Abdulvohid Burhonov

(Munzimdan yoʻnaltirildi)

Abdulvohid Burhonov (taxallusi Munzim; Mirzo Abdulvohid Munzim) (1875-yil, Buxoro — 1934-yil, Dushanbe) — Buxorodagi jadidlik harakati, Yosh buxoroliklar tashkiloti asoschilaridan biri. Shaharning Muhammad Sharif madrasasi hujralarning birida faqirona turmush kechirgan. Mirzo Abduvohid otasidan meros qolgan yordam olinadigan butun daromadni maʼrifiy maqsadga sarf etadi[1].

Mirzo Аbdulvohid Burhonov
Tavalludi 1875-yil
Vafoti 1934-yil
Dushanbe, Tojikiston
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Kasbi pedagog
Faoliyat yillari 19081934
Bolalari 3

Ilk taʼlimni eski maktabda olgan. XIX asrning 90-yillaridan boshlab Mirzo Abdulvohid Burhonov Munzim taxallusi bilan sheʼrlar yozadi, keyinchalik oʻz faoliyatida maʼrifatparvarlik bilan shugʻullanadi. XX asrning boshlarida Abdulvohid Burhonov yangi usuldagi maktab ochish uchun harakat qila boshlagan. Buxorodagi dastlabki jadid maktabining ochilishi ham uning nomi bilan bogʻliq. Samarqandga borib, Mahmudxoʻja Behbudiy va Abduqodir Shukuriydan yangi usul maktablarida oʻqitish tajribasini oʻrgandi. Uning dastxati nihoyatda nafis bo‘lib, buxorolik biron Mirzo kollegrafiya sanʼatida unga teng kela olmagan.

1908-yilning oktyabridan Buxorodagi hovlisida yangi usuldagi jadid maktabini, 1909-yilda esa katta yoshdagilar uchun kechki maktab tashkil qiladi. Mirzo Abdulvohid yangi maktabning afzalliklarini koʻrsatish maqsadida 1908-yilda ota — onalar, din arboblari va amaldorlarni xususiy maktabiga taklif qilib, bolalarning ko‘rgazmali imtihonini o‘tkazadi. Buxoroning muftilaridan biri bo‘lgan mullo Ikrom boshchiligidagi guruh yangi maktab faoliyatini yuksak baholab, ularning tarmog‘ini kengaytirishni, hatto madarsa taʼlimini ham shu usulga ko‘chirishni tavsiya etgan[2]. Mirzo Abdulvohid Buxoroda Mukammil Burhonov, Sadriddin Ayniy bilan birgalikda „Tarbiyai atfol“ („Bolalar tarbiyasi“) maxfiy jamiyatini tuzishda qatnashdi. Jamiyat buxorolik maʼrifatparvar va ziyolilar oʻrtasida ilgʻor demokratik gʻoyalarni targʻib etib, xalqning siyosiy ongini uygʻotish uchun kurashdi.

1917-yil fevral inqilobi yuz bergandan soʻng Buxoro jadidlari Abduvohid Burhonov boshliq eski jadidlarga, Fayzulla Xoʻjayev va Abdurauf Fitrat boshliq yangi jadidlarga boʻlinadi. Birinchi guruh sifatida faoliyat yuritgan qadimchilarning asosiy faoliyati maʼrifarparvarlik boʻlsa, ikkinchi guruh keng islohotlar tarafdori boʻlgan. Keyinchalik ushbu ikki guruhning birlashishi natijasida "Yosh buxoroliklar" partiyasi tuzilgan, Munzim partiyaning raisi etib tayinlanadi. 1918-yildan 1920-yilning sentyabrigacha Munzim Toshkent shahrida yashagan. Buxoroda Xalq respublikasi oʻrnatilgach, BXSR MIK raisining oʻrinbosari, xalq maorifi noziri, sogʻliqni saqlash noziri (1920—1924) boʻlgan. Xalq maorifi noziri lavozimida ishlagan Abduvohid Burhonov 1922-yilning iyun oyida mahalliy kadrlar, xususan, muhandislar tayyorlash maqsadida bir guruh buxorolik yoshlarni Germaniyaga yuborish toʻgʻrisidagi BXSR hukumati qarorini qabul qilinishiga katta hissa qoʻshadi. Shu qarorga asosan, u chet elda oʻqitish ishni tashkil etish boʻyicha komissiya raisi etib tayinlanadi. 1922-yil yozida buxorolik 44 talabani shaxsan oʻzi Germaniyaga olib borib, Berlindagi oʻquv yurtlariga joylashtirgan[3]. 20-yillarda ilmiy va publiiistik faoliyat bilan shugʻullandi. 30-yil boshida "Tojikistoni surx" gazetasida ishlagan. Abdulvohid Burhonov 1934-yilda ogʻir kasallik bilan Dushanbeda vafot etgan.

Abduvohid Munzimning 3 nafar oʻgʻil farzandi boʻlgan. Kichik oʻgʻli (taxminan 5 yoshda) baxtsizlikka uchrab, suvga cho‘kib ketgan. Ikki katta oʻgʻil Germaniya va Rossiyada (Sankt-Peterburg va Moskva) maktab va universitetlarda tahsil olgan. Qarindoshlaridan Burxonov Olim Raximovich Tojikiston fanlar akademiyasida ishlagan va ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shugʻullangan, shuningdek, universitetda falsafadan dars bergan.

Manbalar

tahrir
  1. N. Naimov. Buxoro jadidlari. Toshkent 2000 — 13-bet. 
  2. Anvar Hikmatov „Buxoroda ilmiy muassasalarning vujudga kelishi va faoliyati tarixi (XX asrning 20-30-yillari)“ (oʻzbekcha) (2018). Qaraldi: 8-iyul 2023-yil.
  3. „ABDULVOHID BURHONOV - MUNZIM (1875-1934)“. ziyouz.com. Qaraldi: 8-iyul 2023-yil.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Ayniy S, Asarlar, 1j., T., 1963; Xoʻjayev F., Buxoro inqilobining tarixiga materiallar, T., 1997.