kuni Damashqda tavallud topgan. Ibn Jazariy oʻn toʻrt yoshida Qurʼonni yod olgan. Soʻng ilm talab qilishga yuzlanib, qiroat ilmini Abu Muhammad Abdulvahhob ibn Sallor va Ahmad ibn Ibrohim ibn Tahhondan taʼlim ola boshlagan. 768/1367 yili haj safariga boradi va Madinai Munavvara imomi Abu Abdulloh Muhammad ibn Solih Xatib huzurlarida qiroatlarni tajvid asosida oʻqib bergan. Keyin Qohiraga borib, Faxr ibn Buxoriy, Dimyotiy kabi allomalardan taʼlim olgan. Iskandariyaga borib, u yerdagi olimlarga qiroat qilib bergan. Shu orada tafsir, hadis, fiqh, aqoid, balogʻat, sarf va nahv kabi ilmlarni saboq olib, oʻzlashtirgan. Hadis ilmini Imod ibn Kasir va Iroqiydan taʼlim olgan. Fiqh ilmini esa, Shayx Abdurrahim Isnaviy, Bulqiyniy, Baho Sabkiy kabi faqihlardan, usul, maʼoniy va bayon ilmlarini Misrda Shayx Ziyouddin Saʼdulloh Qazviniy va boshqalardan oʻzlashtirgan. Vafotidan oldin, 774/1373 yili shayxulislom, muhaddis, muarrix Abulfido Ismoil Ibn Kasir, 779/1378 yili Shayx Ziyouddin, shuningdek, 785/1384 yili shayxulislom Bulqiyniylar u zotga fatvo chiqarishga ruxsat berishgan. Ummaviylar barpo etgan jom’eda qiroat ilmini mukammal oʻzlashtirib, oʻsha joydagi mashhur qorilarga rais boʻlgan va koʻpchilikka qiroat ilmini oʻrgatgan. Damashqda Qurʼoni karimga bagʻishlab „Doru-l-Qurʼoni-l-karim“ nomli madrasa bino qilgan. 793/1391 yildan boshlab Shom (Suriya)da bir necha yil qozilik qilganidan soʻng, 798/1396 yili Rum (hozirgi Turkiya)ga safar qilib, Bursa shahrida Usmoniylarning sultoni Boyazid ibn Usmonning mehmoni boʻlib, shu yerda yashay boshlagan. Boyazidning hurmat qilishining bir sababi shundaki, Ibn Jazariy Boyazidning huzuriga kirayotgan chogʻida Damashqda Qurʼoni karimni tilovat qilib bergan ustozlaridan biri Shayx Hoji nomli olimga roʻpara kelib qoladi. Uning iqtidorini bilgan Boyazid, hurmat qiladi, kunigi yuz dirham mablagʻ tayinlaydi, bir necha ot va mulk taqdim etadi. Boyazid koʻrsatgan hurmat va ehtiromga javoban imom u yerda bir necha yil istiqomat qilib, yurt aholisiga qiroat va hadis ilmidan taʼlim bergan. Oʻsha diyorda ikki jildli „An-nashr fi-l-qirooti-l-ashr“ („Oʻn xil qiroat haqida nashr“) nomli asarini taʼlif etgan. 805/1403 yili Boyazid Yildirim bilan Amir Temur oʻrtasida jang boʻlib oʻtganida, Boyazid bilan birga Ibn Jazariy ham asrga tushadi. Ibn Jazariyning iqtidorini bilgan Amir Temur u zotni Rumdan Movarounnahr diyoriga olib keladi. Kesh (hozirgi Shahrisabz) shahrida Sohibqiron saltanati ostida hayot kechiradi. Kesh va Samarqand aholisining bir jamoasi u zotdan tahsil oladi. Amir Temur bu buyuk imomga doimo hurmat ehtirom koʻrsatgan. Keshda Abdulqodir ibn Tilla Rumiy, Hofiz Boyazid Keshiy va Hofiz Mahmud ibn Muqriylar undan oʻn xil qiroat ilmini oʻrganib, qiroatlar shayxlari unvonini olishgan. Imom Muhammad Jazariy Rumdan Samarqandga kelganida Sohibqiron katta bazm uyushtiradi. Unga taklif etilgan amir va zodagonlarga chap tarafdan, olimlarga esa, oʻng tarafdan joy ajratishni buyuradi. Imom Jazariyga esa ulamolarga ajratilgan joyning old qismidan, alloma Sayyid Sharif Jurjoniydan yuqoriroqdan oʻrin hozirlashga amr qiladi. Sababi soʻralganida, Sohibqiron: „Kitob va sunnat bilimdoni boʻlgan zotni hurmat qilmay boʻladimi?!