Navroʻz bogʻi yoki Navroʻz etnografik bogʻi — Toshkentning Shayxontohur tumanida joylashgan bogʻ. Hududi 2,5 gektar[1]. Toshkentdagi Navroʻz bayrami tantanalari shu yerda oʻtkaziladi[2].

Navroʻz bogʻi
Navroʻz etnografik bogʻi
Joylashuvi Shayxontohur tumani, Toshkent shahri, Oʻzbekiston
Koordinatalar 41°19′31″N 69°16′02″E / 41.325380752993595°N 69.26734939873533°E / 41.325380752993595; 69.26734939873533
Turi etnografik bogʻ
Arxitektor G. I. Magamedov
Asosiy sanalar 2017, 2019
Qurilish boshlanishi 2017
Qurilish yakunlanishi 2019
Binolar Etnografik shaharcha, Anhor koʻzi charxpalagi, Navroʻz installyatsiyasi
Holati ochiq
Map
Navroʻz bogʻi xaritada

Joylashuvi

tahrir

Bogʻ Shayxontohur tumanida, Anhor-Lokomotiv bogʻi oldida joylashgan[1].

Transport vositalari va kirish

tahrir

Navroʻz bogʻiga piyoda yurish masofasida metro bekati joylashmagan. Eng yaqin metro bekati Yunusobod yoʻlining Minor, Chilonzor yoʻlining Mustaqillik maydoni hamda Oʻzbekiston yoʻlining Alisher Navoiy bekatlaridir. Bogʻ yaqinidagi Labzak mavzesi bekatiga 52, 78, 97, 148 yoʻnalishli avtobuslar orqali borish mumkin[3].

Bogʻga 3 xil yoʻl bilan kirish mumkin: Osiyo Grand restorani tomonidagi asosiy darvoza orqali, Anhor-Lokomativ bogʻi orqali hamda Olimpiya shon-shuhrati muzeyi tomonidagi Anhor arigʻi ustiga qurilgan koʻprik orqali[4].

Tarixi

tahrir

2017-yil 7-avgustdagi PQ-3174-sonli prezident qarori bilan bogʻ tashkil etilishi belgilandi[5][6].

Qurilish ishlari „Oʻzbekiston temir yoʻllari“ AJ tarkibidagi „Oʻztemiryoʻlqurilishmontaj“ UK tomonidan amalga oshirilgan[2].

Moliyalashtirish Oʻzmilliybank (NBU Invest Group shoʻba korxonasi orqali) hamda Turonbank (Oʻzbekiston temir yoʻllari AJga 10 mln dollar miqdorida kredit ajratish orqali) hisobiga qilingan[5].

Bosh loyihalovchi — „OʻzshaharsozlikLITI“ DUK[5]. Loyihaning bosh meʼmori G. I. Magamedov, bosh muhandis A. M. Mamedov hisoblanadi, vizualizatsiya A. Azimov tomonidan amalga oshirilgan[7].

Egaligi

tahrir

Bogʻga 2017-yil 21-avgustda tashkil etilgan „Navroʻz bogʻi“ MChJ egalik qiladi. Direktori Azizbek Ubaydullayev. Korxona „Oʻzbekiston temir yoʻllari“ AJ hamda NBU Invest Group tomonidan teng ulushlarda egalik qilinadi[8].

Bogʻning tarkibiy qismlari

tahrir
 
Navroʻz bogʻidagi Anhor yulduzi charxpalagi

Bogʻ ichida favvorali 150 oʻrinli kichik amfiteatr, diamteri 72 metrli charxpalak hamda Anhor kanali ustida 88 metrli koʻprik qurilgan[1].

Etnografik shaharcha

tahrir

Navroʻz bogʻida Oʻzbekistonning barcha viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi nomlari bilan ataladigan koʻchalar va tarixiy uslubda qurilgan uylar boʻlib, u yerda hududlarning oʻziga xos anʼanalari aks ettirilgan. Bu koʻchalarda paxsa devorlar, ayvonlar, choyxona va ustaxonalar joylashgan. Ustaxonalarda hunarmandlik namunalari bilan tanishish mumkin[1].

Hududlar nomlari bilan ataladigan koʻchalar shartli ravishda geografik joylashuviga qarab loyihalashtirilgan. Etnografik shaharchaning gʻarbiy kirish eshigida savdo gumbazi koʻrinishidagi Buxoro koʻchasi, janubroqda Navoiy koʻchasi bilan Nurota uyi, Qashqadaryo koʻchasi joylashgan. Shaharchaning janubiy kirish qismi Samarqand koʻchasiga, u orqali Jizzax va Qashqadaryo koʻchalariga chiqish mumkin[7].

Togʻli uy-joylarni koʻrsatish uchun (Nurota, Jizzax, Surxondaryo) ikki qavatli turar-joy binolari loyihalashtirilgan. Pastki qavatlar alohida avtonom kirishlari boʻlgan parkning maʼmuriy, maishiy va kommunal xonalari, yuqori qavatlar esa uy-joy, terassalar va fotozonalar sifatida foydalaniladi[7].

Muzeyning shimoliy zonasida turar-joy binolari joylashgan Toshkent koʻchasi joylashgan. Anhor-Lokomotiv bogʻi tomonidan kirish joyi Toshkent binolariga xos boʻlgan ustki yoritgichli savdo qatorlari bilan ajralib turadi. Fargʻona vodiysi koʻchasi sharqiy zonada loyihalashtirilgan[7].

Etnografik shaharchadagi turar-joy binolari Veronika Voroninaning „Народные традиции архитектуры Узбекистана“ (oʻzbekcha: O‘zbekiston me’morchiligining xalq an’analari, Moskva, 1951-yil), Galina Pugachenkovaning „Зодчество Центральной Азии.XVвек“ (oʻzbekcha: Markaziy Osiyo me’morchiligi. XV asr, Toshkent, 1976-yil), V. M. Dmitriyevning „Вопросы использования архитектуры узбекского народного жилища в современной практике“ (oʻzbekcha: O`zbek xalq uy-joy me`morchiligidan zamonaviy amaliyotda foydalanish masalalari), D. A. Nazilovning „Архитектура горных районов Узбекистана“ (oʻzbekcha: Oʻzbekiston togʻli tumanlari arxitekturasi, Toshkent, 1984-yil) asarlari hamda Oʻzbekiston meʼmoriy yodgorliklarini muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan „Oʻzbekiston milliy-anʼanaviy uylari“ (Xiva, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qoʻqon, Shahrisabz shaharlari misolida) tadqiqot albomlarini oʻrganish asosida loyihalashtirilgan[7].

Anhor koʻzi

tahrir

Bogʻ hududida diametri 72 metr boʻlgan „Anhor koʻzi“ deb nomlanadigan charxpalak oʻrnatilgan. Ogʻirligi 298 tonna, 50 000 ta diod orqali yoritiladi. Charxpalakda har biri 4-6 kishiga moʻljallangan jami 48 ta yopiq kabina mavjud. Charxpalakning bir aylanishi 12 minutni tashkil qiladi[4].

„Navroʻz“ installyatsiyasi va „Baxt“ koʻprigi

tahrir

Amfiteatr atrofida Samarqanddagi Registon maydoni, Buxorodagi Ark, Shahrisabzdagi Oqsaroy, Qoʻqondagi Xudoyorxon oʻrdasi, Xivadagi Kaltaminor, Toshkent teleminorasining kichik maketlari oʻrnatilgan[4].

Installyatsiyasi markazida gul koʻrinishidagi „Navroʻz“ sahnasi boʻlib, marmar polda Oʻzbekiston xaritasi tasvirlangan. Uning atrofida aylana koʻprik oʻrnatilgan boʻlib, u „Baxt koʻprigi“ deb nomlanadi. Koʻprik Rossiyaning „Sankt-Peterburg giprostroymost instituti“ tomonidan loyihalashtirilgan[4].

Vant piyodalar koʻprigi

tahrir

Anhor ustidan Olimpiya shon-shuhrati muzeyi tomonida 88 metrli vant piyodalar koʻprigi qurilgan. Koʻprik „Oʻzbekiston temir yoʻllari“ AJ tarkibidagi „General Aviation Fuel Supplies“ XK MChJ tomonidan qurilgan va „Navroʻz bogʻi“ MChJga oʻtkazib berilgan[9]

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 „Toshkentda yangi "Navro‘z bog‘i" ochildi“. Toshkent: sputniknews.uz. Sputnik (2019-yil 5-sentyabr). Qaraldi: 26-aprel 2024-yil.
  2. 2,0 2,1 „Toshkentdagi «Navro‘z» istirohat bog‘i yil oxirigacha foydalanishga topshiriladi“. Kun.uz. Web Expert (2019-yil 6-fevral). Qaraldi: 26-aprel 2024-yil.
  3. „Парк «Навруз» в Ташкенте“ (ru). tonkosti.ru. Qaraldi: 26-aprel 2024-yil.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 „Открытие парка «Навруз» — путешествие по Узбекистану в миниатюре“. Afisha.uz. Afisha Media (2019-yil 5-sentyabr). Qaraldi: 26-aprel 2024-yil.
  5. 5,0 5,1 5,2 „Постановление Президента Республики Узбекистан “О мерах по реализации проекта «Строительство парка «Навруз» в городе Ташкенте”“ (ru). norma.uz. Qaraldi: 26-aprel 2024-yil.
  6. „Toshkentda “Navro‘z” bog‘i quriladi“. Interfax.uz. Interfax (2017-yil 9-avgust). Qaraldi: 26-aprel 2024-yil.
  7. 7,0 7,1 7,2 7,3 7,4 „Парк Навруз — 2017г.“ (ru). shaharsozlik.uz. Toshkent: "OʻzshaharsozlikLITI" DUK. Qaraldi: 26-aprel 2024-yil.
  8. „"NAVRO`Z BOG`I" mas`uliyati cheklangan jamiyati“. orginfo.uz. Qaraldi: 26-aprel 2024-yil.
  9. „Toshkent shahridagi “Navro‘z” bog‘ini barpo etish loyihasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi PQ-3576-sonli prezident qarori“. lex.uz. Toshkent: Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (2018-yil 1-mart). Qaraldi: 26-aprel 2024-yil.