“, — deya javob bergan ekan[1]. Ibn Jazariy Amir Temurning vafotidan soʻng, 807/1405 yili Movarounnahrni tark etib, Xurosonning Hirot shahriga safar qiladi. U yerda ham koʻpchilikka oʻn xil qiroatdan dars beradi. Soʻng Yazdinga qaytib kelganida, u yerlik aholining ham bir guruhi u zot qoʻlida qiroat ilmini mukammal oʻrganadi. Hofizu-l-muqriyi-l-fozil Shamsiddin ibn Muhammad Dabbogʻ Bagʻdodiy shular jumlasidandir. Keyin Isfahonga safar qiladi. U yerda ham aholining koʻpchiligi u zotdan saboq oladi. 808/1406 yili Ramazon oyida Sheroz shahriga boradi. Sheroz sultoni Bir Muhammad u zotni oʻz diyorida olib qolish maqsadida unga qozilik vazifasini topshiradi. Shunday qilib, u yerda ham bir oz muddat qoladi. Bundan koʻpchilik yaxshi foydalanib, u zotdan qiroat ilmini oʻrganadi. Haj ibodatini ado etish niyatida Basra orqali yoʻlga chiqadi. Ikki dovon oshib, Unayza shahriga etgach, Bani Lom aʼrobiylari u zotni tutib, bor narsalarini tortib olishadi. Unayzaga qaytib, u yerda uchta qiroatga bagʻishlab „Ad-durra“ („Dur, marvarid“) nomli nazmiy asarini yozadi. Soʻng Alloh taolo unga haj ibodati amalini ado qilishni nasib etadi. Haramayn sharifaynda bir muddat istiqomat qiladi. Shu muddat ichida ham koʻpchilik u zotdan taʼlim oladi. Qohira va Yamanga bir necha marta safar qiladi. Safar davomida oʻzi ilm olish bilan birga juda koʻp insonlarga qiroat, hadis va boshqa ilmlardan taʼlim beradi. Ibn Jazariyning ustozlari koʻp boʻlib, eng mashhurlari quyidagilardir: Shayx Ahmad ibn Ibrohim Tahhon (1303—1381), Qozi Ahmad ibn Husayn Hanafiy (1292—1378), Abu Abdulloh Muhammad ibn Soigʻ (1305—1376), Abu Muhammad Abdulvahhob ibn Sallor (1299—1380), Shayx Abu Abdulloh Muhammad ibn Solih (XIV asr), Hofiz Abulfido ibn Kasir (1302—1373), Shayxulislom Sirojiddin Bulqiyniy (1324—1403) va boshqalar. Muhammad Jazariy zamonasining koʻzga koʻringan olimlaridan taʼlim olish bilan birga oʻzi ham koʻplab shogird yetishtirgan. Ularning eng mashhurlari quyidagilar: oʻgʻli alloma Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad, Shayx Mahmud ibn Husayn ibn Sulaymon Sheroziy, Shayx Abu Bakr ibn Musbih Hamaviy, Shayx Abdulloh ibn Qutb Bayhaqiy, Shayx Ahmad ibn Mahmud ibn Ahmad Xijoziy, Shayx Xatib Muʼmin ibn Ali Rumiy, Shayx Yusuf ibn Ahmad Xabashiy, Shayx Ali ibn Ibrohim ibn Ahmad Solihiy va boshqalar. Imom Jazariy ilmiy faoliyati davomida tafsir, hadis, fiqh, tarix va arab tili grammatikasi kabi turli fanlarga doir etmishdan ortiq ilmiy asarlar tasnif etgan. Ularning koʻplari qiroat va tajvid ilmiga bagʻishlangan.
Asarlari
tahrirBugungi kunda asarlari ichida nashr qilinganlari, qoʻlyozma nusxalari yetib kelmaganlari boʻlib, eng mashhurlari quyidagilar: Qurʼon va qiroat ilmiga doir asarlari: „Usulul-l-qiroat“ („Qiroat usullari“), „Taxbiru-t-taysir fi qiroati-l-ashr“ ("Oʻn xil qiroatda engillatishni chiroyli qilish), „Al-aqdu-s-samin“ („Qimmatbaho echim“), „Fazoilu-l-Qurʼon“ („Qurʼonning fazilatlari“), „An-nashr fi-l-qiroati-l-ashr“ („Oʻn xil qiroat haqida nashr“), „Taqribu-n-nashr fi qiroati-l-ashr“ („Oʻn xil qiroatda nashr taqrib qilish“), „At-tamhid fi ilmi-t-tajvid“ („Tajvid ilmidagi engillatish“), „Munjidu-l-muqriʼin va murshidu-t-tolibin“ („Tilovat qiluvchilar (oʻquvchilar)ga qoʻllanma va toliblarga yoʻllanma“), „Al-iʼlom fi ahkomi-l-idgʻom“ („Idgʻom hukmlari haqida maʼlumot“), „Al-aqdu-s-samin fi alfozi-l-Qurʼoni-l-mubin“ („Qurʼoni mubinning lafzlari haqidagi qimmatbaho echim“), „Tuhfatu-l-ixvon fi-l-xulf bayna-sh-shotibiyya va-l-unvon“ („Shotibiya va unvonlar oʻrtasidagi ixtilofi haqida birodarlarning tuhfasi“), „At-tavjihot fi usuli-l-qiroat“ („Qiroat usullari haqida koʻrsatmalar“), „Al-ihtido ila maʼrifat-l-vaqf va-l-ibtido“ („Vaqf va ibtidoni bilish haqida toʻgʻri yoʻl“), „Hidoyatu-l-barara fi tatimmai-l-ashara“ („Oʻnni tugatishda mehribon boʻlgan hidoyat“), „Ad-durru-l-maʼniya fi-l-qiroati-l-aimmati-s-salosati-l-marziyya“ („Rozi boʻlingan uch imomning qiroati haqida manfaatli dur“), „Nihoyatu-l-barara“ („Mehribonlik nihoyasi“), „Gʻoyatu-l-mahara fi-z-ziyoda ala-l-ashara“, („Oʻn qiroatga ziyoda sifatida malakaning gʻoyasi“), „Gʻoyatu-n-nihoya fi tabaqoti-l-qurro“ („Qorilar tabaqasi haqida nihoya gʻoyasi“), „Al-muqaddimatu-l-Jazariya“ („Jazariy muqaddimasi“). Hadis ilmiga doir asarlari: „Al-bidoya fi ulumi-r-rivoya“ („Rivoyat ilmlaridagi bidoya (boshlanish)“), „Al-hidoya fi ulumi-r-rivoya“ („Rivoyat ilmlari borasida toʻgʻri yoʻl“), „Muqaddima ulumi-l-hadis“ („Hadis ilmlari muqaddimasi“), „At-tavzih fi sharhi-l-masobih“ („Al-masobih sharhi haqida oydinlik“), „Al-hisnu-l-hasin min kalomi Sayyidi-l-mursalin“ („Sayyidu-l-mursaliyn kalomidan tashkil topgan mustahkam qalʼa“), „Al-qasdu-l-Ahmad fi rijoli musnadi Ahmad“ („Musnadi Ahmad roviylari haqida Ahmadning maqsadi“), „Al-arbaʼin hadisan“ („Qirq hadis“), „Tazkiratu-l-ulamo fi usuli-l-hadis“ („Hadis usuli toʻgʻrisida ulamolar tazkirasi“). Fiqh ilmlariga doir asarlari: „At-takrim fi-l-umrat mina-t-tanʼim“ („Umrada Tanʼimni (Makkadagi bir joyning nomi) qadrlash“), „Sharh minhoji-l-usul“, („Minhoju-l-usul sharhi“), „Gʻoyatu-l-muno fi ziyarati-l-Mino“ („Minoni ziyorat etishdagi istakning gʻoyasi“). Nahv (arab tili grammatikasi)ga doir asarlari: „Al-javhara fi-n-nahv“ („Nahv ilmidagi gavhar“), „Al-isoba fi lavozim kitoba“ („Yozuvning lozim jihatlari haqida toʻgʻrilik“), „Al-iʼtirozu-l-mubdiy“ („Asoslovchining eʼtirozi“). Tarixga doir asarlari: Muxtasar tarixi-l-islom" („Islom tarixi haqida muxtasar kitob“), „Zotu-sh-shifo fi siyra-ti-l-Mustafo“ („Mustafoning siyratida shifo zoti“), „Al-mavludu-l-kabir“ („Katta mavlud“), „At-taʼrif bi-l-mavlidi-sh-sharif“, („Mavludi sharifning taʼrifi“) va boshqa turli xil ilmlarga oid asarlar. Qoʻlyozma asarlarining koʻpchiligi Saudiya Arabistoning Riyoz shahridagi „Markazu-l-malik Faysal li-l-buhus va-d-dirosoti-l-islomiyya“ kutubxonasida saqlanmoqda. Qiroat ilmining beqiyos olimi Muhammad Jazariy sermazmun umrining oxirini Sherozda oʻtkazgan. U zot 833/1429 yili Rabiʼul avval oyining beshinchi, juma kunining tongida 82 yoshda vafot etgan va oʻzi qurdirgan „Doru-l-Qurʼon“ madrasasiga dafn qilingan[2].
Adabiyotlar
tahrirManbalar
tahrir- ↑ Тошкубри Зода. Аш-шақоиқу-н-Нуъмония фи уламои давлати-л-Усмония. – Байрут. Дору-л-китоби-л-арабий, 1975. – Б. 29.
- ↑ Қаранг: Зириклий. Ал-аълом. Ж. 7. – Байрут: Дору-л-илм ли-л-малайин, 2002. – Б. 45; Абдулҳай ибн Абдулкабир Каттоний. Фиҳрису-л-фаҳорис ва-л-асбот ва муъжаму-л-маожим ва-л-машаййихот ва-л-мусалсалот. – Байрут: Дору-л-ғарби-л-исломий, 1982. – Б. 304-305.
Ushbu maqolada Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |